Naslli qoramollar genetik mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha Isroil – O‘zbekiston qo‘shma genetika markazi tashkil etiladi

Iqtisodiyot 13:15 / 06.07.2020 2139

«Dunyo» AA muxbiri xabar qilishicha, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Berdiqulov, qo‘mita mas'ul xodimlari, O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mas'ul xodimi M.Ibodullayev va Isroilning «LR Group» hamda «Agrotec» kompaniyalari ekspertlari ishtirok etgan videokonferensiyada Isroilning chorvachilikka ixtisoslashgan kompaniyalari bilan hamkorlik qilish, sohada qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

Videomuloqotda O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish, jumladan, naslli qoramollarni yetishtirish, «O‘znaslchilik» davlat unitar korxonasida parvarishlanayotgan chorva mollari zotlari, genetik materiallarni ishlab chiqarish va saqlash bo‘yicha ishlar haqida ma'lumot berilgan, naslli qoramollarni ko‘paytirish va bu borada o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga alohida e'tibor qaratilgan.

«LR Group» kompaniyasi loyiha menejyeri O‘zbekistonda naslli qoramollar genetik mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha Isroil – O‘zbekiston qo‘shma genetika markazini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda chorvachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan fermer xo‘jaliklari va chorvadorlar uchun subsidiyalar ajratishga doir muhim o‘zgarishlar Isroil ekspertlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir yakunida sohadagi yangiliklar bo‘yicha axborot almashishni davom ettirishga kelishib olindi, deyiladi «Yangi O‘zbekiston» xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: