Urganch tumanidagi «Cho‘lobod» mahallasida 5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. 2017 yilda mahallaning chekka hududida 134ta namunaviy loyihadagi uylar qurilishi boshlangan va 2018 yilda yakunlangan. Shundan so‘ng bu yerga aholi ko‘chib kelgan.
Mahalla hududini serqatnov yo‘ldan katta zaxkash ajratib turadi. Ammo uning ustiga qurilgan va xavfsiz bo‘lgan, transport vositalari uchun mo‘ljallangan birorta ko‘prik yo‘q. Bir joyda zaxkash tuproq bilan ko‘milib, shunchaki yo‘l ochilgan, xolos. Har kuni o‘nlab mashinalar, avtobuslar o‘tadigan «ko‘prik»ning ahvoli mana shunday.
Bundan tashqari, zaxkash ustidan o‘tadigan kanalizatsiya quvuri bir necha yillardan beri yorilib yotibdi. Natijada iflos suvlar oqib, atrofga sassiq, qo‘lansa hidlar tarqalmoqda. Atigi bir necha o‘n metr masofada esa aholi uylari joylashgan.
2018 yilda yangi uy-joylarga ko‘chib kelgan odamlar gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta'minotida muammo yo‘qligidan xursand bo‘lishgan edi. Ammo ularni o‘ziga xos «syurpriz» - «sovg‘a» kutib turgandi.
Gap shundaki, mahalla yaqinida chiqindi yig‘ish poligoni joylashgan bo‘lib, Urganch shahri chiqindilari shu joyga tashlanadi. Bu poligon 1980-yillarda tashkil qilingan. Albatta 40 yil oldin poligon aholi yashash joylaridan yetarli daraja uzoqda bo‘lgan. Ammo shahar va qishloqlar kengayishi natijasida, aholi yashash joylari poligonga ancha yaqinlashib qolgan. Ayni paytda poligondan «Cho‘lobod» mahallasigacha bo‘lgan masofa atigi 1–1,5 kilometrni tashkil qilmoqda.
Mana shu chiqindi poligonidan tarqalayotgan sassiq va qo‘lansa hid odamlarni qiynab yuboryapti. Masofa uzoq bo‘lsa-da, mahalla hududida chiqindilar hidi sezilib turadi. Odamlarning so‘zlariga ko‘ra, kechki paytda chiqindilar yoqib yuborilmoqda. Natijada, shamol esgan paytda badbo‘y hidli tutun mahalla hududini xuddi tumandek qoplab olyapti. Odamlarning nafas olishi qiyinlashib, ko‘ngil aynish, qayt qilish holatlari uchramoqda. Yozning issiq kunlarida esa chirib, aynib borayotgan chiqindilarning badbo‘y hidlariga chidab bo‘lmayapti.
Hozirgi vaqtda chiqindi yig‘ish poligonidan «Urganch Avto Eko trans» MChJ foydalanib kelmoqda. Avvalroq, mahalla aholisining bir necha bor yo‘llagan shikoyatlaridan so‘ng, Xorazm viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi poligonda chiqindilarni joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, ko‘mish, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish qoidalari buzilganini, shuningdek, «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasi talablari (chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida belgilangan sanitariya normalari va qoidalariga, ekologik normativlarga rioya etish) buzilgani aniqlangan va ish ma'muriy sudga oshirilgan.
Mahalla aholisi chiqindi yig‘ish poligoni faoliyatining zararli oqibatlaridan aziyat chekayotgani, aholi orasida allergik va boshqa kasalliklar ko‘payib ketgani, shu sababli poligonni ko‘chirib yuborishni so‘rab Xorazm viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasiga shikoyat xati bilan murojaat qilgan bo‘lishiga qaramay, vaziyat o‘zgarmaganini aytishmoqda.
«Urganch Avto Eko trans» MChJ rahbari Eshchanboy Shexov bu masala bo‘yicha izoh berdi.
«Cho‘lobod» mahallasi yaqinidagi chiqindi poligoni 1982 yilda tashkil qilingan. Ammo allaqachon chiqindiga to‘lib, o‘z vazifasini to‘liq bajarib, «yoshini yashab» bo‘lgan. Hozirgi vaqtda Qo‘shko‘pir tumanidagi 20 gektar chekka hududda zamonaviy chiqindi poligoni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shu poligon ishga tushishi bilan «Cho‘lobod» mahallasi yaqinidagi poligon rekultivatsiya qilinadi, zararsizlantiriladi va ko‘mib tashlanadi. Chiqindi to‘plangan joylarda biogaz paydo bo‘lishi tabiiy hol. U havo bilan aralashib, yong‘in keltirib chiqarishi mumkin. Albatta imkon qadar buning oldini olishga, bartaraf etishga harakat qilyapmiz», dedi u.
Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rahbari Otabek Qilichev vaziyatga izoh berdi.
«Cho‘lobod» mahallasi yaqinidagi chiqindi poligoni investitsiya dasturiga kiritilgan. U utilizatsiya va rekultivatsiya qilinadi, zararsizlantirilib, ko‘mib tashlanadi. U yerga daraxtlar ekiladi, kollektorlar qaziladi. Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidagi chiqindi poligonlarini rekultivatsiya, utilizatsiya qilish uchun Germaniyadan 60 mln dollarlik investitsiya jalb qilingan. Shu dastur doirasida Xorazm viloyatida 3ta yangi chiqindi poligoni Qo‘shko‘pir, Bog‘ot va Tuproqqal'a tumani hududida barpo qilinishi rejalashtirilgan. Hozir loyihalash ishlari ekspertizadan o‘tkazilmoqda», dedi u.
Hozircha yangi chiqindi poligonlari qachon ishga tushirilishi, eskilari qachon utilizatsiya qilinishi haqida hech kim aniq ma'lumot berolmayapti. Cho‘lobodliklar esa yillar davomida e'tiborsiz qoldirilgan ijtimoiy muammolarning hal qilinishini, ko‘prik qurib berilishini, kanalizatsiya quvuri ta'mirlanishini, poligondan tarqalayotgan sassiq tutun va badbo‘y hid bartaraf etilishini so‘ramoqdalar. Ular ham «odamga o‘xshab yashashga» haqli ekanini ta'kidlashmoqda.
Nurmuhammad Said