Kattaqo‘rg‘onda fuqaroni bir nechta joyidan pichoqlagan shaxs badanga yengil shikast yetkazganlik bilan ayblanmoqda. Jinoiy qilmish to‘g‘ri malakalanganmi?

Jamiyat 22:59 / 10.07.2020 20852

Kattaqo‘rg‘on shahridan Xanifa Fayziyevaning yozishicha, joriy yilning 29 martida uning o‘g‘lini kaltaklashadi, pichoqlashadi. Bir oy davomida ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochilmagani, aksincha, shahar IIB amaldorlaridan biri ularga do‘q-po‘pisa qilganini aytmoqda.

Mazkur holatni o‘rganish maqsadida Kun.uz muxbirlari Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘ldi.

“O‘sha kuni A.A. mast holatda qarindoshim Farhodning darvozasini tepayotganini ko‘rib, profilaktika inspektoriga xabar qildim. So‘kinavergach, o‘g‘liga otasini olib ketishini aytdim. Shu vaqt A.A. yuzimga musht tushirdi. Janjal ko‘tarilgach, ular uch kishi bo‘lib kaltaklashdi. Mahalladagilar ajratib olgandan so‘ng, ust-boshimni tozalab, ketmoqchi bo‘ldim. Shu vaqt ular yana qaytib kelib, temir va pichoq bilan yana tashlanishdi. Ko‘p qon yo‘qotdim, meni shifoxonaga olib ketdilar.

Tergov jarayonida jabrlangan men qolib, ularning da'vosini to‘liq yozib olishdi. Tergovdan umuman qoniqmaganimni o‘sha vaqtning o‘zida aytdim.

29 mart kuni sodir etilgan jinoyat yuzasidan 30 aprelda IIB xodimi N.Otaboyev meni chaqirtirdi va da'voim yo‘q, deb ariza yozib berishimni talab qildi” deydi Lazizbek Fayziyev.

“O‘g‘lim Lazizbek o‘sha kuni soat uchlarda So‘fi Allohyor” MFYda yashovchi jiyanim – ishchisi Farhod Ro‘ziyevni ishga chaqirish uchun boradi. O‘sha vaqtda A.A. katta tosh bilan jiyanimning darvozasini urib, tashqariga chiqishga undayotgan bo‘ladi. O‘g‘lim nega bunday qilayotganini so‘raganda, tosh bilan Lazizjonga tashlanadi. Voqeaga guvoh bo‘lganlar ularni ajratib olishadi.

Shundan so‘ng o‘g‘lim va jiyanim mahalla binosi yonida turganlarida, “Damas” rusumli shaxsiy mashinasida A.A. ikki nafar o‘g‘illari bilan kelib, yana janjal boshlaydi. Ulardan biri qo‘lidagi temir jism bilan o‘g‘limga zarba beradi, yana biri esa qo‘lidagi pichoq bilan bo‘yin va bosh qismiga olti marotaba pichoq uradi. O‘g‘lim ko‘p qon yo‘qotgach, shifoxonaga olib boriladi.

O‘g‘lim Lazizbek to‘qqiz kun intensiv davolandi. Xudoga shukur, shifokorlarning mehnati bilan u omon qoldi” deydi Xanifa Fayziyeva.

Muammo shundaki, Xanifa opa bilan suhbatlashganimizda, jinoyat sodir etilgandan so‘ng shahar IIB xodimlari va uchastka profilaktika inspektori hujjatlarni vaqtida rasmiylashtirmagani, surishtiruv-tergov harakatlari olib bormagani, tezkorlik bilan tibbiy ekspertizadan o‘tkazilmagani haqida gapirdi.

“Jinoyat sodir etilgandan to‘rt kun o‘tib, 2 aprelda turmush o‘rtog‘im S.Fayziyev bilan shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza yozib bordik. Bizni boshliqning birinchi o‘rinbosari Muxtor Axmedov qabul qildi. Unga sodir etilgan jinoyat bo‘yicha IIB xodimlari tomonidan hech qanday surishtiruv-tergov ishlari olib borilmayotgani sababli ariza yozib kelganim va uni qoidaga asosan qayd qilib olishlarini so‘radim. M.Axmedov “Boshliq yo‘q, men arizangizni qabul qilaman” dedi. To‘rt kundan buyon jinoyat ishi ochilmayotgani, arizam yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini aytgandim, sensirab, qo‘pol so‘zlar bilan xonasidan chiqib ketishimni talab qildi. “Xohlagan paytim jinoyat ishi ochiladi, xohlamasam ochilmaydi, qayerga borsang bor” deb xonadan kuch bilan chiqarib yubordi. Chiqib ketayotganimizda turmush o‘rtog‘im jahl ustida “Senlar bilan keyin gaplashaman” degandi u kishining qo‘lini qayirib, ichkariga olib kirib ketdi. “Kerak bo‘lsa eringni qamayman” deb tahdid qildi. O‘sha kuni kami ikki soat xo‘jayinim IIB binosida qolib ketdi” deydi X.Fayziyeva.

Jinoyat sodir etilgandan 6 kun o‘tib L.Fayziyev sud tibbiy-ekspertizadan o‘tkazilgani aytilmoqda. Jabrlanuvchilar talab qilaverganidan so‘ng, IIB tergov-surishtiruv harakatlarini boshlagan.

Mazkur holatga batafsil aniqlik kiritish maqsadida shahar IIBga bordik. Ammo binoga kirib intervyu olishimizga monelik qilindi. Pandemiya sababli binoga kirish taqiqlangan ekan. Kattaqo‘rg‘on shahri “yashil” hudud, qolaversa, tashqariga chiqib ma'lumot berishlari ham mumkin edi. Qiziq, ular karantin talablari kuchaygan vaqtda fuqarolar bilan qanday ishladi ekan? Vaholanki, murojaat va bevosita IIB faoliyati bilan bog‘liq shikoyatlarga bunday munosabatni kutmagandik.

Shundan so‘ng viloyat IIB axborot xizmati rahbari hamrohligida shahar IIB binosiga kirishga ruxsat berildi. Qiziq...

Baribir sodir etilgan jinoyat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar IIB vakillaridan ma'lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Viloyat IIB axborot xizmati rahbari tashlab beradigan ma'lumotgagina tayanadigan bo‘ldik.

“2020 yil 30 may kuni R.F. va A.B.lar O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan aybli, deb topilib, hujjatlar tegishli tartibda sudga yuborilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muxtor Axmedov ustidan keltirilgan vajlar bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan” deyiladi viloyat IIB axborot xizmati bergan ma'lumotda.

Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasidan olingan kasallik varaqasida haqiqatan ham joriy yilning 29 mart kuni Lazizbek Fayziyev shifoxonaga yotqizilgan. Unga yopiq KsJ, bosh miya chayqalishi, chap chakka, peshona, tepa ensa sohasida kesilgan jarohatlar bo‘lgani qayd etilgan. Shuningdek, burun o‘ng qansharida shilingan jarohatlar, qovog‘ida yumshoq to‘qimalar lat yeyishi kuzatilgan. O‘sha vaqtda Lazizbek o‘rta og‘ir ahvolda bo‘lgan.

Suratlardan ko‘rinishicha, L.Fayziyevning bosh va bo‘yin sohalarida terining sanchilib kesilgan jarohatlari mavjud. Bu jarohatlar esa unga tig‘li jism bilan yetkazilganligini ko‘rsatmoqda.

IIB bergan izohda esa qilmish jinoyat kodeksining 109-moddasi ikkinchi qismi bilan malakalangani aytilmoqda. Bu moddada sog‘liqning qisqa vaqt, ya'ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazishda ifodalangan jinoyat nazarda tutiladi.

Voqea tafsilotlariga, jabrlanuvchiga kesuvchi jism ta'sirida yetkazilgan jarohatlar va tibbiy ma'lumotnomaga e'tibor berilsa ushbu holat tergov organi tomonidan to‘g‘ri malakalanganligiga shubha tug‘dirmoqda.

Modomiki, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan ekan, barchasiga odil sud qonuniy bahosini beradi.

 

 Isomiddin PO‘LATOV,

Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.

Ko‘proq yangiliklar: