Qashqadaryoda «Orlando» va yuk mashinasi to‘qnashdi. Qurbonlar va jabrlanganlar bor

Jamiyat 18:33 / 12.07.2020 33876

Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, shu yil 12 iyul kuni soat 01:00 atrofida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga avtohalokat natijasida jiddiy jarohatlangan 6 nafar bemorni olib kelishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Qarshi-Samarqand trassasining Chiroqchi tumani hududidan o‘tuvchi qismida «Orlando» va «KamAZ» avtomashinalari to‘qnashishi natijasida ikki kishi voqea joyining o‘zida vafot etgan, 6 kishi turli darajada jarohat olgani sababli shifoxonaga keltirilgan.

Bemorlarning besh nafari Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidan, bir nafari Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan. Ularning ikki nafari ayol kishi, uch nafari voyaga yetmagan shaxslardir. Ularning to‘rt nafarining ahvoli og‘ir, ikki nafari o‘rta og‘ir darajada. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmatining voqea yuzasidan ma'lum qilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi yo‘l belgilari va svetoforning taqiqlovchi ishorasiga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘lgan.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB YHXB

«2020 yilning 12 iyul kuni soat 00:20larda 4R87 avtomobil yo‘lining 47-kilometrida, Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashovchi haydovchi ishonchnoma orqali «Orlando» rusumli transport vositasini ikkinchi darajali yo‘ldan boshqarib kelayotib, 2.4. — «Yo‘l bering» yo‘l belgisiga va svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmasdan, asosiy yo‘ldan harakatlanib kelayotgan yuk avtomashinasi yo‘liga chiqib ketib to‘qnashuv sodir etgan.

Natijada, «Orlando» rusumli transport vositasi haydovchisi va avtomobil yo‘lovchisi voqea joyida vafot etgan», deyiladi xabarda.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB YHXB
Ko‘proq yangiliklar: