AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiyadan avval bir necha marta Kanadaning AQSh bilan birlashishi haqida gapirdi.
“Agar Kanada AQSh bilan birlashsa, hech qanday tariflar bo‘lmaydi, soliqlar sezilarli darajada kamayadi va ular doimo o‘zlarini o‘rab turgan Rossiya va Xitoy kemalari tahdididan butunlay himoyalangan bo‘ladi. Birgalikda bu qanday buyuk davlat bo‘lar edi”, deb yozdi Oq uyning bo‘lajak rahbari 6 yanvar, dushanba kuni o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Bundan tashqari Tramp Meksika va Daniyaga qarashli Grenlandiya orolini AQShga qo‘shib olish haqida ham bir necha bor yozdi. U Meksika va Kanadaga AQSh shtatlari bo‘lishni taklif etyapti, Grenlandiyani esa sotib olmoqchi.
Kanada, Meksika va Daniya Trampning taklifiga rad javobini berishdi. Jumladan, Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli va avvalroq iste’foga chiqishini e’lon qilgan Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Trampga javob qaytardi:
18-asr ikkinchi yarmida AQSh ilk tashkil topgan paytda Kanada ham Britaniya tarkibida edi. Bu davlat 1867 yil mustaqil bo‘lgan.
Undan bir necha yil avval esa otib o‘ldirilgan bitta cho‘chqa tufayli AQSh va Britaniya o‘rtasida yangi urush boshlanishiga bir bahya qolgandi. Agar o‘shanda cho‘chqaning egasi va uni otgan odam o‘zaro kelishganda bu hodisa tarixda ham qolmas edi.
Hodisa
1859 yil 15 iyun kuni amerikalik fermer Layman Katler San-Xuan orolida joylashgan yeriga boradi. Qarasa qo‘shnining katta cho‘chqasi uning kartoshka ekilgan dalasida o‘tlab yuribdi.
Bu holat avval ham bir necha bor takrorlangan, biroq Layman cho‘chqaning egasiga indamagan edi. Bu safar u o‘ylab ham o‘tirmaydi va hayvonni otib tashlaydi.
Cho‘chqa kelib chiqishi irlandiyalik bo‘lgan Britaniya fuqarosi Charlz Griffin degan shaxsga tegishli edi. Layman o‘ldirilgan cho‘chqa uchun unga tovon puli sifatida 10 dollar taklif etadi. Biroq Charlz bu pulga ko‘nmaydi va 100 dollar talab qiladi.
Shunda Layman cho‘chqa uning yeriga kelib, kartoshka poyalarini payhon qilganini, shu sababli unga bir sent ham bermasligini aytadi. O‘rtada mojaro kelib chiqadi.
Shundan so‘ng Charlz Britaniya hukumati vakillariga murojaat qiladi. Ular Laymanni hibsga olishga qaror qilishadi. O‘z navbatida Layman ham Amerika tomondan o‘zini himoya qilishni so‘raydi. Shu tariqa ikki qo‘shnining o‘zaro tortishuvi hukumatlararo mojaroga aylanadi.
Aslida bu hodisa ikki qo‘shni o‘rtasidagi emas, balki AQSh va Britaniya o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan San-Xuan orolini egallash uchun boshlangan mojaro edi.
1846 yilda AQSh va Britaniya o‘rtasida imzolangan Oregon shartnomasida San-Xuan oroli atrofidan o‘tgan chegara bo‘yicha aniq kelishuv yo‘q edi.
O‘shanda britaniyaliklar va amerikaliklar bir-biriga orol atrofidan chegarani qanday tortish bo‘yicha o‘z talab hamda taklifini qo‘yadi. Biroq tomonlar bir-birining taklifini qabul qilmaydi. Oqibatda orol bahsli hududga aylanib qoladi va har ikki davlat ham orolni o‘ziniki deb hisoblay boshlaydi.
Ma’lumot uchun, Oregon shartnomasiga ko‘ra AQSh va Britaniya Shimoliy Amerikasi o‘rtasida chegara tortiladi. O‘shanda chegara Minnesottadan Qoyali tog‘largacha 49-parallel bo‘ylab tortiladi.
Harbiy safargarlik
O‘sha paytda AQShning Oregon harbiy okrugiga general Uilyam Harni boshchilik qilardi. U avvaliga San-Xuan oroliga piyodalar polkida xizmat qilayotgan 66 nafar harbiyni yuboradi.
General harbiylarga orolni britaniyaliklar bosib olishiga yo‘l qo‘ymaslikni buyuradi. Keyinroq amerikaliklar orolga yana 14 ta zambarak bilan qurollangan 400 nafar harbiyni yuboradi.
Britaniyaning Vankuver koloniyasi gubernatori Jyeyms Duglas edi. U kontr-admiral Robert Beynsga San-Xuan oroliga qo‘shin tushirish va u yerdan amerikaliklarni quvib yuborishni buyuradi.
Kutilmaganda Beyns bu buyruqni bajarishdan bosh tortadi. U Vankuver gubernatoriga arzimagan bitta cho‘chqa uchun ikki yirik davlatning urush qilishi aqlga sig‘masligini aytadi.
Gubernator unga gap bitta cho‘chqa emas, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan orol haqida ketayotganini tushuntiradi. Shu tariqa Britaniya ham orolga qo‘shin yuboradi.
O‘shanda britaniyaliklar San-Xuanga beshta harbiy kemada 2 100 nafardan oshiqroq harbiy jo‘natishadi. Natijada kichik bir orolda ikki davlat harbiylari joylashadi. Har ikki tomon o‘z harbiylariga birinchi bo‘lib hujum qilmaslik, mabodo dushman tomon hujum boshlasa orolni himoya qilish topshirig‘ini beradi.
Qisqa vaqtda San-Xuan orolida sodir bo‘layotgan taranglik Vashington va Londonga ham yetib boradi va har ikki mamlakat hukumati a’zolari hayron qolishadi. Biroq har ikki tomonda orolni raqib tortib olib qo‘ymasin degan xavotir bor edi.
AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jyeyms Byukenen San-Xuan oroliga general Uinfild Skotni yuboradi. Unga britaniyaliklar gubernatori Jyeyms Duglas bilan muzokara o‘tkazib, inqirozni yumshatish topshirig‘ini beradi.
Skott Vankuverga oktyabrda yetib boradi va gubernator bilan uchrashadi. Muzokaralar so‘ngida ikki tomon orolning taqdiri biryoqlik bo‘lguncha San-Xuanni birga egallab turishga kelishishadi.
Kelishuvda orolda 100 nafardan oshiq harbiy saqlab turmaslik sharti ham bor edi. Shu tariqa, orolning shimoliy qismiga britaniyalik, janubiy qismiga amerikalik harbiylar joylashadi.
Orolning Amerikaga o‘tib ketishi
Ko‘p o‘tmay AQShda fuqarolar urushi boshlanib ketadi. Biroq o‘sha paytda ham amerikalik harbiylar orolni tark etmaydi.
Amerikada fuqarolar urushi davom etayotgan paytda Londonda hukumatning ayrim a’zolari vaziyatdan foydalanib nafaqat orolni, balki o‘sha atrofdagi AQShga tegishli boshqa hududlarni ham bosib olishni talab qilib chiqishadi. Biroq bu taklif rad etiladi.
Chunki o‘zi shundoq ham Britaniyaning Kanada hududidagi koloniyalarida norozilik kayfiyati kuchayib borayotgandi. Qolaversa, fuqarolar urushi tugagach Amerika jiddiy o‘ch olishi va qasos sifatida Britaniyaga tegishli hududlarni bosib olishi mumkin edi. Shu sababli Britaniya hukumati orolni batamom bosib olishdan o‘zini tiyadi.
1865 yilda AQShdagi fuqarolar urushi tugaydi va mamlakat hududiy yaxlitligini saqlab qoladi. Bu paytda kanadaliklar ham ozodlik uchun harakat boshlashadi va 1867 yilda mustaqil bo‘ladi. Biroq Britaniya San-Xuanda turgan harbiylarni olib ketmaydi. Britaniya hukumati orolni o‘z nazorati ostida saqlab qolish niyatida edi.
Oroldagi mojaro boshlanganiga 12 yil bo‘lganda 1871 yilda AQSh va Britaniya o‘rtasida Vashington shartnomasi imzolanadi. Unga ko‘ra bahsli bo‘lib turgan San-Xuan oroli masalasi ko‘rishni xalqaro arbitrajga topshiriladi.
Xalqaro arbitraj sifatida esa Germaniya imperatori Vilgelm I tanlanadi. Imperator qariyb bir yildan so‘ng bu vakolatni Jyenevadagi komissiya a’zolariga topshiradi.
1872 yil 21 oktyabr kuni komissiya San-Xuan orolini AQShga topshirish haqida qaror qabul qiladi. Oradan bir oy o‘tgach Britaniya harbiylari orolni tashlab chiqib ketadi.
O‘shanda yaqinda mustaqil bo‘lgan Kanada orolning AQShga topshirilishiga qarshi chiqadi. Biroq Shimoliy Amerikadagi barcha mulklaridan ayrilgan Britaniya ularning e’tiroziga qarab o‘tirmaydi.
Kanadaning o‘zi AQShga orol uchun da’vo qilolmaydi. Aniqrog‘i jur’ati yetmaydi. Chunki AQSh kuchli edi va o‘rtada qurolli mojaro boshlansa Kanadaning boshqa hududlarini ham bosib olishi mumkin edi.
Orolga joylashgan AQSh harbiylari San-Xuanni 1874 yilda tark etishadi. Bu paytga kelib orol to‘laqonli Amerika mulkiga aylanib bo‘lgandi.
Hozirgi kunda San-Xuan arxipelagi tarkibiga kiruvchi San-Xuan oroli Vashington shtati hududi hisoblanadi. U Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi bilan chegaradosh. San-Xuan arxipelagida jami 170 ta katta-kichik orol bor va ularning barchasi AQShga tegishli.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.