Joriy yilning 29 iyun kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyasining 4-yig‘ilishi videokonferensiya shaklida o‘tkazildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirda O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha muzokaralar olib borish guruhi a'zolari ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha Ishchi guruhining bo‘lajak 4-yig‘ilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Hozirgi kundagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-yig‘ilishi joriy yilning 7 iyul kuni "gibrid" shaklida o‘tkazilishi, ya'ni Jyenevadagi xorijiy davlatlarning diplomatik missiyalari delegatsiyalari Tashkilot shtab-kvartirasining majlislar zalida, ekspert guruhlari esa, shu jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi, videokonferensiya orqali ishtirok etishiga kelishib olindi.
JSTga a'zo bo‘lish jarayonini qayta tiklash 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish Strategiyasida belgilab o‘tilgan va ko‘p tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuvi hisobiga mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan JSTga a'zo bo‘lish jarayoni muhim vazifa ekanligi va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning bir qator omillariga ta'sir etuvchi masalalar majmuini tezkor hal etishni talab qilishi alohida ta'kidlandi.
JSTga a'zo bo‘lish bilan bog‘liq hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha muzokaralar guruhi va alohida mavzular bo‘yicha ishchi guruhlar ishining samaradorligini yanada oshirishning ahamiyatiga e'tibor qaratildi.
Yig‘ilish natijasida Ishchi guruhining 4-yig‘ilishini va muzokaralar jarayonini samarali tashkil etish hamda muzokaralar olib boruvchi guruh a'zolarining mas'uliyatini oshirishga qaratilgan qator qarorlar qabul qilindi.