Qo‘shrabotda odam urib ketgan shaxs tovon puli to‘lamadi, MIB yanvardagi sud ajrimini hamon ijro etmagan

Jamiyat 11:45 / 24.06.2020 13881

Og‘ir jarohatlangan, to‘qqizta suyagi singan ayol uch marta operatsiyani boshdan o‘tkazadi. Ahvol og‘irligi uchun uch oydan ziyod vaqt davomida jonlantirish bo‘limida yotadi. Keyingi besh oy davomida to‘shakda yotib qolgan. Ayolni turmush o‘rtog‘i oylar davomida shifoxonama-shifoxona olib yurgan.

Bir odamning qonunbuzarligi boshqa bir oilani qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Uzoq davom etgan muolajalardan so‘ng N.T tirik qoladi, lekin o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgan oilaning haq-huquqlari to‘laligicha himoyaga olinmaydi.

Xususan, jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i A.T. jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumani sudining mazkur ish yuzasidan chiqargan hukmidan norozi bo‘lib, Samarqand viloyat jinoyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritadi. Sababi, dastlabki sud hukmida yuqoridagi voqealar oqibatida moddiy zarar ko‘rgan jabrlanuvchiga zararni undirib berish belgilanmagan va bu borada fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgandi.

2020 yil 24 yanvarda esa viloyat jinoyat sudi tomonidan ko‘rilgan sud ishida jabrlanuvchiga 28 million 810 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan. Biroq, shundan keyin ham oradan qariyb besh oy o‘tishiga qaramasdan jabrlanuvchiga hech qanday zarar undirilmagan.

Kun.uz muxbirlari Qo‘shrabot tuman majburiy ijro bo‘limida bo‘lganida, bo‘lim tomonidan 2020 yil 24 yanvardagi sud hukmiga asosan undiruv bo‘yicha ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish haqida qaror chiqarilgani ma'lum qilindi. Javobgarga 15 kunlik ixtiyoriy muddat ham berilgan. Ammo, mablag‘ to‘lanmagach, majburiy tarzda undiruv ham amalga oshmagan. Shunday keyin ham haligacha belgilangan mablag‘ning undirilmaganini tuman majburiy ijro bo‘limi xodimlari javobgarning biror-bir mol-mulki yo‘qligi bilan izohlaydi.

Nihoyat, 2020 yil 27 aprelda tuman majburiy ijro bo‘limi tomonidan «Avtotransport vositasini qidirish to‘g‘risida» qaror chiqariladi. Ammo shundan keyin ham mashina topilmaydi.

Biroq, o‘sha «topilmaydigan» mashinani javobgar har kuni ko‘chada bemalol boshqarib yurishi og‘ir ahvoldagi bemor va uning yaqinlarida tegishli tashkilotlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otadi.

«Mast holdagi, oldingi jinoyati uchun avtomobil boshqarish huquqi olib qo‘yilgan, tezlik me'yorlariga ham qaramagan odam yo‘l chetida turgan ayolimni urib, nogiron qilib qo‘ydi. 9 oydan oshdiki, ayolimning hayoti uchun kurashaman, takror-takror operatsiyalar o‘tkaziladi, sarson-sargardon bo‘lamiz, bor budimizdan ayrilamiz-u, aybdor odam ko‘chamizda xuddi shu mashinasida tarallabedod qilib yursa, kimga ishonishni ham bilmay qolarkansan.

Holbuki, u sud hukmiga ko‘ra, moddiy zararni qoplashi, axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi, muayyan huquqlardan mahrum qilinishi kerak edi. Agar zamon zo‘rniki bo‘lmasa, biz shu ahvolga tusharmidik? Xo‘p, bir necha oydan keyin MIB tomonidan mashina qidiruvga berilibdi. Axir men o‘zim borib mashinani topib berdim-ku, yana nima qilish kerak?», deya jig‘ibiyron bo‘ladi navbatdagi operatsiyaga tayyorlanayotgan jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i A.T.

10 iyun kuni jabrlanuvchiga tuman majburiy ijro bo‘limidan xat kelib, N.Qushmatovning avtomashinasi jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudining 2020 yil 27 yanvardagi xati asosida auksion savdosiga chiqarilishi ma'lum qilingan (lekin 20 iyun holatiga ko‘ra, e-auksion.uz saytida mazkur tumandan ijro hujjatlari asosida xatda nazarda tutilgan davlat belgili, 1999 yilda ishlab chiqarilgan «Neksiya» rusumli avtomashina ko‘rinmadi).

Xullas, avtomashina topilgach ham auksionga chiqarilmayotgani murojaat egasini norozi qilmoqda.

Murojaatchining mashinada odam urib ketgan haydovchi tayinli jazo olmagani haqidagi fikrlari ham kishini o‘yga toldiradi. Ehtimol, sud hukmida ko‘zda tutilgan jazo turlari o‘talayotgan, ammo nazorat qilishning imkoni bo‘lmayotgandir, degan o‘y bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudi mas'ullari bilan bog‘lanib, bir necha kun davomida aniq javob ololmadik. Aksiga olib, suddan ayni masala yuzasidan tuman IIB probatsiya bo‘limiga xat yuborilgan yoki yo‘qligi borasida ham IIB vakillari ma'lumot berishni lozim topmadi.

Shu sababdan, bu borada xulosa chiqarish uchun qo‘limizda asoslar yetarli emas. Hozircha eng muhimi, 9 oydan buyon og‘ir sinovlarni boshdan kechirayotgan oilaning huquqlari tiklanishi, unga yetkazilgan zarar tezroq undirilishidir.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: