19 martdagi prezident farmoni bilan, Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tuzilgan edi. 11 may kuni komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda koronavirus pandemiyasini «Olmaliq KMK» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ, «O‘zikkilamchiranglimetall» AJ va «Toshkent metallurgiya zavodi» MChJ QK faoliyatiga ta'sirini yumshatish masalalari muhokama qilinib, ayrim chora-tadbirlar belgilangan.
Yig‘ilish bayonida yuqorida nomlari qayd etilgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati va moddiy-texnika ta'minotiga pandemiyaning salbiy ta'siri natijasida uzilishlar kuzatilayotgani, bu esa ushbu korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga salbiy ta'sir qilayotgani ta'kidlanadi.
Bosh vazir – komissiya rahbari Abdulla Aripov tomonidan imzolangan bayonda «Olmaliq KMK» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ, «O‘zikkilamchiranglimetall» AJ va «Toshkent metallurgiya zavodi» MChJ QKlarga qator imtiyoz va preferensiyalar berilgan.
Masalan, 2020 yil 30 dekabrgacha respublikada davlat budjeti hisobidan qurilayotgan barcha obektlar uchun hamda davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va boshqa qurilish ishlari doirasida metalloprokatni, istisno tariqasida «O‘zmetkombinat» AJ bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri («Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablarini chetlab o‘tgan holda – tahr.) shartnomalar asosida, o‘rtacha birja narxlarida sotib olishga rozilik berilgan.
Yig‘ilish bayoni respublikada faoliyat yuritayotgan mahalliy metalloprokat ishlab chiqaruvchilarning faoliyatiga bevosita salbiy ta'sir ko‘rsatishi taxmin qilinmoqda.
Jumladan, bayonning 10-bandida respublikadagi aksariyat obektlarda qurilish ishlarining to‘xtatilgani natijasida ichki bozorda metalloprokatga bo‘lgan talabning keskin kamayishi tufayli hamda global miqyosda pandemiyaning keng tarqalishi sanoatning bazaviy tarmoqlari faoliyatiga ta'sirini yumshatish maqsadida mahalliy metalloprokat ishlab chiqaruvchilarning 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar tegishli ro‘yxat bo‘yicha metalloprokatni respublikaga import qilishni vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.
Ta'kidlash joiz, bayonda bu aynan kimlarning taklifi ekaniga oydinlik kiritilmagan.
Bayonning 20-bandida esa, aksincha, «Olmaliq KMK» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ, «O‘zikkilamchiranglimetall» AJ va «Toshkent metallurgiya zavodi» MChJ QKga import qilingan xomashyo, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va materiallardan keyinchalik «erkin muomalada bo‘lish rejimi» deklaratsiyasini rasmiylashtirish va muvofiqlik hamda ekologiya sertifikatini 2020 yil 31 dekabrgacha taqdim etish sharti bilan foydalanishga ruxsat etilgan.
Faqatgina xususiy sektordagi tadbirkorlarga o‘rnatilgan import cheklovlari xorijdan xomashyo olib kelib, respublikada qayta ishlab, tayyor mahsulot holida realizatsiya qilishga ixtisoslashgan ayrim metalloprokat korxonalarining inqiroziga sabab bo‘lishi mumkin.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublika xususiy sektorida 100dan ortiq mahalliy metalloprokat korxonalari mavjud va ularda o‘n mingdan ortiq odam doimiy ish bilan band. Ularning aksariyati xomashyoni Rossiya va boshqa xorijiy davlatlardan import qiladi. Sababi shundaki, import xomashyodan tayyorlangan mahsulot mahalliy xomashyodan tayyorlanganiga nisbatan ancha sifatli va xaridorgir bo‘ladi.
Davlatning ulushi bo‘lgan gigant korxonalarning import imkoniyatlari saqlanib qolishi barobarida ularga qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etilishi joriy yil yakuniga qadar davom etadigan bo‘lsa, xususiy sektordagi tadbirkorlarning inqirozga yuz tutishi, minglab xodimlar ishidan va doimiy daromadidan ajralishi mumkin.
«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining:
· shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag‘larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining afzalligi to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi sub'yektga ko‘rsatmalar berishi;
· ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi;
· ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilashi taqiqlanadi.
Kezi kelganda aytish kerakki, biz shu bugungacha ushbu komissiyaning birorta qarori matnini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimiz yo‘q.
Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining mazkur qarori haqida birorta ochiq manbalarda gapirilmadi.
Vaholanki, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 28-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e'lon qilinishi kerakligi, rasmiy e'lon qilinmagan qonun asosida hech kim biron-bir huquqidan mahrum qilinishi mumkin emasligi qat'iy belgilangan.
Shuningdek, ushbu moddaga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat bayon tarzida rasmiy e'lon qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda e'lon qilinganda uning barcha rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Qonunga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar e'lon qilinadigan rasmiy manbalar sifatida «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami», «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi (lex.uz) va boshqa bir qator manbalar keltirilgan.
Umid qilamizki, Monopoliyaga qarshi kurashish davlat qo‘mitasi mazkur masalani chuqur tahlil qilib, qabul qilingan qarorning xususiy sektorga solayotgan xavfini to‘g‘ri baholab, tadbirkorlarning teng sharoit va imkoniyatlarda faoliyat yuritishi uchun zarur choralar ko‘rilishini ta'minlaydi.
Zero, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda afzalliklar olishga qaratilgan, qonun hujjatlariga, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan va boshqa tadbirkorlik sub'yektlari bo‘lgan raqobatchilarga zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dilshod Abduqodirov