Qozog‘iston moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Berik Sholpankulov koronavirus bilan kurashish uchun ajratilgan mablag‘larning umumiy miqdori haqida ma'lumot berdi. Bu haqda Tengrinews.kz sayti yozmoqda.
«Bugungi kunga qadar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun respublika budjetidan 191,9 milliard tenge (465 million dollar atrofida) ajratildi. Bu mablag‘ning 125 milliard tengesi budjetni qayta shakllantirish doirasida, 66,9 milliard tenge esa davlat zaxirasidan ajratildi. Ushbu mablag‘lar ajratilgan sanadan boshlab qat'iy belgilangan tartibda nazorat qilingan. Davlat xaridlari paytida mablag‘larni oxirgi xaridorga topshirishgacha bo‘lgan jarayon jiddiy nazoratda bo‘lgan.
Bundan tashqari, koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan mablag‘ning sarflanishini Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan nazorat qo‘mitasi ham hisoblab borgan. Qo‘mita tomonidan tibbiyot anjomlari va tibbiy xizmatlarning sifati, xavfsizligi tekshirib borilgan», degan moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Sholpankulov.
Berik Sholpankulov koronavirusga qarshi kurash uchun sarflangan mablag‘ miqdori turli davlat organlarining vakillari bergan hisobotlarda nega turlicha ekanligini tushuntirdi.
«Alixan Asxanovich (bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Alixan Smailov) avvalroq hukumat tomonidan ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar doirasida barcha davlat organlari tomonidan koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan umumiy mablag‘lar hajmi to‘g‘risida gapirgan. Aleksey Vladimirovich (Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy) esa faqat SSVga tegishli raqamlarni e'lon qilgan», degan raqamlarning turli xil aytilganini tushuntirgan Sholpankulov.
Avvalroq Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy koronavirus infeksiyasining paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini olish uchun SSVga 114 milliard 826 million tenge miqdorida mablag‘ ajratilganini aytgandi.