Uchquduqda tadbirkorga tegishli do‘kon omborida yong‘in yuz berdi

Jamiyat 08:24 / 21.06.2020 10848

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida bo‘lgani aytilgan yirik yong‘in videosi tarqaldi. Kun.uz holat yuzasidan Uchquduq tuman hokimligi bilan bog‘landi.

Yong‘in xususiy tadbirkorga qarashli do‘konning qurilish mollari saqlanadigan omborida sodir bo‘lgani aniq bo‘ldi. Tuman hokimligi axborot xizmatining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, tumanning «Abay» MFY hududidagi «Ishonch-Feruz» MChJga qarashli omborda saqlanayotgan qurilish mollari yonib, zararlangan. Ammo hozircha zarar miqdori aniq emas. 

Navoiy viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, yong‘in 20 iyun kuni soat 12:20 atrofida sodir bo‘lib, soat 12:42da o‘t o‘chirish mashinalari yordamida bartaraf etilgan. Asosan yog‘och mahsulotlari va omborning 65 kvadrat metr tom qismi yongan. 120 kvadrat metr hudud saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida insonlarning kuyish va jarohatlanish holati qayd etilmagan. Ayni vaqtda zarar ko‘lami hisoblanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: