Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov boshchiligida hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ishtirokidagi ishchi guruh o‘tkazgan tahlilda ma'lum qilinishicha, shundan 2021 yilning birinchi choragi yakunigacha 10,3 trln so‘mlik 1183ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu loyihalar doirasida 2021 yil oxiriga borib viloyatda 25 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Ishchi guruh tomonidan Samarqand viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash borasidagi ishlarning borishi o‘rganilgan.
Loyihalardan 153tasi to‘qimachilik, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sanoati, ipakchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, hunarmandchilik, asalarichilik va zargarlik sohalarida amalga oshirish bo‘yicha. Bu loyihalarning umumiy qiymati 104,2 million dollarni tashkil etadi.
Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasidan jalb etilgan 90 million dollar Samarqand shahri ichimlik suvi ta'minoti tizimini zamonaviylashtirishga, Jahon banki tomonidan ajratilgan 66 mln dollar esa viloyat va alohida tarzda Kattaqo‘rg‘on shahrida suv ta'minoti va sanitariya tarmoqlarini qurish va qayta ta'mirlashga yo‘naltirilgan. Umuman, mazkur yo‘nalishdagi loyihalar uchun jami 273,5 million dollar sarflanadi. Qo‘shimcha ravishda 6ta tuman markazi va shaharchalarda 117,5 million dollarga kanalizatsiya tizimlarini qurish va zamonaviylashtirish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, Samarqand shahri markaziy ko‘chalari va viloyatdagi asosiy yo‘llarni modernizatsiya qilish uchun 217 million dollarlik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Ishchi guruh tomonidan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi faoliyati tahlil qilinib, EIZni kengaytirish uchun unga Urgut va Paxtachi tumanlarida, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida chegaralari aniq belgilangan 730 gektar yer maydonalari qo‘shilishi ma'lum qilingan.
Xorijda yashab, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar imkoniyatlari ham inobatga olingan. Ular bilan amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar mavjud bo‘lib bu yo‘nalishda umumiy qiymati 366,1 mln dollarlik 43 loyiha rejalashtirilmoqda.
Viloyatda bog‘dorchilik va uzumchilik uchun yerlar kengaytiriladi.
Ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida Samarqand viloyatining iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda eksport klasterlari modelini keng joriy etish orqali bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratishga topshiriq berilgan.
2020-2021 yillarda bu yo‘nalishdagi ishlar uchun 3,1 ming gektar ajratiladi. Shuningdek, ilgari paxta va bug‘doy yetishtirish uchun foydalangan 800 gektar maydon ham bog‘dorchilikka o‘tkaziladi.
Ushbu loyihalar natijasida viloyatda yillik meva ishlab chiqarish hajmi 334 ming tonnadan 431,5 ming tonnaga oshishi kutilmoqda. Bu sohada 30 foizlik o‘sish deganidir.
Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash, loyihalarning aniq tashabbuskorlari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash maqsadida ishchi guruh Samarqand viloyatida o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.