Tojikiston prezidenti yordamga muhtoj fuqarolarga bir martalik yordam puli berish bo‘yicha qarorni imzoladi

Jahon 16:10 / 11.07.2020 20685

Tojikistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarga bir martalik yordam puli beriladi. Mamlakat prezidenti Imomali Rahmon bu borada farmonni imzoladi. Farmon matni Tojikiston prezidenti rasmiy saytida e'lon qilingan.

Unga ko‘ra, aholining yordamga muhtoj vakillariga eng kam ish haqining bir baravari miqdorida bir martalik yordam puli beriladi. Tojikistonda eng kam ish haqi 400 somoni (41 dollar) etib belgilangan. Farmonda mamlakat Ichki ishlar vazirligi, Mehnat va aholining bandligini ta'minlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi, shuningdek, Ijtimoiy sug‘urtalash va pensiya agentligiga joriy yil 1 avgustiga qadar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini aniqlab, ro‘yxat qilish topshirig‘i berilgan.

Mamlakat moliya vazirligi ro‘yxat qilingan odamlarga belgilangan miqdorda pul ajratishga javobgar etib belgilandi. «Amonatbonk» davlat jamg‘arma banki ro‘yxatdagi aholiga pulni zamonaviy usulda yetkazib berishga mas'ul bo‘ladi. Plastik kartasi bor odamlarga pul elektron ko‘rinishda berilsa, plastik kartasi bo‘lmagan odamlarga yordam puli «Amonatbonk» xodimlari tomonida naqd pul ko‘rinishida uylariga yetkaziladi.

Moliya vazirligidan boshqa vazirliklarga kerakli summani yig‘ishda Moliya vazirligiga yordam berish talabi qo‘yilgan. Tojikiston Hisob palatasi pulni muhtoj odamlarga yetkazib berish jarayonini nazorat qiladi va bu bo‘yicha o‘tkazilgan audit hisobotini prezidentga topshiradi.

Ma'lumot uchun, Tojikistonda koronavirus yuqtirganlar soni ayni damda 6 457 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 5 115 nafari tuzalgan va 55 kishi vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: