Buxoroda universitet o‘qituvchisi, Qashqadaryoda kollej direktori o‘rinbosari qo‘lga olindi

Jamiyat 21:48 / 11.07.2020 37483

Qashqadaryoda kollej direktori o‘rinbosari firibgarlik bilan qo‘lga tushdi

Kitob tumanidagi kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari O.E. fuqaro D.ning farzandi S.ning diplomini qayta yozib berish hamda ikkinchi farzandi N.ga ushbu kollejni tugatgani haqida diplom yozib berish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 650 ming so‘m talab qilib, shundan, 300 ming so‘mni qo‘lga kiritib, qolgan 350 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan O.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentining Kitob tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

 

Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi jinoyat ustida ushlandi

Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi Sh.Q. tanishlari orqali fuqaro G.ni mazkur universitetga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Sh.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

 

Farg‘onada soxta diplom tayyorlab bergan o‘qituvchilar qo‘lga tushdi

Oltiariq tumanidagi maktab o‘qituvchilari Z.Z., M.Y. va R.Yu.lar oldindan til biriktirib, fuqaro M.ning ishonchiga kirib, unga tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha Oltiariq tuman agrosanoat kollejini tamomlagani haqidagi soxta diplomni tayyorlab berish evaziga 500 AQSh dollarini olishgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.

Shuningdek, tadbir jarayonida fuqaro M.Y.ning yonida 2ta to‘ldirilmagan diplomlar mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Z.Z., R.Yu. va M.Y.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 228-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Oltiariq tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

 

Nikohni bekor qilish masalasini hal qilib berish evaziga fuqaroning 1 300 AQSh dollarini qo‘lga kiritgan firibgar ushlandi

Samarqand tumanida fuqaro A.S. fuqaro N.ga turmush o‘rtog‘i bilan nikohini bekor qilish va voyaga yetmagan o‘g‘li bilan uchrashib turish masalasini fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 1300 AQSh dollarini qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Holat yuzasidan A.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv Departamentning Samarqand tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

 

Qashqadaryoda simob moddasini pullayotgan shaxslar ushlandi

Departamentining Chiroqchi tuman bo‘limi tomonidan DXX hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.U. fuqaro X.ga 625 gramm simob moddasini 3 000 AQSh dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shuningdek, simob moddasini muomalaga kiritgan shaxslarni aniqlash maqsadida, fuqaro Sh.U.ning ko‘rsatuvlariga asosan tezkor tadbir davom ettirilganda, Qarshi tumanida yashovchi tanishi X.B. Sh.U.ga yana 50 gramm simob moddasini 900 ming so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Sh.U. va X.B.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 185-1-moddasi va 251-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Toshkentda 2 tonna etil spirtining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi

Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi o‘tkazgan tezkor tadbirda, «D.» xususiy korxonasi rahbari M.N. uch nafar fuqaro bilan oldindan til biriktirib, qo‘lbola usulda «antiseptik» mahsuloti ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan 2 tonna etil spirti hamda 1 tonna xlorni 57,3 mln so‘mga xaridor X.ga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.

Shuningdek, tadbirda ushbu spirt va xlorni «D.» XKdan dezinfeksiya stansiyasiga olib ketilayotgani haqida qalbaki hisob-faktura ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan «D.» XK rahbari M.N. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi 2-qismi va 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Chilonzorda kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi

Toshkentda «K.» MChJga qarashli dorixona rahbari A. 14 dona «Regapen» kuchli ta'sir qiluvchi dori vositasini xaridorga 560 000 so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Dorixonada noqonuniy muomalaga kiritish maqsadida saqlanayotgan umumiy qiymati 46 mln so‘mlik 905 dona «Regapen» nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan Toshkent shahar IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.​

Ko‘proq yangiliklar: