TikTok’dagi video sabab Italiyadagi shaharchaga sayyohlar yopirilib keldi

Jahon 14:58 3015

Italiyaning Rokkarazo tog‘-chang‘i kurorti (mamlakat sharqidagi Abrutssi hududida joylashgan) TikTok’da tarqalgan video tufayli misli ko‘rilmagan sayyohlar oqimiga duch keldi. 26 yanvar yakshanba kuni shaharchaga 260 ta avtobusda 10 mingdan ziyod odam tashrif buyurdi. Ularning aksariyati Neapol va Kampaniya hududlaridan kelgan.

TikTok’da 1,7 million obunachiga ega bloger Rita De Kreschenso shahar manzaralarini aks ettirgan bir nechta video va fotosuratlarni tarmoqqa joylaganidan so‘ng shunday yirik sayyohlar oqimi yuzaga keldi. Rolik ko‘plab layk va izohlar to‘plagan. O‘z navbatida, mahalliy sayyohlik agentliklari shaharchaga bo‘lgan qiziqishni tez payqadi va Rokkarazoga nonushtani o‘z ichiga olgan 20-30 yevrolik arzon avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘ydi. Ko‘pchilik sayyohlar uchun bu ayni muddao bo‘ldi, chunki odatda, Rokkarazodagi bir kunlik chang‘i kartochkasi (ski-pass) ikki barobar qimmat - 60 yevro turadi.

Shahar meri Franchesko Di Donatoning ta’kidlashicha, kurort hatto eng gavjum kunlarda ham bunday sayyohlar oqimini ko‘rmagan. Odatda qish mavsumida shaharda 20 ming chang‘ichi dam olsa, yana 15 mingga yaqin kishi shunchaki sayyohlik maqsadida tashrif buyurardi. Biroq ro‘yxatdan o‘tmagan ikki yuzdan ortiq avtobusning kelishi barcha me’yorlardan oshib ketdi. Shu sababli shanba va yakshanba kunlari turistik avtobuslar sonini 100 tagacha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shaharga kirish uchun oldindan joy band qilish talab etiladi.

Ba’zi internet foydalanuvchilari shahar merining bu ishini Neapoldan kelgan sayyohlarni kamsitish deb baholadi. Di Donato bu ayblovlarni rad etib, Rokkarazo shahri sayyohlarni xush ko‘rishini, biroq ularning tartib-intizomga rioya qilishini istashini ta’kidladi.

“Rokkarazo bu yakshanbadagi kabi sayyohlar oqimini qabul qila olmaydi. Biz tog‘-chang‘i kurortiga 1000 ta hojatxona qurolmaymiz”, — dedi mer.

Ko‘proq yangiliklar: