Asakadagi sement zavodi qachongacha havoni zaharlaydi?

Jamiyat 18:05 / 11.07.2020 12045

Tsement zavodining ikkita quvuridan chiqayotgan  zararli chiqindilar atmosferani bulg‘ab, atrof-muhitga katta zarar yetkazmoqda. Tutun shamol yo‘nalishiga qarab 5 kilometr uzoqlikdagi Andijon shahri yoki xuddi shunday uzoqlikdagi Asaka tomonga harakatlanadi.

Aholining ko‘plab murojaatlaridan so‘ng, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha viloyat mutasaddilari, huquq-tartibot idoralari mazkur muammoni hal qilish uchun harakat boshlagani haqida ma'lumot berilgan edi. O‘tgan yili mazkur sement zavodi aholi yashovchi hududlardan uzoqroq joyga ko‘chirilishi ham aytildi.

Biz hamon yechimini kutayotgan muammo yuzasidan Andijon viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan izoh so‘radik.

Boshqarma ma'lumotiga ko‘ra, sement zavodi Imom ota tog‘i hududiga ko‘chirilishi belgilangan.

«Asaka tumani Axtachi sanoat hududida faoliyat olib borayotgan «RASH-MILK» MChJga qarashli sement ishlab chiqarish zavodi 2013 yilda o‘z ish faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda zavodda 300ga yaqin ishchi-xodim ishlab kelmoqda.

Andijon viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida chang-gaz tozalash uskunalarining nosozligi, yaroqlilik muddati tugaganligi tufayli atmosfera havosiga tashlamalarning ko‘paygani aniqlandi. Bu o‘z navbatida e'tiroz, shikoyatlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Korxona chang-gaz tozalash uskunalarini yangisiga almashtirish bo‘yicha boshqarma talabnomasiga asosan, uskunalar zavod ma'muriyati bilan kelishgan holda vaqtinchalik to‘xtatilib, faoliyati davomida 2 marta yangisiga almashtirilgan. Biroq, zavod to‘la quvvatda ishlash jarayonida chang-gaz tozalash uskunalarini filtr qismlarining tez kuyishi kuzatildi. Ushbu filtrlar Xitoy Respublikasidan import qilinadigan ehtiyot qism bo‘lib, pandemiya munosabati bilan ularni tez va muddatida almashtirishga imkon bermagan.

Boshqarma tomonidan ushbu noxush holatlarning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan laboratoriya tahlillari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Korxona hududi atrofida kunlik monitoring kuzatuvlari olib borilib, olingan laboratoriya tahlillariga asosan, atmosfera havosiga me'yoridan ortiq tashlamalar tashlagani uchun jamiyatga 2019 yil va 2020 yil 1-chorak yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 oktabr kungi 820-sonli qaroriga muvofiq, 121,5 mln so‘mlik qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari hisoblangan va undirib olingan.

Boshqarma tomonidan jamiyatga chang-gaz tozalash uskunalarini zamonaviylariga almashtirish hamda atmosfera havosiga tashlanayotgan me'yoridan ortiqcha tashlamalarni kamaytirish yuzasidan bir necha bor ogohlantirish xatlari va talabnomalar berilgan.

Berilgan ogohlantirishlar hamda talabnomalarda berilgan ko‘rsatmalarni bajarmaganligi uchun ushbu korxona faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha tegishli iqtisodiy sudlarga hujjatlar tayyorlanmoqda.

Fuqarolarning ko‘p e'tiroz va shikoyatlarini inobatga olib hamda ekologik holatni sog‘lomlashtirish maqsadida boshqarmaning mas'ul hodimlari tomonidan «RASH-MILK» MChJga qarashli sement ishlab chiqarish korxonasini aholidan uzoq bo‘lgan boshqa hududga ko‘chirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Hozirgi kunda «RASH-MILK» MChJga Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Do‘stlik va A.Qahhor massivlari xududida sement ishlab chiqarish korxonasi qurilishi uchun viloyat xokimining 2017 yil 22 noyabrdagi 796-sonli qarori bilan 40 gektar yer maydoni ajratilib, qurilish ishlari boshlangan.

Loyiha bo‘yicha ushbu qurilayotgan sement ishlab chiqarish korxonasi 2 bosqichdan iborat bo‘lib, 1-bosqich 2020 yil yakunida ishga tushirilishi, 2-bosqich 2022 yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

O‘rganish kunida loyihada 1-bosqich joriy yilning IV choragida qurilish yakunlanib ishga tushirilishi rejalashtirilgani, ammo pandemiya sababli qurilish ishlarini yakunlash 2 oyga, ya'ni 2021 yil fevral oyiga cho‘zilgani ma'lum bo‘ldi.

Hozirgi kunda qurilish ishlari 2 smenada olib borilayotgani, 400 nafar ishchi xodim qurilish ishlari bilan shug‘ullanayotgani, shundan 152 nafari Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan mutaxassislar ekani aniqlandi.

Korxona rahbari bilan bo‘lgan muloqotda shu kunlarda charter aviareys orqali Xitoy Xalq Respublikasidan yana 200 nafar mutaxassislarni olib kelish rejalashtirilayotgani, yil oxiriga qurilish ishlari yakunlanib, ushbu mutaxassislar uskunalarni montaji bilan shug‘ullanishi bo‘yicha ma'lumot berdi.

Tsement ishlab chiqarish korxonasi qurilish uchun tanlangan yer maydoni Xo‘jaobod tumanining Imom-ota tog‘ yon bag‘rida joylashgan.

Tanlangan yer maydoni quyidagilar bilan chegaradosh:

– shimol tomondan fermer xo‘jaligi ekin yer maydonlari, 1200 metr masofada aholi uylari bilan;

– sharq tomondan tog‘ bilan, tog‘ning orqa tarafida 1400 metr masofada O‘rday mahallasi fuqarolar yig‘ini aholisi turar joy binolari bilan;

– janub tomondan Imom-ota tog‘ tizmasi bilan;

– g‘arb tomondan tog‘ yon bag‘ri va ekin yer maydon, so‘ng 1000 metr masofada aholi turar joy binolari bilan chegaradosh.

Sanitar me'yor qoidalari bo‘yicha (SanPin-0350-17) sement ishlab chiqarish korxonalari aholi yashash hududidan 500 metr qilib belgilangan.

Shamolning yo‘nalishi g‘arbdan sharq tomonga.

Qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng, qurilishni qabul qilish ishchi komissiyasida barcha tegishli tashkilot va korxonalar o‘zlarining talablarini bajarilishi bo‘yicha qabul qilib olsa, ish jarayonida atrof tabiiy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatilishining oldi olinadi.

Qurilish yakuni bilan Axtachi sanoat zonasidagi sement zavodi o‘z faoliyatini to‘xtatadi», – deyiladi rasmiy izohda.

Ekologlar ma'lumotiga qaraganda, sement zavodi Andijonning eng so‘lim va dam oluvchilar ko‘p boradigan maskanlaridan biri – Imom ota tog‘i hududiga ko‘char ekan.

Nahotki, havoni zaharlovchi zavodga boshqa joy topilmadi? Bu qaror bir muammoning yechimi ortidan ikkinchi muammoni yuzaga keltirmaydimi?..

Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: