Eron Mudofaa vazirligining yadroviy rivojlanishga mas’ul hisoblangan Maxfiy agentligi mamlakat kosmik dasturi obektlarida faoliyat yuritadi. Bu haqda Parijdagi Eron milliy qarshilik kengashi hisobotiga tayanib Fox News telekanali xabar berdi.
«Bir necha oy davomida to‘plangan ma’lumotlar Eron mudofaa innovatsiyalari va tadqiqot tashkiloti Shohrud va Semnandagi obektlarida yadroviy jangovar kallaklarni yaratish ustidagi ishlarni faollashtirganini ko‘rsatdi», — deyiladi hisobotda. Ta’kidlanishicha, ushbu obektlar avvallari faqat kosmik ixtirolar bilan shug‘ullanadi deya hisoblab kelingan.
Hisobotda, shuningdek, 2024 yil sentabrda Tehron Chamran-1 razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishda foydalangan Qaem-100 tashuvchi raketasi ham tilga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yadroviy kallakni ham tashishga qodir.
Semnan kosmodromidagi ikkinchi obektda Simorgh tipidagi suyuq yonilg‘ida ishlovchi dvigatelga ega raketalarni yaratish ishlari olib boriladi — u og‘ir sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga olib chiqishga qodir. Ammo tashkilotning hisoblashicha, ulardan yadroviy zaryadlarni yetkazishda ham foydalanish mumkin.
Axios’ning qayd etishicha, Jo Bayden prezidentligi davrida Eronning yadroviy dasturi «sezilarli darajada oldinga siljigan». 2023 yil dekabr oxirlarida MAGATE Eron 60 foizgacha boyitilgan uran ishlab chiqarish sur’atini oshirganini ma’lum qilgandi (yadroviy qurol uchun 90 foizgacha boyitilgan uran kerak bo‘ladi). 2024 yil bahorda Bayden administratsiyasi yadroviy tadqiqotlardan «jiddiy xavotiri» bo‘yicha ogohlantirish yuborgan. Shu bilan birga Eron yadroviy qurol yaratmoqchi ekanini rad etib keladi.