Norezident-birja savdolari ishtirokchisi qanday hisobga qo‘yiladi?

Iqtisodiyot 11:23 / 24.06.2020 2264

Birja savdolarida qatnashuvchi norezident yuridik shaxslar birja savdolarini tashkil etuvchi joylashgan joydagi soliq organida soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilgan holda hisobga qo‘yiladi. Bunda soliq organida hisobga qo‘yish (hisobdan chiqarish) bepul amalga oshiriladi.
 
Norma’ning yozishicha, norezident yuridik shaxslar birja savdolarida qatnashishdan oldin soliq organlariga hisobga qo‘yish to‘g‘risida quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

belgilangan shaklda ariza;

o‘zi ta'sis etilgan mamlakatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatning notarial tarzda tasdiqlangan nusxasi;

vakolatli shaxsning fuqarolik pasporti nusxasi;

norezident yuridik shaxs vakolatli shaxsining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatning davlat tiliga tarjima qilingan notarial tarzda tasdiqlangan nusxasi.
 
Soliq organlari norezident-birja savdolarida qatnashuvchi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni DSQning avtomatlashtirilgan tizimi orqali Soliq to‘lovchilarining yagona reyestriga kiritadi. Ariza va zarur hujjatlar topshirilgandan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida ariza beruvchiga soliq organlarida hisobga qo‘yilganligi va unga STIR berilganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.
 
Birja savdolarida qatnashuvchi sifatida faoliyat to‘liq tugatilganda, norezident 15 kundan kechiktirmay soliq organiga hisobdan chiqarish to‘g‘risida ariza taqdim etadi. Soliq organi ariza berilgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida, norezident tomonidan soliq majburiyatlari to‘liq bajarilgan va soliq qarzi mavjud bo‘lmaganda, birja savdolari qatnashchisi bo‘lgan norezidentni hisobdan chiqaradi.
 
Hujjat 18.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: