Sayyoralar paradi: navbatdagi tomosha 28 avgust kuni bo‘lib o‘tadi

Jahon 11:14 / 27.08.2024 16619

2024 yilda astrofiziklar bir nechta noyob astronomik hodisalar haqida e’lon qildi: kometalar uchishi, quyosh tutilishi, meteor yomg‘irlari va nihoyat, sayyoralarning katta paradi. Navbatdagi parad 28 avgust kuni yuz berishi kutilmoqda. Uni qanday kuzatish ko‘pchilikka qiziq.

Sayyoralar paradi nima?

Sayyoralarning saf tortishi — astronomik atama bo‘lib, bunda ikki va undan ortiq sayyora Quyoshning bir tomonida to‘g‘ri chiziqda yoki bir-biriga yaqin 20-30 gradusli burchakda joylashadi. Sayyoralar paradi esa ushbu hodisaga beriladigan norasmiy ta’rif. Xususan, NASA o‘z nashrlarida “sayyoralar paradi” atamasini qo‘llaydi, shuning uchun bu nom ommaviy axborot vositalarida ham keng tarqalgan.

Sayyoralar paradining turlari

Ishtirok etgan sayyoralar soniga qarab, paradlar quyidagi turlarga ajratiladi:

Mini sayyoralarni paradi — 3 ta sayyora;

Kichik sayyoralar paradi — 4 ta sayyora;

Katta sayyoralar paradi — 5 yoki 6 ta sayyora;

Ulkan (jami) sayyoralar paradi — 7 ta sayyora (ba’zan Pluton bilan).

Osmonda ikki sayyoraning uchrashishi konvergensiya yoki birikma deyiladi.

Odamlarga ta’siri bormi?

Ushbu hodisaning inson organizmiga ta’siri yetarlicha o‘rganilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa ba’zilarning kayfiyatiga ta’sir qilishi aytiladi.

Tarixning turli davrlarida munajjimlar “sayyoralar paradi” har xil muammolardan darak berishiga ishongan. Misol uchun, 1962 yilgi paradni ular dunyoni yadro urushi yoqasiga olib kelgan voqealar — Kuba raketa inqirozi bilan bog‘lagan. 1989 yilgi parad esa go‘yoki Sovet Ittifoqi parchalanishini boshlab bergan.

Ammo tanqidchilar bunday taxminlarni asossiz deb hisoblaydi.

Keyingi sayyoralar paradi qachon bo‘ladi?

2024 yilgi sayyoralarning navbatdagi paradi 28 avgust kuni yuz berishi kutilmoqda. Merkuriy, Mars, Yupiter, Uran, Neptun, Saturn Quyoshning yonida bir chiziqda saf tortadi. Kosmik hodisani ko‘rish uchun vaqtni to‘g‘ri tanlash zarur: hodisa ishqibozlari o‘z yashash joyida tong otish vaqtini aniqlashi va undan kamida bir soat oldin osmonni kuzata boshlashi kerak bo‘ladi. Hududlarda sayyoralar paradi qanday va qaysi vaqtda ko‘rinishini tekshirish uchun Starwalk Space Sky Tonight ilovasini yuklab olish tavsiya etilmoqda.

“Ochiq havoda Neptun va Urandan tashqari barcha oltita sayyorani oddiy ko‘z bilan kuzatish mumkin. Ammo Merkuriyni topish anchagina qiyin — u bir soatdan kamroq vaqt oralig‘ida o‘zini ko‘rsatadi. Bu sayyora ufqda juda pastda joylashgan va quyoshning yorqin nurlari ortida”, — deyiladi Moskva Planetariysi xabarida.

Sayyoralarning avvalgi paradi 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgandi. Unda Merkuriy, Yupiter, Uran, Mars, Neptun va Saturn bir chiziqda saf tortdi. Dunyoning turli burchaklarida aholi ushbu hodisani kuzatdi.

Oddiy ko‘z bilan Yupiter, Merkuriy, Mars va Saturnni ko‘rishga muvaffaq bo‘lindi. Yaxshi durbin yoki teleskop egalari Merkuriy yonida joylashgan Uranni, shuningdek, Saturn bilan birga joylashgan Neptunni ham ko‘ra olgan.

2024 yilda sayyoralar paradi yana qachon bo‘ladi?

Uch yoki to‘rtta sayyoradan iborat kichik paradlar tez-tez sodir bo‘ladi. Besh yoki undan ortiq sayyoralar ishtirokidagi hodisa esa kamdan-kam uchraydi.

Kelajakda sayyoralar paradi kutilayotgan sanalar:

•   2024 yil 28 avgust

•   2025 yil 18 yanvar

•   2025 yil 28 fevral

•   2025 yil 29 avgust.

Ushbu prognozda 2025 yil 28 fevral hodisasi ayniqsa ajralib turadi. Shu kuni Quyosh tizimidagi barcha yetti sayyora bir vaqtning o‘zida ko‘rinadi, ammo bu hodisani to‘liq kuzatish uchun teleskop kerak.

Ko‘proq yangiliklar: