Kosmik kemalar qabristoni - Nemo nuqtasi haqida bilasizmi?

Light 18:50 / 06.07.2020 41701

Nemo nuqtasi Yer sayyorasida tiriklik mavjud bo‘lgan hududlardan eng uzoqlikda joylashgan nuqta sifatida rasman tan olingan.

Bu joy insonlar yashaydigan hududlardan shunchalik uzoqda joylashganki, ba'zida – Xalqaro kosmik stansiya shu nuqta yuqorisidan o‘tayotganda, Nemo nuqtasiga eng yaqin odamlar XKS bortidagi astronavtlar bo‘lib qoladi.

Nemo nuqtasidan inson qadami yetgan joylargacha bo‘lgan eng yaqin masofa (Pitkern oroli) 2688 kilometrni tashkil etadi. Va aynan shuning uchun ham bu nuqta kosmik kemalar «qabristoni» sifatida tanlangan.

Nemo nuqtasining xaritada joylashuvi
Foto: BBC

Nemo tarixi

1992 yilda xorvatiyalik muhandis-tadqiqotchi Xrvoyye Lukatela kompyuter modellashtirish usuli orqali tiriklik nishonasi bo‘lgan hududlardan eng uzoq nuqtani – Nemo nuqtasi koordinatlarini hisoblab chiqadi.

Hududga bunday nom fransuz adibi Jyul Vern qahramoni – insoniyatdan uzoqlashishga qaror qilgan kapitan Nemo bilan bog‘liq ravishda beriladi.

Shu vaqtdan boshlab, AQShning Kosmik tadqiqotlar agentligi (NASA), Rossiyaning Parvozlarni boshqarish markazi (TsUP) va boshqa yirik kosmik agentliklar Yer orbitasidan qayta tushgan kosmik kemalarning atmosferada yonib ketmagan bo‘laklarini aynan shu nuqtaga yo‘naltirgan holda «dafn qilishadi».

Statistikaga ko‘ra, Nemo nuqtasida bugungi kungacha turli kosmik agentliklarning 260dan ziyod o‘z vazifasini ado etib bo‘lgan sun'iy yo‘ldoshlari va kemalari qoldiqlari mavjud. Ular orasida Rossiyaning «Mir» kosmik stansiyasining ham, Xitoyning ilk kosmik stansiyasi – Tiangong-1’ning ham, SpaceX raketalarining bo‘laklari ham topiladi.

Koinot chiqindilari

Koinot cheksiz, Yer sayyorasi unga qiyoslaganda juda kichkina bo‘lsa, kosmik chiqindilarni nega Yerda «dafn qilish» kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Gap shundaki, Yer orbitasida joy qolmagan – u allaqachon sun'iy yo‘ldoshlar-u kosmik kemalar bilan band qilib bo‘lingan. Dastlabki sun'iy yo‘ldosh koinotga 1957 yilda yuborilgan bo‘lsa, shundan beri o‘tgan 60 yildan oshiqroq vaqt davomida Yer atrofidagi orbita turli kema va apparatlar bilan to‘lib ketgan.

Koinotni egallash davridan boshlab Yer orbitasida jamlanib qolgan kosmik obektlarning kompyuter modellashtirilgan ko‘rinishi
Foto: Yevropa kosmik agentligi

NASA ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Yer kurrasining atrofida 7,5 ming tonnadan ko‘proq kosmik chiqindi – o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgan minglab sun'iy yo‘ldosh, raketalar bo‘laklari, kosmik kemalar parchalari uchib yuribdi.

Bu «chiqindi»lar turlicha hajmda – o‘q kattaligidan tortib avtobusdek keladiganicha bo‘lishi mumkin. Ammo ularning barchasi amalda ishlab turgan kosmik uchar apparatlar uchun ehtimoliy xavf manbayi bo‘lishi, ularning harakatiga xalal berishi mumkin.

Xalqaro kosmik stansiya o‘z atrofida uchib yurgan yirik kosmik chiqindilarga to‘qnash kelmaslik uchun faoliyati davomida naq 25 marotaba o‘z yo‘nalishi va holatini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: