«Eng yetuk olimlar davrasida ishlash maqsadim bo‘lgan» - Britaniyada yashayotgan o‘zbekistonlik muhandis Abror Tolipov bilan suhbat

Jamiyat 19:35 / 28.06.2020 13991

Xorijda o‘qish va ishlash – o‘ziga talabchan, tanlagan sohasi bo‘yicha kattaroq yutuqlarni istagan har qanday shaxs karerasidagi eng muhim bosqichlardan biri.

Shunday bo‘lsa-da, rivojlangan davlatlarda tahsil olish va ishlab ko‘rish hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uchun kishida kuchli intilish, erishgan marralari bilan chegaralanib qolmaslik qat'iyati va albatta odatiy hayotini o‘zgartirishga jur'at yetarli bo‘lishi lozim.

Kun.uz`ning «Xorijdagi o‘zbeklar» rukni navbatdagi qahramoni – muhandis Abror Tolipov bir necha yillar oldin magistr diplomi bilan o‘zi qiziqqan sohada bir maromda ishlab kelayotgan, yosh bo‘lsa-da bir necha yillik tajribaga ega kadr sifatida shakllanib ulgurgan, oila qurib, farzandli ham bo‘lgan edi. Ammo yuqori ta'kidlaganimiz – o‘z ustida ishlashga bo‘lgan chanqoqlik uni o‘z kasbini chuqurroq egallashga, xorijda doktorantura o‘qishga undadi.

Biz hamyurtimiz bilan Buyuk Britaniyaga safarimiz davomida, Birmingem shahridagi xonadonida suhbatda bo‘ldik. Suhbatimiz 35 yoshli injyenerning bir necha yillar oldin o‘z izlanishlari bilan grantga ega chiqib, Angliyaga ko‘chib kelishi, Birmingem universitetida PhD darajasini olib, yirik kompaniyada ishga joylashishi jarayonlari atrofida kechdi.

Abror Tolipov – 2008 yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini avtomobillarni loyihalash va ekspluatatsiya qilish yo‘nalishida tamomlab, shu yildan institutda magistratura bosqichida o‘qiy boshlagan. 2009 yildan, magistraturaning ikkinchi mutaxassisligida Yevropa ittifoqining TeMPUS dasturi doirasida Shvetsiyaning KTH texnologiya instituti va Italiyaning Turin universiteti professorlaridan tahsil olgan.

Tolipov 2010 yildan GM Uzbekistan tizimida ishlay boshlaydi, Toshkentdagi Turin politexnika universitetida 5 yil korxonalarda ishlab chiqarishni takomillashtirish va mahsulotlarni mahalliylashtirish yo‘nalishlarida mutaxassis sifatida faoliyat olib borgan.

Shundan so‘ng muhandis Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tib, Birmingem universiteti doktoranturasida o‘qigan. 2018 yildan buyon ESI Group kompaniyasida injyener sifatida ishlab kelmoqda. Shu bilan birga, ilmiy faoliyatini ham to‘xtatmagan holda ilmiy jurnallarda maqolalar chop ettirib turadi, Kembrijdagi payvandchilik institutida (The Welding Institute) olimlar bilan yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda.

– Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida minilgan avtomobillar, garchi sifatli va nomdor kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, ancha past narxlarda sotiladi. Safarimiz davomida ko‘rdikki, ko‘plab turdagi mashinalarni 2-3 ming funt atrofida sotib olsa bo‘ladi. O‘zbekistondagi narxlar bilan solishtirganda, bizda qimmatligiga izoh bera olasizmi?

– Albatta. Bunga Yevropada avtomobillarning haddan tashqari ko‘pligi sabab. Avtomobillar savdosi juda katta hajmda aylanadi, shu sababdan bu yerda marketing bor. Avtomobilni ushlab turishdan ularga foyda yo‘q.

Buyuk Britaniyani olib qaraydigan bo‘lsak, bu yerda haqiqatan ham avtomobil juda ham ko‘p. Narxlari hamyonbop. Ochig‘i, bu yerga kelgan odam avtomobil sotib olishda o‘ylanib o‘tirmaydi. Kerak bo‘lsa, sotib oladi. Kerak bo‘lmasa, olmaydi. Sababi – avtomobilga bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga borish uchun transport vositasi sifatida qaraladi.

Britaniyada jamoat transporti ham yuqori darajada rivojlangan. Jamoat transporti daqiqa-soniyalarigacha aniq belgilangan vaqtlarda harakatlanadi. Shuning uchun ham jamoat transporti juda keng ommalashgan. Talabalar, pensionerlar, homilador ayollarga imtiyozlar bor.

Avtomobil arzon bo‘lgani bilan, bu yerda soliqlar bor. Yo‘l solig‘i, avtomobil solig‘i va boshqa to‘lovlar. Shularni qo‘shib hisoblaganda, 2 ming funtga avtomobil sotib olsangiz, bu bir yilda xarajatlari bilan 4 mingga borib qolishi mumkin.

– Avtosanoat sohasida ishlab, so‘ng doktoranturada o‘qish uchun Buyuk Britaniyaga kelgansiz. Nima sababdan aynan shu mamlakatni tanladingiz?

– Nega aynan Yevropani tanlagansiz, nega ayni shu universitet, degan savollar ko‘p bo‘ladi. O‘zimdan kelib chiqsak, mahalliy avtosanoatimizdan, ta'lim tizimimizdan qoniqmaganim uchun o‘z ustimda ishlashimga to‘g‘ri kelgan. Vaqtimni shunga sarflasam, yutqizmasligimni tushunib yetdim.

O‘z oldimga xorijda o‘qish maqsadini qo‘ygach, buning uchun homiy topishim kerak edi. Doktoranturaning to‘lovlari bor, boz ustiga men oilaliman – qizim Britaniyaga kelmasimdan oldin, o‘g‘lim esa o‘qishim davomida tug‘ilgan.

Men ish yuzasidan ham, biror joyga borganimda ham, ko‘p-ko‘p insonlar bilan suhbatlashardim va bu suhbatlardan olgan narsalarimni, ta'lim va sanoatimizdagi muammolarni alohida qayd etib qo‘yardim. Homiy topish uchun insho yozgan paytingizda hayotiy muammolarni yozsangiz, ishonarli chiqadi.

Maqsadim homiylarni nimagadir ishontirish emas, shaxs sifatida yangi darajaga chiqish, akademiklar doirasiga kirish, yetuk olimlar bilan suhbatlashish va kerak bo‘lsa, shular bilan birga ishlash bo‘lgan.

Shu tariqa, har kuni ishdan keyin vaqtimni aynan homiy izlashga sarfladim. Bunga 3-4 oy vaqt ketdi. Homiy topdim ham. Ular menga: «Endi universitet topsangiz, mablag‘larini to‘lab beramiz, inshoda yozgan sohangizda o‘qiy boshlaysiz», deyishdi.

Mana shu joyida xato qilish kerak emas. Yoshlar ko‘p joydan maslahat olishadi va o‘zlari o‘qib, ishlab kelgan yo‘nalish qolib, maslahat berganlar aytgan sohani tanlab olmasliklari kerak. Mayli, grant topdi ham deylik, homiy mablag‘larni to‘lab berdi ham deylik, lekin bu yo‘nalishda o‘qib ketish nima bo‘ladi? Shuning uchun kishi o‘ziga bu yo‘nalish menga mosmi, degan savolni berib ko‘rishi kerak.

– Bu yerga kelganingizdan keyin siz eng qiyin deb topgan narsa nima bo‘ldi?

– Men uchun qiyinchilik tug‘dirgani – shu paytgacha Yevropaga chiqmaganim bo‘lgan. Maktabdan boshlab kollej va universitetda ham, keyinchalik ish joylarimda ham o‘zbekcha muhitda ulg‘aygan edim.

– Oilangizni qachon olib keldingiz?

– 2014 yil dekabr oyida o‘zim kelgan bo‘lsam, oradan 7-8 oy o‘tgach, oilamni ham olib keldim. Sababi – avval o‘zim moslashib olishim, biroz oyoqqa turib olishim kerak bo‘lgan. Inglizchasiga speed-up deydi, ya'ni shu jarayonni tezlashtirish maqsadi bo‘lgan.

O‘qishga kelmoqchi bo‘lganlarga maslahatim: agar oila qurgan va farzandi bo‘lsa, imkoniyati bo‘lsagina olib kelishsin. O‘sha paytda mening imkoniyatim va diqqat markazim o‘qishda bo‘lgan. Menimcha, bu narsa oilangizdagilarga qattiq tegadi: agar doim faqat o‘qish bilan band bo‘lsangiz, ayolingizga yoki bolalaringizga vaqt ajratmasangiz, bu ularga og‘ir botadi.

Shuning uchun ham ular avvaliga ota-onam bag‘rida bo‘lib turishgani ma'qul deb bildim. Ayolim O‘zbekistonda kardiologiya sohasida ishlardi. Oila qurganimizga ko‘p bo‘lmagan, qizim endi tug‘ilgan edi – bu paytda o‘qishga bir o‘zim ketishga ko‘ndirish oson bo‘lmagan.

Oilamni 7-8 oydan keyin olib keldim. Olib kelganimdan keyin ham, bu yerga oilam bilan moslashish juda qiyin bo‘lgan. Ya'ni sarf-xarajatingiz o‘sib boradi. Avval yotoqxonada sherikchilikda turgan bo‘lsangiz, oila bilan buning iloji yo‘q. Oilali studentlar ijaraga uy olishiga to‘g‘ri keladi. Uy ijaraga olish uchun esa yetarlicha mablag‘ingiz bo‘lishi kerak. Va bu mablag‘ kichkina emas. Bundan tashqari, boshqa to‘lovlar ham bor – gaz, svet, internet... Bu yerda to‘lamasangiz, hamma narsa avtomatik o‘chadi.

Shu narsalarni o‘ylab, o‘zim uchun oilaviy budjet qilib, tejamkorroq uy ijaraga olganman. Bu narsalarni oilani olib kelishdan oldin rejalashtiringiz, ijaraga uy olayotgan joyingizni kelib o‘rganishingiz kerak: atrofi, muhiti, tinch joymi, qanaqa odamlar yashaydi, bu atrofda qanaqa do‘konlar bor, qanaqa ovqatlanish joylari bor, qanaqa xizmat ko‘rsatish, masalan tibbiyot maskanlar bor.

Shularni ko‘rib chiqib, ijaraga uy olib, hamma narsani tayin qilib, keyin oilamni chaqirganman.

– Bu yerda o‘zingiz tanlagan sohada ishga kirishingiz qanday kechgan?

– Men bu sohaga juda ham yaqin bo‘lganman. Magistraturani o‘qish paytida aynan shu sohani tanlagan edim. Shu sohada yaxshi mutaxassis bo‘la olishimga ishonganman va aniq maqsad qo‘yganman.

O‘z tajribangizdan kelib chiqib boshqalarga maslahat berishingiz mumkin, lekin bu maslahat ish beradimi-yo‘qmi, noma'lum. Hammada har xil sharoit. Men bu yerda har xil holatni boshdan kechirdim, qiyinchilikni ham ko‘rdim. Oson emas, musofir yurtdasiz – kasal bo‘lib qolsangiz, biror bir kamchiligingiz bo‘lsa, homiyingiz mablag‘ni vaqtida tushirib bermay qolsa, uy to‘lovlari, transport xarajatlari bor...

Har yili ta'til paytimda oilam bilan O‘zbekistonga borardik, o‘qish boshlanganda yana qaytardik. Solishtirib ko‘rsam, biz O‘zbekistonda qaramligimizni sezib qoldim – hamma narsani ota-onamiz qilib berarkan. Ota-ona farzandiga hatto uy-joy ham qilib beradi.

Bizda bozorga borsangiz, hamma narsani talashib-savdolashib olasiz. Bu yerda aniq hisob-kitob bilan yurishingiz kerak. Busiz iloji yo‘q. O‘zbekistonda bugun pulingiz yetmay qolsa, qarz olib turasiz, yoki ota-onangiz, yo do‘st-birodarlaringiz yordamlashib turadi; biznesingiz yurmay qolsa, investor topasiz... Bu yerda birdaniga shu narsani qilib ketish oson emas. Albatta, imkoniyat bor, yo‘q emas. Ammo bankka borib qarz olmoqchi bo‘lsangiz ham, u avval sizni eshitib ko‘radi: «Unga qarz bersa bo‘ladimi, o‘zi qiynalib turgan bo‘lsa, qanday qilib qaytaradi...»

Menda shunday paytlar ham bo‘ldi: uni qilsangiz bunga yetmaydi, buni qilsangiz unga. Shundan keyin o‘ylashni boshladim, nima qilsam bo‘ladi?

Imkoniyatlar eshigini ocha boshladim. Men o‘qigan Birmingem universitetining kampusi ancha katta, ko‘p bo‘limlar bor. Har bir bo‘limning o‘ziga yarasha turli xizmatlari bor. Men ularga avvallari hech qiziqmagan ekanman. Faqat u yerdagi xonam, kutubxona, laboratoriya, zavoddagi eksperimentlar bilan band bo‘lgan ekanman. Qarasam, universitet xalqaro studentlar murojaat qiladigan bo‘limlar bor ekan. Bitta bo‘lim emas, bo‘limlar: ular ham xar xil yo‘nalishlarga bo‘linarkan. Kimdir uy topishga qiynalsa, yoki mablag‘ jihatdan muammosi bo‘lsa, unga alohida bo‘lim. Yoki qaysidir talabaga ish kerak bo‘lsa, mening bilimim, vaqtim bor, ishlay olaman, desangiz, buning uchun ham alohida bo‘lim bor. Men shu bo‘limga bordim.

Ular menga turli variantlar ro‘yxatini berishdi. Masalan, o‘qitish. Ya'ni professorimga assistent bo‘lib, talabalarga kompyuterda bajariladigan laboratoriya ishlarida bosh-qosh bo‘lish mumkin. Buning uchun yaxshiroq haq to‘lashadi. Keyin men boshqa oddiy xizmatlarni ham qilishni boshladim, universitetning ichida turli xizmatlar bor. Masalan, hospitality – studentlarga xizmat ko‘rsatish. Buning to‘lovi kichkina. Endi, bular bilan cheklanib qolish kerak emas, bu usullar moliyaviy qiyinchilikni yengib o‘tish uchun vaqtincha yordam beradi.

Keyinroq dissertatsiya yoza boshladim. Bu paytda esa savol paydo bo‘ladi: bitirib nima ish qilaman? Siz aynan bitirmasingizdan oldin otni qamchilashingiz kerak: ishingizni tayin qilib qo‘yishingiz zarur.

Bitirib O‘zbekistonga qaytib borsammikin yo shu yerda tajribamni amaliyotda sinaganim yaxshimi? Doktorantura sertifikati bilan borsangiz, sizga tayyor ish beraman, deb kutib turishmaydi albatta. To‘g‘ri, O‘zbekistonda ham o‘z sohamda ma'lum darajada aloqalarga ega edim, lekin doktoranturada o‘rganganlarimni oldin shu yerda ishlatib ko‘rish fikri keldi. Bu yo‘nalishda oylik qanaqa ekan, qanaqa imkoniyatlar bor ekan, bizga qanaqa mas'uliyat yuklanargan degan qiziqish uyg‘ondi.

Shundan keyin universitetdagi ilmiy rahbarlarim tavsiyasi bilan ishga – ESI Group kompaniyasiga hujjat topshirdim. Ishga qabul qilish 5ta bosqichdan iborat ekan...

 

Suhbatni batafsil Kun.uz`ning YouTube sahifasida tomosha qiling. Unda hamyurtimiz ishga kirishi jarayoni qanday kechgani, kelgusi rejalari haqida ham gapirib o‘tgan.

Doniyor Tuxsinov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: