Subsidiya asosida tashkil qilingan kooperativlarda kuzgacha 30 ming tonnadan ko‘p mahsulot yetishtirish rejalashtirilgan – vazirlik

Iqtisodiyot 18:37 / 14.07.2020 2335

Bugun, 14 iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Po‘latov bandlikni ta'minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Vazirlik rasmiysining ma'lumot berishicha, joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra,  respublika bo‘yicha 8,2 ming gektar yer maydonida 318ta kooperativlar tashkil etilgan. Ularga 15  ming nafar ishsiz, kam ta'minlangan va kambag‘al oila a'zolari biriktirilgan. Kooperativlarning ustav fondiga a'zolik ulushi sifatida 33,2 milliard so‘m subsidiya ajratilgan.

«Yil yakuniga qadar kooperativlarda 30,8 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 15,2 ming tonna poliz mahsulotlari, 678,8 tonna kartoshka, 377,1 tonna piyoz, 5,7 ming tonna pomidor va bodring, 15,4 tonna ko‘kat, 2,8 ming tonna dukkakli va boshqa mahsulotlar yetishtirilishi kutilmoqda», dedi Shuhrat Po‘latov.

Qayd etilishicha, ayni paytda Surxondaryo, Jizzax, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida tashkil etilgan kooperativlarda sabzavot va poliz mahsulotlari hosilini yig‘ishtirib, ichki va tashqi bozorlarda sotish boshlab yuborilgan.

Bundan tashqari, shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun 24 800 nafar kam ta'minlangan, ayniqsa, daromad manbayiga ega bo‘lmagan oilalarga yengil tipdagi issiqxona qurish, shaxsiy va dala tomorqasida ekishga urug‘lar va ko‘chatlar hamda sug‘orish vositalarini xarid qilish uchun 54,6 milliard so‘m subsidiya berilgan.  

«Yana 3 ming nafar tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz fuqarolarga davlat ro‘yxatidan o‘tish, kredit olishda sug‘urta polisi to‘lovi uchun 640,2 million so‘m subsidiya berildi», deya qo‘shimcha qildi Shuhrat Po‘latov.

Ko‘proq yangiliklar: