«4 yillik tarix». Turkiyada 15 iyul voqealari tafsilotlari

Jahon 23:31 / 16.07.2020 15454
  • 2016 yil 15 iyul kuni Turkiya harbiy-havo kuchlarining bir guruh askar va ofitserlari davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinish qilgan. Asosiy voqealar Istanbul va Anqara shaharlarida yuz bergan. 251 kishi halok bo‘lgan. 2 mingdan ortiq kishi yaralangan. To‘ntarish tashkilotchisi sifatida siyosatchi va diniy rahnamo Fathulloh Gulen gumon qilinadi. Gulen 1999 yildan buyon AQShda yashagan. Ushbu voqealardan keyin 50 ming kishi hibsga olingan. Davlat muassasalari 140 ming kishini ishdan chetlashtirgan.

Xo‘sh, 15 iyul kuni Turkiyada nimalar ro‘y bergandi? Quyida voqealar rivojining xronologik tartibi beriladi.

Soat 16:16. Turkiya aviatsiya qo‘mondonligi xodimi MIT (Milliy havfszilik xizmati)ga kelib, maslahatchi Hakan Fidanni olib ketish uchun FeTO’ga a'zo askarlar tomonidan hujum uyushtirilishini bildirdi. Fidan Bosh shtabning 2-bosh rahbari general Yashar Gulerga qo‘ng‘iroq qildi va bu haqda xabar berdi.

Soat 17:32. Hakan Fidan tomonidan Bosh ofisga yuborilgan maslahatchi o‘rinbosari Bosh shtab boshlig‘i general Yashar Gulerga vaziyat bo‘yicha ma'lumot berdi.

General Guler Bosh shtab boshlig‘i general Hulusi Akarga batafsil holat bo‘yicha ma'lumot berdi va MIT maslahatchisi Hakan Fidanni shtabga taklif qildi.

Soat 18:10. Hakan Fidan Bosh ofisga borib, qo‘mondonlik doirasi bilan ko‘rishdi va berilayotgan xabar katta rejaning bir qismi bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Soat 18:30. Hulusi Akar TSK (Turkiya qurolli kuchlari) operatsiya markaziga qo‘ng‘iroq qilib, havodagi kemalarni tushirishni buyurdi.

Soat 19:26. Hakan Fidan Marmarisda bo‘lib turgan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qiladi, ammo u bilan bog‘lana olmagach, mudofaa direktori bilan xabarlashadi. U prezidentning xavfsizligi bilan bog‘liq biror muammo mavjud yoki mavjud emasligi, qo‘shimcha xavfsizlik choralariga ehtiyoj bor-yo‘qligini so‘raydi.

Soat 20:22. Hakan Fidan markaziy ofisni tark etdi.

Soat 20:23. Asosiy jyet baza qo‘mondonligiga to‘plangan maxsus kuchlarga qarashli 33 nafar zobit qarorgohga qarab harakatlana boshlaydi.

Soat 20:46. To‘ntarish soat 03:00da boshlanishi sababli bosh qarorgohni erta tark etgan Bosh shtab strategiyasi bo‘limi boshlig‘i general-mayor Mehmet Dishli maxsus avtomashinasi bilan ortga qaytadi.

Soat 21:00. General-mayor Mehmet Dishli Bosh shtab boshlig‘i general Hulusi Akarning xonasiga kirib, unga «Qo‘mondonim, operatsiyasi boshlanyapti, biz hamma joyni olamiz, batalonlar, brigadalar yo‘lga chiqdi, birozdan keyin ko‘rasiz», deya to‘ntarish haqida gapiradi. Hulusi Akar bunga javoban ushbu tashabbusni hech qanday yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlamasligini bildiradi. Dishli xonadan chiqib, shay turgan guruhga qo‘mondonga bo‘ysunmaslik haqida buyruq beradi.

Soat 22:05. Davlat to‘ntarishiga kirishgan askarlar nazorati ostidagi samolyotlar Anqara bo‘ylab pastlab ucha boshladi.

Soat 22:10. Ko‘prikni nazorat ostiga olish uchun Kuleli Harbiy Litseyi qo‘mondonligidan harakat boshlagan FeTO a'zolari qo‘mondonligidagi harbiy qism Bo‘g‘oz ko‘prigini bir tomonlama harakatlanish uchun yopib qo‘ydi.

(FOTO: DepoPhotos)

Soat 22:30. Barcha xavfsizlik xodimlari zudlik bilan Bosh xavfsizlik boshqarmasi tomonidan xizmatga chaqiriladi.

Soat 22:35. Otaturk aeroportiga tanklar bilan kelgan askarlar nazorat minorasiga kirishdi.

Soat 23:10. Bosh vazir Binoli Yildirim voqeani «fitna» deb ta'riflab, «Turkiya armiyasidagi bir guruh davlat to‘ntarishiga urinmoqda», deb aytdi.

Soat 23:25. To‘natarishchilarning ijtimoiy axborot vositalariga kirishi taqiqlab qo‘yildi, ammo ko‘p o‘tmay bu taqiq olib tashlandi.

Soat 23:37. Bosh shtabning 2-bosh rahbari general Yashar Guler fitnachi Jyemil Turhan va ikki maxsus xizmat xodimlari tomonidan qo‘llari bog‘langan holda Xalil Gul bilan vertolyotda Akinchi bazasiga jo‘natildi.

(FOTO: DepoPhotos)

Soat 23:44. WhatsApp’dagi «Yurtda tinchlik» nomli guruhdan «Istanbul moda dengiz klubiga kirishimiz kerak, generallar bor, kutilmoqda», degan xabar tarqatildi.

Soat 23:45. To‘ntarishga uringan guruh Turkiya qurolli kuchlarining akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar bilan aloqa o‘rnatishda foydalanilgan elektron pochtasi orqali «Hammasi nazoratga olindi» degan xabar yubordi.

Soat 23:50. Anqaraning to‘rt tomonidan kuchli portlash ovozlari yangradi. Davlat to‘ntarish tashabbusiga qarshilik bildirish maqsadida fuqarolar ko‘chalarga chiqa boshladilar.

Soat 00:04. Prezident ilk ochiqlamasini e'lon qila boshladi.

Soat 00:15. Isyonchi askarlar TRT (Turkiya radio va televizion korporatsiyasi) binosiga bostirib kirdi va axborot suxandoni Tijyen Karashga Tinchlik Kengashi nomidan berilgan soxta bayonot majburan o‘qitildi.

Soat 00:33. Akinchi bazasidan ikkita F-16 uchuvchisi ruxsatsiz parvozni amalga oshirdi.

Soat 01:00. Kuchukchekmejye Bosh prokuraturasi tomonidan davlat to‘ntarishini amalga oshirgan shaxslarni hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Soat 01:10. Sikorskiy tipidagi harbiy vertolyot TURKSAT yo‘ldosh stansiyasiga zarba berdi.

Soat 01:13. Diyorbakirdan kelgan maxsus kuchlar guruh qo‘mondoni Semih Terzining samolyotlari Etimesgut aeroportiga qo‘ndi. Maxsus kuchlarni egallashga uringan Terzi bosh serjant O‘mer Halisdemir tomonidan otib tashlandi. Isyonchilar tomonidan o‘ldirilgan Halisdemir o‘zining bu harakati bilan to‘ntarish tashabbusining taqdirini o‘zgartirib yubordi.

Soat 01:21. Ichki ishlar vaziri Efkan Ala Turkiya Bosh shtab-kvartirasi, Turkiya qurolli kuchlari va politsiya mamlakatdagi to‘ntarish tashabbusiga aralashganligini ma'lum qildi va to‘ntarishni rejalashtirganlarni «to‘da» deb atadi.

Soat 01:40. Bo‘g‘oz ko‘prigi orqali o‘tishga uringan namoyishchilar ustidan o‘q yog‘dirildi, to‘ntarishga uringanlarga qarshilik ko‘rsatish uchun odamlar masjid karnaylari orqali ko‘chaga chiqishga da'vat etildi.

Soat 02:21. Anqara politsiya bo‘limida halokatga uchragan harbiy vertolyot kamida 17 nafar politsiya xodimining shahid bo‘lishiga olib keldi.

Soat 02:25. Istanbulning Taqsim maydonida joylashtirilgan bir guruh askarlar tobora ko‘payib borayotgan odamlarni tarqatish uchun havoga qarata o‘q uzdi.

Soat 02:50. F-16 va harbiy vertolyotlar parlament binosiga zarba berishni boshladi. Parlament ostonasiga to‘rtta bomba tashlandi. Deputatlar va matbuot vakillari parlament binosidagi bunkerga kirib jon saqlashdi.

Soat 03:00. TRT yana efirlarini boshladi. TRT shtab binosini egallab olmoqchi bo‘lgan isyonchi harbiylar qo‘lga olindi.

Soat 03:14. TURSAT Ko‘lboshi kampusi isyonchilar tomonidan bombardimon qilindi. Talabalar shaharchasiga to‘rtta MK-82 bombasi tashlandi.

Soat 03:20. To‘ntarishchilar nazorati ostidagi harbiy samolyotlar Istanbulda pastlab ucha boshladi.

Soat 03:30. To‘ntarish askarlari Do‘g‘an media markazini bosdi va SNN Turk telekanalining ko‘rsatuvlarini to‘xtatib qo‘ydi.

Soat 04:00. Prezident Erdo‘g‘an harbiy samolyotlardan yashirinish maqsadida yo‘lovchi samolyotida Istanbulga keldi.

Soat 04:07. Erdo‘g‘an Otaturk aeroportida uni kutib olgan xalqqa: «Bu qo‘zg‘olon, bu xiyonat, Vatanga xiyonat harakatidir. Buning badalini juda og‘ir shaklda to‘laydilar», dedi.

Soat 05:00. Bakirko‘y Bosh prokuraturasi davlat to‘ntarishini rejalashtirganlar va to‘ntarishga urinishda qatnashganlarga qarshi tergov boshladi. Anqara Bosh prokuraturasi ko‘plab odamlarni hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Soat 06:26. Prezident majmuasi atrofidan tutun ko‘tarila boshladi.

Soat 06:42. Bo‘g‘oz ko‘prigi ustida barrikadalar o‘rnatgan to‘ntarishchi askarlar taslim bo‘lishdi.

Soat 07:52. Bosh shtab-kvartirasidan chiqqan tank barrikada o‘rnatgan yuk mashinalarini o‘qqa tutdi.

Soat 11:01. Bosh shtab boshlig‘ining o‘rinbosari general Umid Dundar «Prezidentimiz, Bosh vazirimiz, vazirlarimiz va parlamentimiz Turkiya qurolli kuchlari bilan birdamlikda demokratiya va qonun muhofazasi yo‘lida to‘ntarishning oldini olishdi», dedi.

Ko‘proq yangiliklar: