Navoiy viloyatida daryodan jasad topildi 

Jamiyat 16:27 / 16.07.2020 10037

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra 2020 yil 15 iyul kuni taxminan soat 10:30lar atrofida Karmana tumani «Kattamachit» MFYda joylashgan Navoiy IESga qarashli suv o‘tqazish to‘g‘oni oldida «Zarafshon» daryosi ichidan taxminan yoshi 40-45 lardagi, erkak jinsidagi noma'lum shaxs murdasi borligi aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu murda 1975 yilda tug‘ilgan Samarqand viloyati Paxtachi tumani «Dabusiya» mahallasida yashovchi T.Yga tegishli ekanligi ma'lum bo‘lgan.
 
Navoiy viloyat IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida T.Y qotillik natijasida o‘ldirilib, so‘ng daryoga tashlab yuborilgani aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yilning 12 iyul kuni soat taxminan 20:00larda, fuqaro O.D Karmana tuman «Ko‘hna-qo‘rg‘on» MFY, Usta Shirin ko‘chasida joylashgan o‘ziga tegishli uyda qaynisi F.P hamda qizi M.G hamda H.R. bilan birgalikda oldindan jinoiy til biriktirib, T.Y bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilikdan foydalanib janjal boshlashadi. Janjal davomida H.R va F.P, T.Y.ning tanasining turli qismlariga yog‘och bo‘lagi bilan urib, tan jarohati yetkazishadi. So‘ng, H.R, T.Yning bo‘yin qismidan oyog‘i bilan bosib, uni hushsiz holatga keltiradi. Oqibatda T.Y olgan jarohatlari tufayli vafot etadi. Kech soat 01:00 larda T.Yning o‘lganini bilgan zo‘ravonlar uning jasadini eshak aravaga ortib, «Zarafshon» daryosining «Ko‘hna-qo‘rg‘on» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismiga oqizib yuboradi.

«Mazkur qotillik hech bir fuqaroni befarq qoldirmasligi kerak. Respublikamizda davom etayotgan epidemik vaziyatda bu kabi murosasizlik kimningdir hayotdan ko‘z yumishi bilan yakun topishi juda ayanchli va tashvishli holat. Yuqoridagi kabi holatlarga sabab bo‘layotgan arzimagan tortishuv va kelishmovchiliklarga barham berish lozim, chunki inson hayotga bir marotaba keladi. Uni xayrli amalllar bilan o‘tkazish ham, jinoyat yo‘liga kirib o‘zini badnom qilish ham uning o‘ziga bog‘liq. Viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv xodimlarining aniq va tezkorligi sabab mazkur jinoyat ochildi. Aybdorlar qonunda belgilangan tartibda albatta jazosini oladi», deydi holat yuzasidan fikr bildirgan Navoiy viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik I.Tillayev.

Ko‘proq yangiliklar: