Yana Past Darg‘om va yana fermer murojaati. Sayyor sudlar – hokimlar topshirig‘i ijrosi uchun hozir-u nozirmi?

Jamiyat 09:01 / 14.07.2020 38795

Ha, yuqoridagi gaplar bugungi kunda bot-bot quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘pi fermer xo‘jaliklaridan. Ularning arzi-dodi bitta: hokim yerimni noqonuniy tortib oldi.

Shunday murojaatlardan biri Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumani «Do‘stlik» fermer xo‘jaligidan kelib tushdi.

Unda aytilishicha, fermer xo‘jaligi raisi dafn etilganidan so‘ng, tuprog‘i sovishga ulgurmay, sayyor sud majlisida «Do‘stlik» f/x yerlarini tuman zaxirasiga qaytarish bo‘yicha tuman hokimligi qarori ma'qullangan.

Ish hujjatlarini o‘rganish chog‘imizda, sudya fermer xo‘jaligi vakillarining ixtiyoridagi hujjatlarni jiddiy o‘rganib ham chiqmagan, qanday bo‘lmasin hokimning da'vo arizasini qanoatlantirish maqsadida yondashgan, degan xulosaga kelish mumkin.

Ma'lumot uchun, «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda jami 247,6 gektar yer maydoniga ega. Shundan 100 gektari – sug‘oriladigan yerlar. Haydaladigan lalmi yer 70 gektarni tashkil etadi. 83 gektar yaylov. Qolgani ariqlar, yo‘llar, zovurlar, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari sirasiga kiradi.

Dastavval «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi raisining merosxo‘r farzandlariga quloq tutamiz. Nega merosxo‘rlariga, degan savol tug‘iladi. Buning sababini ham ularning o‘zlari tushuntirib berishdi.

Hissiyotli mavzu haqida hislarga berilmasdan, xat-hujjatlar va sud qarori asosida, tomonlarning fikrlaridan kelib chiqqan holda so‘z yuritishga harakat qilamiz.

Uchqun Abduvaliyev – marhum fermer Shodiqul Abduvaliyevning katta o‘g‘li

«1993 yilda bu yerlar o‘zlashtirilmagan, harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan poligon hududlari edi. Keyin, otam rahbarligida qarindosh-urug‘, bola-chaqa birlashib, o‘zlashtirdik, yerni-yer qildik», – deydi marhum fermer Shodiqul Abduvaliyevning katta o‘g‘li Uchqun Abduvaliyev.

Uning aytishicha, shu yil 15 aprelda yurak xurujidan vafot etgan otasini dafn qilganlaridan 5-6 kun o‘tar-o‘tmas, hokimlik binosida sayyor sud tashkil etilgan. Unda noqonuniy da'volar ilgari surilgan, tuman sudi esa, hokimlikning da'vosini qanoatlantirish yuzasidan qaror chiqargan.

Fermerning ikkinchi o‘g‘li ham tuman hokimligi da'vo arizasida ko‘rsatilgan iddaolar asossiz ekanini ta'kidladi.

Jasurbek Abduvaliyev – marhum fermerning kichik o‘g‘li

«Hokimlikning sudga kiritgan arizasida «Do‘stlik» f/x paxta-g‘alla rejasini bajarmagani aytiladi. G‘allani, paxtani o‘z vaqtida ekib, mahalliy o‘g‘itlar va boshqa ishlovlarini qilamiz, ammo maxsus texnikalar bilan kelib, ariqni bekitib ketadi. «Nega bekityapsizlar», desak, «hokim aytdi» deyishadi.

Bu so‘zlarimizni isbotlaydigan rasmlar, videolar bor. Bizga 2019 yildan rejani bajara olmasligimiz uchun sun'iy to‘sqinliklar qilib kelindi», – dedi fermerning kichik o‘g‘li Jasurbek Abduvaliyev.

Tuman hokimligi fermer xo‘jaligi balansida bo‘lgan sug‘oriladigan, qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan yerlarni issiqxona, parranda fermasi qurish uchun tadbirkorlarga berish to‘g‘risida qaror chiqargan.

«Ikki-uch yildan beri ikki-uch fuqaro qaror ko‘tarib keladi: hokim bu yerni bizga ajratib berdi, deb. Issiqxona qurarkan, tovuqxona qurarkan. Tinchlik yo‘q-da», – deya kuyunadi fermerning farzandi.

Uning bildirishicha, yerning ball boniteti inobatga olinmasdan, 44 bonitetlik yerlarga gektariga 17 sentner paxta rejasi qo‘yish o‘rniga 28 sentner qo‘yilgan. G‘alla rejasida ham shunday adolatsizliklar bor: gektaridan 22 sentner o‘rniga 31 sentner reja qo‘yilgan. Biroq fermer oilasi shunga ham rozi.

«Mayli, biz shunga ham rozimiz. Ishlasak, agrotexnik tadbirlarni bajarsak, kuchimiz yetadi. Texnikalarim yetarli. Faqat sun'iy to‘siq qo‘yilmasa bo‘ldi. O‘g‘itimni vaqtida olsam, suvni vaqtida olsam, bajarsa bo‘ladi», – deydi J. Abduvaliyev biz bilan suhbatda.

Murojaatni o‘rganish chog‘ida marhum fermerning turmush o‘rtog‘i ham aytar so‘zlari borligini bildirar ekan, mikrofonimizni unga tutdik.

Uning aytishicha, 1950 yilda dunyoga kelgan Shodiqul Abduvaliyev yoshligidan dalada o‘sgan, suvchi, brigadirlikdan kolxoz raisligigacha bo‘lgan mehnat pillapoyalarini bosib o‘tgan. Mustaqillikning ilk yillaridan fermer xo‘jaligini yuritib kelgan. Biroq tumanga yangi hokim kelgach, uning ishlari orqaga keta boshlagan. Turli bosimlar o‘tkazib kelingan.

Istadpo‘lot Norqulova – Shodiqul Abduvaliyevning xotini

«10 aprel kuni tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev qabuliga borgach, bir ahvolda keldilar. Xudoyberdiyev yerni olib qo‘yishini aytib, qattiq bosim o‘tkazgani, haqorat qilganini kechqurun menga so‘zlab berib, siqilganidan mazasi bo‘lmadi. 11 aprelda Samarqand shahridagi shifoxonaga olib bordik. Lekin 14 aprelda dunyodan o‘tdi.

Shuncha mehnatini hokim qadrlamadi. Nahotki, yoshligidan tuproqni yalab o‘tgan insonni shunchalik xo‘rlash mumkin bo‘lsa? Pastdarg‘omda yerlar ko‘p, o‘zlashtirilmagan yerlarni bersin o‘sha odamiga! Mehnati singgan insonni kamsitish kerakmi?» – deydi marhum fermerning turmush o‘rtog‘i Istadpo‘lot xola Norqulova.

Albatta, bular hissiyotlar ustidagi gap bo‘lishi ham mumkin. Chunki ikkinchi tomon hech qachon bu ayblovlarni tan olmaydi. Buni isbotlashning ham imkoni yo‘q. Hokim bilan bo‘lib o‘tgan suhbat tafsilotlarini fermer o‘zi bilan qabriga olib ketdi.

Gap shundaki, fermer xo‘jaligi raisi Shodiqul Abduvaliyev (marhum) shu yilning 10 aprelida tuman hokimi bilan uchrashgach, uyiga kelib, mazasi bo‘lmaydi, Samarqand shahardagi shifoxonaga olib boriladi, 14 aprel kuni yurak xurujidan vafot etadi. 15 aprelda marhum fermer dafn qilingan bo‘lsa, oradan 6 kun o‘tib, ushbu fermer xo‘jaligi yerlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish bo‘yicha tuman hokimligining da'vo arizasi sudda ko‘rib chiqiladi.

Buni ham marhum Shodraisning (Shodiqul Abduvaliyev tumanda shu nom bilan tanilgan edi) singlisi Lola Hamidova tuman markaziga borganida tasodifan bilib qolgan. Mavzudan uzoqlashmagan holda tuman iqtisodiy sudida fermerning ishonchli vakili bo‘lgan Lola Hamidovani so‘zga tutamiz.

Lola Hamidova – Shodiqul Abduvaliyevning singlisi

Lola opaning bildirishicha, u o‘z ishlari bilan 21 aprel kuni tuman hokimligiga jiyani Abduvaliyev Uchqun bilan birga borgan. Hokimlikdan Olim Qaysarov chiqib: «Lola, akangni sud qilishyapti», deya ma'lum qilgan. Bu vaqtda, ya'ni marhum fermer Shodiqul Abduvaliyev dafn etilganidan bir necha kun o‘tgach, hokimlik binosida uning raisligidagi fermer xo‘jaligi ustidan kiritilgan da'vo arizasi sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilayotgan edi.

Sudda fermer xo‘jaligining ishonchli vakili sifatida L.Hamidova ishtirok etgan.

«O‘sha kuni «bizga vaqt beringlar, advokat olaylik, e'tiroz bildirishga ish hujjatlaridan tanishish uchun nusxa beringlar», dedim. Bermadi, sud 27 aprelga qoldirildi», – deydi L.Hamidova.

Oradan ikki kun o‘tgach, 23 aprelda L.Hamidova Go‘zalkent iqtisodiy sudiga borgan va sudyadan ish hujjatlaridan nusxani so‘ragan, ammo hokimlik vakili yo‘qligi vaj qilinib taqdim etilmagan, aksincha, sud hujjatlari 27 aprel kuni berilishini aytgan. Qolaversa, sudya hokimiyat bilan kelishib ishlashni tavsiya qilgan.

«Sudya hokim bilan kelishib ishlashim kerakligini aytdi. Qanday kelishaman, tuman hokimi bilan kun davomida ham uchrashib bo‘lmasa? Hokimlik binosi panjaralab tashlangan bo‘lsa, darvoza oldida turgan ichki ishlar xodimi hech kimni kiritmasa», – deydi Lola Hamidova Past Darg‘om tuman hokimligi faoliyati xususida fikrlarini bildirar ekan.

Xullas, 27 aprelda sud majlisi bo‘lib o‘tgan va fermer xo‘jaligining ishonchli vakili Lola Hamidova so‘zlarini, ish hujjatlari, tuman kengashi qaroriga asos bo‘lgan hujjatlarga e'tirozlarini inobatga olmagan holda «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi yerlarini tuman hokimligi zaxirasiga olish bo‘yicha hokimlik qarorini tasdiqlagan.

Biz izoh olish uchun Pastdarg‘om tuman hokimligiga bordik, biroq ilk kuni barcha rahbarlar «g‘alla o‘rim-terimi»da ekani bois, jo‘yali tushuntirishlar ololmadik. Ikkinchi kuni maxsus muxbirimiz «Do‘stlik» fermer xo‘jaligiga chiqqan holda mutasaddilar bilan uchrashdi va ularning javoblarini tingladi.

Ta'kidlash kerak, sud qarorida qayd etilgan raqamlar va kengash qaroriga asos bo‘lgan boshqa hujjatlardagi kamchiliklar, noto‘g‘ri ma'lumotlarni izohlay olishmadi.

Shu bois, endi bevosita Xalq deputatlari tuman kengashining fermer xo‘jaligiga qarashli yerlarni tuman hokimligi zaxirasiga olinishiga va Pastdarg‘om tumani iqtisodiy sudi sudyasi O. Abjalovning hal qiluv qaroriga asos bo‘lgan hujjatlarni Shodiqul Abduvaliyev merosxo‘rlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar bilan taqqoslaylik.

Qonunchilikka binoan biror fermer xo‘jaligi yerlarini tuman zaxirasiga olish fermer xo‘jaligi raisining arizasi yoxud sud qarori bilan amalga oshiriladi. Fermer arizasi bo‘lmagan taqdirda, tuman kengashining majlisiga tuman ishchi guruhining dalolatnomasi va boshqa qator hujjatlar taqdim etiladi.

Tumandagi fermer xo‘jaliklari yer maydonlaridan samarali, belgilangan maqsadlarda, qonuniy foydalanishi holatlarini o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruh dalolatnomasi va undagi dalillarga «Do‘stlik» fermer xo‘jaligining qarshi dalillari

A) 2020 yil 13 yanvarda tuzilgan Dalolatnomada «Do‘stlik» fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 368,6 gektarni tashkil etishi qayd etilgan. Shundan 150,9 ga sug‘orilib, haydaladigan, 87 ga lalmi, 7,8 ga bog‘zor, 1,2 ga uzumzor, 67,9 ga yaylov, 2.6 ga meliorativ, 1,9 ga terakzor, 12,9 ga ariq, 5,4 ga yo‘l, 2,6 ga qurilish osti, 28,4 ga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlar ekani qayd etilgan.

Xuddi shu raqamlar Past Darg‘om tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassislarining 2020 yil ayni sana, ya'ni 13 yanvardagi Xulosasida hamda Past Darg‘om tuman hokimligi huzuridagi Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Komissiyasining xuddi shu sana bilan taqdim etilgan Xulosasida ham keltirilgan.

Fermer xo‘jaligining ixtiyoridagi tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan 2018 yil 28 may sanasi bilan berilgan va sanasi ko‘rsatilmagan Ma'lumotnomalarda qayd etilishicha, 2018 yil 28 aprelda «Do‘stlik» f/x yer maydonlarining monitoringi o‘tkazilganda umumiy yer maydoni 247,6 gektar, sug‘orib haydaladigan yer maydoni hisobot bo‘yicha 94,0 gektar, haqiqatda 54,3 ga g‘alla, 66,3 ga paxta ekilgani aniqlangan. «Do‘stlik-Charxin» fermer xo‘jaligida 15,0 ga g‘alla, 18,7 ga paxta maydoni mavjudligi aniqlangan. «Do‘stlik» f/x yer maydonlarida qayta o‘lchov ishlari olib borilganida quyidagilar aniqlangan: «Do‘stlik» f/x 1313-1315-1317 konturlardan jami 15 ga yer maydoni tuman hokimining 2018 yil 17 fevraldagi №1490-q sonli qaroriga asosan zaxiraga qaytarilgan. 12,0 ga bog‘zor, 2,0 ga terakzor, 6,0 ga ekin ekish imkoniyati bo‘lmagan yer maydonlari mavjudligi aniqlangan.

Garchi xulosalar va Dalolatnoma 2020 yilda tayyorlangan bo‘lsa-da, ularda nima uchun tuman hokimining 2009 yil 24 oktyabrdagi №2386 sonli qarori bilan jami 368,6 ga yer maydoni ijaraga berilgani qayd etilganiga doir savolimizni tuman mutasaddilari izohlay olishmadi.

Chunki fermer xo‘jaligining ayrim yerlarini zaxiraga olish bo‘yicha tuman hokimining 2015 yil 29 iyuldagi 988-sonli, 2015 yil 17 noyabrdagi №1644-sonli, 2018 yil 17 apreldagi №1490-sonli qarorlari kiritilmagan va shu bilan Xalq deputatlari tuman kengashi hamda sud e'tibori chalg‘itilgan.

B) Yuqoridagi Dalolatnoma va Xulosalarda fermer xo‘jaligining 2019 yilgi paxta va g‘alla rejalariga doir ma'lumotlar ham keltirilgan. Unga ko‘ra, 43,2 ga yerga paxta ekilgan bo‘lib, davlatga sotish rejasi 111,4 tonna bo‘lgani holda 82,7 tonna (78,3 foiz)ga bajargani, 2020 yil g‘allasi uchun 50 ga yer belgilangan bo‘lib, g‘allani kech ekish oqibatida 9 ga maydondagi g‘alla unib chiqmagani ta'kidlangan.

Endi ushbu dalillarga fermer xo‘jaligining aksil dalillarini keltiramiz. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi rahbari Sh. Abduvaliyevga 2019 yil 5 dekabrda taqdim etilgan 13.6-19-12-50-son xatida fermer xo‘jaligining yer maydonlari boniteti va davlat rejasiga doir raqamlar keltirilgan:

«Sizning fermer xo‘jaligingizga taalluqli yer maydonlarining o‘rtacha ball boniteti 44,3 ni tashkil etishi aniqlandi. 2019 yil hosili uchun 45 ga g‘o‘za, 50 ga boshoqli don ekilishi belgilangan bo‘lib, hosildorlik g‘o‘za maydonlari uchun 28 sentner va boshoqli don uchun 34,2 gektar etib belgilangan.

...Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 18 avgustdagi «Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining normativ qiymatini aniqlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 235-sonli qarorining ... 2-ilovasida tuproqning bir bonitet baliga nisbatan normativ hosildorligi g‘o‘za uchun 0,4 sentner va boshoqli don ekinlari uchun 0,6 sentnerni tashkil etishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga binoan, «Do‘stlik» f/x.ning 2019 yil hosili uchun ekilgan g‘o‘za maydonlarining hosildorligi gektariga 17,72 ts va boshoqli don ekinlarining hosildorligi 26,58 ts.ni tashkil etishi lozim edi.

Ushbu nizomning 4-ilovasida ... mintaqaviy koeffitsiyentlar jadvali bo‘yicha Pastdarg‘om tumaniga 1,2 mintaqaviy koeffitsiyent qo‘llaniladi».

Yuqoridagi ma'lumotlarni Past Darg‘om tuman prokuraturasi tomonidan 2020 yil 4 iyun sanasi bilan marhum fermerning rafiqasi I. Norqulovaga yuborilgan javobdagi raqamlar yanada to‘ldiradi:

«Do‘stlik» fermer xo‘jaligini tuman ball bonitet kartasidan hosildorlik darajasi ko‘rilganida, ushbu yer maydonlari 42 ball bonitetdan 45, 45,7 ball bonitetgacha ekanligi aniqlandi», – deyiladi prokuratura axborotida.

Shu o‘rinda, fermer xo‘jaligi 2019 yilgi paxta rejasini bajarganmi yoki yo‘q, degan savolga yer boniteti bo‘yicha javob izlaymiz. Buning uchun elektron hisoblagichda kerakli raqamlar va ishoralarni bosish kifoya.

Demak, tuman hokimligi 43,2 ga yerga paxta ekilgan va undan 111,4 t (1114 sentner) paxta topshirishi kerak edi, demoqda. Bonitet bo‘yicha hisoblasak, aslida, fermer xo‘jaligi 45 ga * 17,72 ts = 797,4 ts (79,74 t) paxta topshirishi kerak edi. Mintaqa uchun 1,2 koeffitsiyentga ko‘paytirganimizda 956,88 ts (95,688 t) paxta hosili topshirishi kerak bo‘ladi. Amalda, fermer 82,7 t paxta topshirgan va salkam 13 tonna (12,988) kam topshirgan. Bu rejaga nisbatan 89,22 foizni tashkil etganini ko‘rsatadi.

Buni xo‘jalik a'zolari sun'iy ravishda to‘siqlar bo‘lganida, paxtaga o‘z vaqtida suv qo‘yish imkoni bo‘lmagani, chunki hokimlikdan odam kelib, zovurni yopib ketgani bilan izohlamoqda.

Hokimlikning 2018 yilgi paxta sotish rejasini bajarmagan, degan da'vosiga, o‘sha yil qurg‘oqchilik kelgani, nafaqat «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi, balki respublikaning qurg‘oq kelgan boshqa hududlaridagi aksar fermerlar ham paxta rejasini bajara olmagani bilan izohlaydi.

2019 yilda g‘alla ekilgan maydonlarning 20 gektarida 70-80 foizini yovvoyi suli, raygras kabi o‘simliklar qoplagan.

Vaholanki, undan oldingi barcha yillarda g‘alla va paxta sotish rejalari 100 foizga bajarilgan.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Yuqoridagi hisob-kitobda shu narsa ko‘rindiki, tuman hokimligi fermer xo‘jaligi yer bonitetiga umuman to‘g‘ri kelmaydigan hosilni talab qilib kelgan. Masalan, 2019 yili paxta sotish rejasi 95,68 t (ana keling, 96 tonna) belgilanishi o‘rniga 111,4 t, salkam 16 t ko‘p reja qo‘yilgan. Boshoqli don ekinlari rejasi borasida ham shunday deyish mumkin. Yillar davomida me'yordan sezilarli darajada ko‘p mahsulot topshirish fermer xo‘jaligi a'zolarining hafsalasini pir qilmaydimi?

Endi hokimlik hujjatlarida aks etgan soliqdan qarzdorlik, yer maydonlarida har biri 10 sotixdan 2ta uy-joy qurib olgani, ruxsatsiz makkajo‘xori ekilganiga doir ma'lumotlarga nisbatan fermer xo‘jaligi vakillarining aksildalillarini e'tiboringizga havola qilamiz.

Hokimlikning Kengash qarorini chiqarishda ham, iqtisodiy sudga kiritgan arizasida ham asosiy chalg‘ituvchi vaji – fermer xo‘jaligi yer maydonlarida ruxsatsiz, noqonuniy ravishda, o‘zboshimchalik bilan har birining maydoni 10 sotixdan bo‘lgan 2ta bino qurilgani haqidagi asossiz va yolg‘on ma'lumotidir.

Dalolatnoma va xulosalar, shuningdek, tuman hokimligining da'vo arizasida qayd etilgan 10 sotixdan ikkita uy-joy hujjatsiz noqonuniy qurilganiga javoban, fermer xo‘jaligi ikkita kadastr hujjatini taqdim etdi.

2011 yil 6 mart sanasida olingan kadastr hujjatlari dala shiyponlari fermer xo‘jaligi balansida bo‘lganini hamda dam olish oromgohi va ishchi-xizmatchilarning dam olish xonasi sifatida qayd etilganini ko‘rsatadi. Biz ushbu binolarni borib ko‘rganimizda, har bir xonasi alohida qurilgan, ularda mavsumiy ishchilar oilasi bilan vaqtincha istiqomat qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Atrofi o‘rab olinmagan, xonalar alohida barpo qilingan. Bir qarashda turarjoydan ko‘ra, dam olish uyiga, shiyponga ko‘proq o‘xshaydi.

Sudda marhum fermerning ishonchli vakili sifatida ishtirok etgan Lola Hamidovaning ta'kidlashicha, soliqdan qarzdorlik borasida sudda xolis o‘rganishlar olib borilmagan. Vaholanki, «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi yillar davomida ixtiyoridagi barcha yerlar uchun – xoh u sug‘oriladigan, lalmi yoki qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari bo‘lsin, bir xil stavkada, ya'ni sug‘oriladigan yer maydonlari sifatida soliq to‘lab kelgan.

Xullas, «Do‘stlik» fermer xo‘jaligi duch kelgan muammolar mana shular.

Afsuski, tuman iqtisodiy sudining hal qiluv qarori fermer xo‘jaligi bilan bog‘liq ishni ko‘z qiri bilan, mendan o‘tguncha, qabilida ko‘rib chiqqan, degan tasavvur uyg‘otadi kishida.

Chunki, agar aksi bo‘lganida, 2020 yil 27 apreldagi qaroridayoq, sudya Abjalov biz ko‘rgan hujjatlarni ham albatta, ko‘rib chiqqan, hal qiluv qarorida ular qayd qilingan bo‘lar edi.

Shu o‘rinda e'tiboringizni bir jihatga alohida qaratishni istar edik. Pastdarg‘om tumaniga Shunqor Xudayberdiyev hokim bo‘lib kelganidan buyon o‘tgan qisqa davr ichida juda ko‘plab fermerlarning tom ma'noda «uyi kuygan». Chunki u shu qisqagina davr ichida juda ko‘plab fermerlarning yerlarini optimallashtirish bahonasi bilan zaxiraga qaytarib olgan va masalan birgina fermer ixtiyoriga ming gektardan ortiq yerni taqdim etgan.

Oqibatda tumanda ishsizlar «armiyasi» safi bir necha yuz kishiga ortib, yana oilasini, issiq joyini tashlab, «Rossiya qaydasan», deya ish qidirib xorijga ketishga majbur bo‘lgan.

Biroq, hokim o‘z bilganidan qolmaydigan ko‘rinadi. Chunki tumanni qo‘yaturaylik, viloyat darajasida uning «mushugini pisht» deydigan odam hali topilganicha yo‘q.

O‘ylaymizki, mazkur maqoladan so‘ng, mutasaddi idoralar o‘z so‘zini aytadi va adolat qaror topishiga hissa qo‘shishadi.

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Muhammadjon G‘aniyev, Kun.uz operatori

P.S. Kun.uz tahririyati Samarqand viloyat iqtisodiy sudi fuqaroning apellyatsiya shikoyatini qaytarganlik vajini, Past Darg‘om tuman iqtisodiy sudining marhum fermerning singlisini ishonchli vakil sifatida olishi va apellyatsiya instansiyasida undan ishonchnoma talab qilinishi, tuman sudyasining qarori qanchalik xolis va adolatli bo‘lganini Oliy sud, Xalq deputatlari Past Darg‘om tuman kengashining qator yolg‘on ma'lumotlar asosida taqdim etilgan hujjat asosida qabul qilgan qarori yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan javob kutib qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: