«Odamlar hali hukumatga ko‘p kerak bo‘ladi» – Bloger aholiga moddiy yordam ko‘rsatish masalasi yana kun tartibiga chiqqani haqida

Iqtisodiyot 23:17 / 09.07.2020 21411

Telegramdagi Davletovuz kanali muallifi «Karantin o‘rinli» sarlavhali postida O‘zbekistonda yana qat'iy karantin joriy etilishi munosabati bilan aholining ijtimoiy zaif qatlamini moddiy qo‘llab-quvvatlash zarurati paydo bo‘lgani haqida so‘z yuritdi.

20 kunlik kuchaytirilgan karantin, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, hozirgi sharoitda eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib turibdi. Davlatni istagancha tanqid qilish, qoralash mumkin, bu ishni hammamiz qilyapmiz ham. Lekin hammaning hayoti o‘ziga shirin. Xudo ko‘rsatmasin, virus biror yaqinimizni olib ketganda, kimnidir aybdor qilishda ma'no qolmaydi. Hayotingiz uchun faqatgina o‘zingiz qayg‘uradigan payt. Nafaqat virus, erta-indin ko‘zi yorishi kerak bo‘lgan minglab homilador ayollar, muntazam tibbiy yordam olishi kerak bo‘lgan minglab bemorlar ham yuragini hovuchlab o‘tiribdi. Zarur paytida roddom yopiq bo‘lsa yo joy bo‘lmasa, hayotiy zarur davolanish uchun tibbiy yordam oladigan kasalxona boshqa bemorlar uchun ajratilgan bo‘lsa — bu o‘sha insonlar uchun fojiadek gap. O‘zing uchun o‘l yetim holati. Chunki kasallik avj olsa va boshqaruvdan chiqib ketsa, it egasini tanimay qoladi. Bu masalaning birinchi tarafi.

Ikkinchi masala. Kuchaytirilgan karantin sharoitida qiyin ahvolga tushib qolgan aholini qo‘llab-quvvatlash masalasi yana kun tartibiga chiqdi. To‘g‘ri, pishiqchilik — mart, apreldagidek vahimali emas. Lekin daromadsiz, pulsiz o‘tirgan oilalar baribir davlatdan hech qursa 500 ming so‘mdan yordam olishi kerak. Eng muhimi, hukumat 20 kunlik karantin davri uchun ijtimoiy ko‘mak masalasi qanday bo‘lishini ochiqlashi, aytishi lozim. Shu paytga qadar hech kim bu haqda gapirmayapti. Xalqqa mujda va yordam berilishi kerak. Quruq gap bilan chegaralanmaslik kerak. Modomiki odamlarga yordam berilmas, bunday yordam berilishini davlat baralla aytmas ekan, odamlarda umidsizlik paydo bo‘ladi, ijtimoiy keskinlik yuzaga keladi, aholi kayfiyati yomonlashadi. Aholining kayfiyati o‘rganilishi, tezkor reaksiya bildirilishi lozim. Hechqisi yo‘q, 20 kun o‘tib ketadi, degan tasavvurga berilmaslik kerak. Odamlar hali hukumatga ko‘p kerak bo‘ladi.

Aholiga yordam berishning Qozog‘iston, Rossiya variantlarini qo‘llash maqsadga muvofiq. Masalan, Rossiyada ijtimoiy yordamning asosiy qismi — bolalar prinsipi orqali tarqatildi. Natijada birgina iyul oyining boshida 16 yoshgacha bo‘lgan 28 million bola uchun yordam puli berildi. Qozog‘istonda esa karantin tufayli daromad yo‘qotilishi asos bo‘ldi. Yordam to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat orqali (onlayn, oflayn) ortiqcha byurokratiyasiz fuqarolarning hisob raqamiga tashlab berildi. 

Nazarimizda, bizning hukumat ham Inqirozga qarshi choralar jamg‘armasining ozgina qismini muhtoj odamlarga yo‘naltirishi kerak. Shundoq ham jamg‘arma mablag‘lari monopollar, shubhali tashkilotlarga berilmoqda, ayrim tashkilotlar tomonidan ajratilgan mablag‘lar talon-toroj qilinayotgani haqida ham vaqti-vaqti bilan o‘qib turibmiz. Baribir jamg‘armaga jalb qilingan mablag‘larni kelajakda xalqimiz cho‘ntagidan qaytariladi. Shunday ekan muhtoj odamlarga pul berilishi to‘g‘ri, o‘rinli va adolatli qaror bo‘ladi. Harqalay shundagina odamlarimiz yegan somsasiga pul to‘lagan bo‘ladi. Mabodo ertaga pul tarqatishda 500-1000ta firibgarlik holati aniqlangan taqdirda ham fojia emas. O‘shanda ham nafsi hakalak otgan ayrim mansabdorlar talon-toroj qilayotgan summadan kam bo‘lsa kerak. 

Shu o‘rinda yana bir gap. Muhtoj oilalarga yordamni oziq-ovqat, shundoq ham sillasi quriyotgan tadbirkorlar hisobidan amalga oshirmaslik kerak. Bo‘ldi, ular charchadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashayotgani sababli 10 iyuldan 1 avgustgacha mamlakatda qat'iy karantin choralari joriy qilindi. 10 iyuldan to‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlanadi, avtotransport harakati cheklanadi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopiladi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartiriladi, koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganlarga tibbiy yordam berish uchun mobil guruhlar tashkil etiladi, O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi «qizil» bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: