Denovdagi eski bozorda buziladigan mulklarga kompensatsiya to‘lab beriladi - tuman hokimligi

Jamiyat 11:31 / 08.07.2020 3790

Denov tumani hokimligi axborot xizmati 7 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan navbatdagi videolavha yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Denov tumani markazida joylashgan dehqon bozori atrofi butunlay izdan chiqqanligi va aholiga juda katta noqulayliklar keltirib chiqarayotganligi inobatga olinib, markaziy dehqon bozori va uning atrofidagi xizmat ko‘rsatish obektlarini «Namozgoh» mahallasida yangi qurilgan zamonaviy bozorga ko‘chirish belgilangan.

Shunga muvofiq, hozirda eski dehqon bozori yangisiga ko‘chirildi. Bu yerda sotuvchi va xaridorlar uchun zarur barcha qulayliklar yaratilgan. Bozorda 1300 o‘rinli savdo rastalari mavjud, dehqonlarga o‘z ulgurji mahsulotlarini sotishlari uchun ham sharoitlar qilingan. Bundan tashqari, 43ta do‘kon ham oziq-ovqat mahsulotlari sotishga moslashtirilgan. Bir qator umumiy ovqatlanish shoxobchalari, avtomobillar uchun turargoh aholi xizmatiga shay.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali e'lon qilingan videolavhada tuman hokimligi vakillarining markaziy dehqon bozori atrofidagi xizmat ko‘rsatish obektlari egalari bilan uchrashuvi aks etgan bo‘lib, unda mulk egalari eski dehqon bozori atrofidagi xizmat ko‘rsatish obektlari binosi uchun kompensatsiya berish, yangi dehqon bozori hududidagi oziq-ovqat mahsulotlari sotishga moslashtirilgan do‘konlardan joy ajratishni so‘rashgan.

Uchrashuvda mulk egalarining ushbu talablari inobatga olinishi, ularga tegishli obektlar qiymati baholovchi tashkilotlar tomonidan to‘liq baholab bo‘lingach, o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilishi, shungacha yangi dehqon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari sotishga moslashtirilgan do‘konlarda ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritishlari mumkinligi tushuntirildi», deyiladi tuman hokimligining rasmiy munosabatida.

Kun.uz Denovdagi markaziy dehqon bozori oldidagi ko‘chalarda tartibsizlik kelib chiqayotgani borasida reportaj tayyorlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: