«Hududgaz Qashqadaryo» Kun.uz'da e'lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi. Ayrim savollar hamon ochiq qolmoqda

O‘zbekiston 23:33 / 07.07.2020 6822

Kun.uz saytida Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi «Do‘stlik» mahallasi fuqarolarining tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bog‘liq muammolari haqida maqola e'lon qilingandi.

«Hududgaz Qashqadaryo» MChJ matbuot xizmati mazkur maqolaga munosabat bildirdi.

Munosabatda Kasbi tumani «Do‘stlik» MFYdagi aholi xonadonlari, bundan olti yil avval tabiiy gaz tanqisligi sezilgani sababli, tuman hokimining 2014 yildagi 109-sonli farmoyishiga asosan, haqiqatdan ham gaz tarmog‘idan uzilgani, ushbu farmoyishda har bir iste'molchi kuz-qish mavsumida yoqilg‘ining muqobil turlaridan foydalanib, yashash sharoitlarini yaratishlari haqida ham eslatma keltirilgani, o‘tgan olti yil mobaynida tabiiy gazning tanqisligi to‘g‘risida mahalla ahliga tumangaz xodimlari tomonidan qayta-qayta tushuntirish ishlari olib borilgani va o‘tkazilgan muloqotlar davomida mazkur aholi yashash punktini tabiiy gaz ta'minoti tizimiga ulash imkoniyati yo‘qligi haqida ham ma'lumotlar berilib, belgilangan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib borilgani aytiladi.

Munosabatning to‘liq matnini bu yerda o‘qish mumkinligini ma'lum qilgan holda, javobsiz qolib ketgan ayrim masalalarga to‘xtalishni lozim topdik.

Kasbi tuman hokimining 2014 yil 25 avgustdagi 109-F sonli farmoyishiga ko‘ra, «Do‘stlik» mahallasining Xitoy, Xo‘ja-Xitoy qishloqlaridagi 246ta xonadon gaz tarmog‘idan uzilishi ko‘zda tutilgani tan olindi. Ammo amalda mas'ullar tomonidan jami 695ta xonadon tabiiy gaz tarmog‘idan uzib tashlangan. Shunday ekan, hokimning qarori doirasiga tushmagan 449ta xonadon nima uchun gaz tarmog‘idan mahrum etilgan?

Mahallaga 50,7 tonna o‘rniga 67,2 tonna propan tarqatilib, reja 132 foizga bajarilgani ta'kidlangan. Munosabatni «Hududgaz Qashqadaryo» MChJ matbuot xizmati taqdim etayotgani inobatga olinsa, bu raqamlarning haqqoniyligi vakolatli organlar tomonidan tekshirib ko‘rilmasdan turib, ishonchli bo‘la olmaydi. Chunki reja haqiqatan ham 132 foiz bajarilgan mahalladan bunday mazmundagi shikoyat kelib tushmagan bo‘lar edi.

Gaz yetkazib berish rejasi bu qadar yuqori ko‘rsatkich bilan bajarilgan bo‘lganda, munosabatni tayyorlagan viloyatdagi mas'ullar aynan Kun.uz saytiga murojaat qilgan va intervyu bergan insonlar bilan suhbatlashishlari lozim emasmidi?

Maqolada odamlarning qish faslida qiynalayotgani, shuning uchun tappi yopib bo‘lsa-da qishga tayyorlanishayotgani asosiy muammo sifatida ko‘tarilgan. Holbuki aholi hokimning farmoyishidayoq kuz-qish mavsumida yoqilg‘ining muqobil turlaridan foydalanish lozimligi haqida ogohlantirilgan. Odamlarning cho‘ntagi esa hozircha tappini ko‘taradi, xolos. Propan gaz ballon bilan esa qishda isinib bo‘lmaydi. Hozirgi yoz pallasida suyultirilgan gazdan faqat ovqat qilishda foydalaniladi. Shu sabab ham u birlamchi extiyojlar uchun yetib turgandir (holbuki, Kun.uz suhbatlashgan o‘nlab odamlar yetmayotganini aytishgan). Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: kunlar sovub, harorat pasayib ketganda ham suyultirilgan tabiiy gaz xozirgidek «rejaga nisbatan 132 foiz» bo‘lmasa-da, 100 foiz yetkazib beriladimi?

Xullas, Kasbi tumanidagi bu muammo «Hududgaz Qashqadaryo» MChJning birgina munosabati bilan yopilib, ta'bir joiz bo‘lsa unutilib ketadigan masala bo‘lmasligi lozim.

Zero, maqolada namoyish etilgan lavhalar birgina Kasbining Do‘stligida emas, respublikaning turli hududlarida shu tarzda umr kechirishga mahkum bo‘lgan millionlab hamyurtlarimizning dardidir.

Ko‘proq yangiliklar: