Nashr etilgan maqolalar va undan keltirilgan iqtiboslar soniga asoslanuvchi «Hirsh indeksi»ga erishgan yosh olimlarga 100 mln so‘m miqdorida mukofot beriladi. Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev AOKAda o‘tkazilgan brifingda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2020 yil yakuni bo‘yicha Scopus xalqaro ilmiy ma'lumotlar bazasi bo‘yicha eng yuqori «Hirsh indeksi»ga erishgan 40 yoshgacha bo‘lgan olimlarga Yoshlar akademiyasining Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir martalik to‘lanadigan 100 mln so‘m miqdorida mukofot beriladi.
«Scopus – dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahliliy reyting platformalaridan biri bo‘lib, ilmiy maqolalar mualliflari, olimlar, jurnallar, tashkilotlar, mamlakatlar reytinglarini tuzish imkonini beradi. Undan o‘rin olish uchun talab etiladigani – ilmiy maqola yozish. Reytingda o‘sish uchun mazkur ilmiy maqolaga havola berilishi, olimlar o‘z ma'ruzalarida uni tilga olishlari kerak. Bu qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Maqolaga havola berilishi uning ilmiy hamjamiyat uchun haqiqatda muhim ekanini bildiradi.
«Xirsh indeksi» 2005 yilda amerikalik olim Xorxe Hirsh tomonidan olimlarning ilmiy faoliyati natijadorligini hisoblash uchun taklif etilgan ko‘rsatkichdir. Mazkur indeks olim, ilmiy tashkilot yoki mamlakatning nashr etilgan maqolalari va unga ko‘rsatilgan iqtiboslar soniga asoslanadi. Indeksni hisoblashda tadqiqotchining ilmiy maqolalarini har bir maqola bo‘yicha iqtiboslarga taqsimlash asosida hisoblanadi. Masalan, olimning 10ta maqolasiga har biriga 10 martadan iqtibos keltirilsa, uning «Hirsh indeksi» 10ga teng. Agar u 100ta maqola chop etgan bo‘lsayu, har bir maqolaga faqat 1 marta iqtibos keltirilgan bo‘lsa, unda uning Hirsh indeksi 1ga teng bo‘ladi», deya To‘ychiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston olimlarining Scopus jurnallarida chop etiluvchi maqolalariga o‘rta hisobda 9-11 marta havola beriladi.
«O‘zbekiston olimlari tomonidan xalqaro miqyosda ilmiy tadqiqot natijalarining nashr etilishi 2019 yilda 1488tani tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 1214tani ko‘rsatmoqda», dedi vazir o‘rinbosari.