Navbahor tumanida 5 yoshli qizaloq mudhish jinoyat qurboni bo‘ldi

Jamiyat 14:00 / 11.07.2020 20487

9 iyul kuni Navoiy viloyati Navbahor tumanida sodir etilgan mudhish qotillikka voyaga yetmagan o‘smir sababchi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati.

2004 yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchisi, ayni paytda Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi B.Q. joriy yilning 8 iyul kuni ota-onasi bilan birgalikda Navbahor tumani, «Yangihayot» MFYda istiqomat qiluvchi bobosining uyiga mehmondorchilikka borgan.

B.Q. shu qishloqda yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan amakisi E.T.ning o‘gay qizi — 2015 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan M.A.ni oshxona pichog‘i bilan bo‘yin sohasiga urib, qasddan o‘ldirgan. Voqeaga tasodifan guvoh bo‘lgan M.A.ning onasi, 1988 yilda tug‘ilgan M.D.ga ham qo‘lidagi pichoq bilan bir necha marotaba tan-jarohati yetkazib, voqea joyidan yashiringan. Ayni payda jabrlanuvchi M.D. tuman Tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

— Oiladagi nosog‘lom muhit, ruhiyat va ongning mo‘rtligi, mehrsizlik hamda itoatsizlik qonli zo‘ravonlikning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi, — deydi viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik I.Tillayev. — Ota-onaning farzand tarbiyasidagi e'tiborsizligi 5 yoshli qizaloqni qurbonga aylantirdi. Ahloqiy hamda jismoniy tarbiyasizlik har qanday jinoyatning bosh omilidir. Gumonlanuvchining jazodan qochishga urinishi, qotillikda o‘zini aybdor his etmasligi uni javobgarlikdan ozod etmaydi. Navoiy viloyati IIB JQB xodimlarining olib borgan tezkor sa'y-harakatlari natijasida, gumonlanuvchi shu kunning o‘zidayoq qo‘lga olindi.

Ko‘proq yangiliklar: