O‘rta Chirchiqda xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan kartoshka navlari mahalliylashtirilayotgani aytildi

Jamiyat 15:47 / 13.07.2020 2435

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida joriy yilda 2 ming gektardan 40437 tonna hosil olish mo‘ljallangan.

«Pandemiya sharoitida esa takroriy maydonlarga ekiladigan kartoshka uchun tezpishar urug‘lik talab etiladi. Buning uchun hozir fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘zidagi mavjud urug‘lardan foydalanayotgan bo‘lsa, urug‘likning qolgan qismi Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Gollandiya davlatlaridan olib kelinyapti.

Tabiiyki, bu yetishtirilayotgan kartoshka narxining qimmatlashishiga olib keladi. Shu bois tumanimizda “GS-BIO” mas'uliyati cheklangan jamiyati xorijdan keltirilayotgan kartoshkalarning yangi tezpishar navlarini yaratish bo‘yicha faoliyatini boshladi», deya O‘rtachirchiq tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Turg‘unovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

“GS-BIO” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bositxon Abdufattohovning ta'kidlashicha, Janubiy Koreyaning INVITRO biotexnologik innovatsion tizimi asosida shu kungacha chetdan olib kelinayotgan “Santo”, “Picasso”, “Navskiy” kartoshka navlarining urug‘lari mahalliylashtirildi. U 2020 yilda ana shunday usulda 5 million dona urug‘lik yetishtirish mo‘ljallanayotgani, 2021 yili 50 ming tonna, 2023 yilga borib esa 500 ming tonna ishlab chiqarilishi kutilayotganini bildirdi.

«Loyihani amalga oshirish uchun 5 million dollar miqdorida xorij investitsiyasi jalb qilingan. Shundan 100 ming dollarga korxona laboratoriyasi uchun xorijdan asbob-uskunalar olib kelingan. Ayni paytda laboratoriyada 10 nafar xodim ishlayotgan bo‘lsa, bizga ajratilgan 5 gektar maydonda issiqxona kompleksi va urug‘lik kartoshkani saqlash uchun omborxona qurib bitkazilgach, yana 100 ta ish o‘rni yaratiladi», deydi Bositxon Abdufattohov.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda hududda g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin sifatida kartoshka yetishtirish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ma'lumki, kartoshka “ikkinchi non” sifatida har bir xonadonda eng ko‘p ishlatiladigan sabzavot mahsuloti hisoblanadi. Joriy yilda viloyatda jami 18 ming gektar maydonga kartoshka ekish belgilangan bo‘lib, uning 6 ming gektari asosiy maydonga, 12 ming gektari esa g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida ekiladi. Yil yakunida jami maydonlardan 533,3 ming tonna, takroriy maydonlardan esa 244 ming tonna kartoshka olish rejalashtirilgan. Agar bu ko‘rsatkichlarni o‘tgan yilga nisbatan taqqoslasak, 59 foizga ko‘p ekanligi ma'lum bo‘ladi. Buning sababi pandemiya sharoitida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlashdir.

Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda 2020 yilda respublika bo‘yicha 83 ming gektar yerga kartoshka ekilgani, yil yakuniga qadar kartoshkadan 2 mln 916 ming tonna hosil olinishi kutilayotganini aytgan edi.

6 may kuni «Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingan, unga ko‘ra O‘zbekistonda kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlarda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etilishi belgilangan edi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev 17 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda karantin davri cho‘zilib ketsa ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ta'minotida taqchillik bo‘lmasligini, tibbiy me'yorlar bo‘yicha aholining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji 1 mln 784 ming tonnani tashkil etishini ma'lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: