Energetikani rivojlantirishda aholining gazga bo‘lgan ehtiyoji inobatga olinishi kerak - SIA

Iqtisodiyot 19:43 2188

Strategik islohotlar agentligida Boston Consulting Group (BCG) xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, BCG vakillari Igor Alekseyev, Vasiliy Gurev va Igor Kopytov ishtirok etgan.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda 2035 yilgacha energetikani rivojlantirish bo‘yicha master-reja muhokama qilingan. Mazkur hujjat energetik resurslarga bo‘lgan talab, ishlab chiqarish va iste’mol hajmlarining uzoq muddatli prognozini o‘z ichiga oladi.

Muhokama davomida master-rejani takomillashtirishda hisobga olinishi lozim bo‘lgan bir qator muhim jihatlar qayd etilgan. Xususan, aholining, ayniqsa, metan va propanni asosiy daromad manbayi sifatida ishlatayotgan o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojlari inobatga olinishi lozimligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari uchrashuv davomida energiya samaradorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada yirik iste’molchilar uchun energiya samaradorligini oshirish birlamchi vazifa sifatida belgilangan. Bu esa iste’mol xarajatlarini va energiya tizimiga tushadigan yukni kamaytirishda yordam beradi. Ikkinchi navbatda, ishlab chiqarish tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish masalasi muhokama qilingan.

Uchrashuv davomidagi asosiy mavzulardan yana biri ijtimoiy muassasalar uchun barqaror gaz ta’minotini ta’minlash masalasi bo‘lgan. Maktablar, shifoxonalar va davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan boshqa muassasalar tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlanishi lozimligi ta’kidlangan. Mazkur obektlarning hozirgi darajadagi energiya ta’minotini saqlab qolish orqali mamlakat budjetiga tushadigan yuk ortib ketishining va aholi uchun qo‘shimcha xarajatlarning oldi olinadi.

“Energetik o‘tish jarayonida ko‘mir hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarishning ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda mavjud issiqlik elektr markazlari iste’mol qiladigan gaz hajmini keskin qisqartirishning oldini olish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan gaz quvvatlarini qayta taqsimlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi, shunda mavjud issiqlik elektr markazlari qo‘shimcha energiya generatsiyasi uchun tayanch zaxira sifatida samarali ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 Muhokama davomida suyultirilgan gaz ta’minoti va uning boshqaruv tizimini ishlab chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash jarayoniga xususiy sektor va autsorsing kompaniyalarini jalb etish masalasini ko‘rib chiqdi. Bu yondashuv taqsimot samaradorligini oshirish, xizmat sifatini yaxshilash va barqaror yetkazib berishni ta’minlash imkonini beradi”, deyiladi xabarda.

Kun.uz master-reja bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Energetika vazirligi axborot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, mazkur hujjat vazirlik va BCG  mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Bu jarayon hali oxiriga yetmagan. Muzokaralar va o‘rganishlar davom etyapti. Ishlar tugallanganidan keyin master-reja keng jamoatchilik tanishishi uchun e’lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: