Aprel oyi boshida Buyuk Britaniya va Fransiyada istiqomat qiluvchi bir guruh o‘zbekistonliklar tashabbusi bilan «O‘zbekiston bilan birga» aksiyasi tashkil etilgan edi.
Endilikda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ushbu aksiyani qo‘llab-quvvatlash uchun grant ajratadigan bo‘ldi.
Aksiyadan maqsad – pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekistondagi tibbiy muassasalar va aholining kam ta'minlangan qismiga yordam berish uchun xayriya mablag‘lari to‘plashdir.
«Ezgu Amal» xayriya jamg‘armasi ushbu aksiya yuzasidan 19 iyun kuni Zoom orqali matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda loyiha tashabbuskorlaridan biri Sherzod Zufarov quyidagi ma'lumotlarni keltirib o‘tdi.
«Aprelda Fransiyada boshlangan xayriya aksiyasi doirasida hozirgi kungacha Yevropa, AQSh va Kanadada yashovchi vatandoshlarimiz yordami bilan 24 ming funt (30 ming dollardan ortiq) xayriya mablag‘lari to‘plandi.
Ushbu mablag‘larni to‘plash maqsadida aksiya tashkilotchilari tomonidan o‘zbek raqs san'ati va milliy taomlarini tayyorlash borasida bir qancha mahorat darslari tashkillashtirildi. Bu kabi tadbirlar yana davom etyapti.
Mablag‘ asosan onkologik kasalliklarga chalingan bolalar, shifoxonalar moddiy-texnik bazasini shakllantirishga va muhtoj oilalarga yo‘naltiriladi.
Beriladigan ko‘mak pul ko‘rinishida bo‘lmaydi. Masalan, bemor bolalarga kerakli dori vositasi, shifoxonalarga kerakli jixozlar xarid qilinadi. Aholiga esa yordam oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rinishida beriladi.
Aksiyada jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekistonda istiqomat qiluvchilar ham ishtirok etishi mumkin. Buning uchun xayriya pulini GoFundMe onlayn platformasi orqali yuborish mumkin.
Yordamni «Ezgu Amal» jamg‘armasining maxsus hisob raqamiga ham yuborish mumkin. Xayriya aksiyasi davomida yig‘ilgan mablag‘larni ikki hissa ko‘paytirish uchun YeTTB 50 ming yevrogacha ajratishga tayyor», – dedi Zufarov.
Ma'lum qilinishicha, YeTTB aksiya doirasida qancha summa yig‘ilsa, xuddi shuncha xayriya mablag‘i (50 ming yevrogacha) ajratishga tayyorligini bildirgan.
Shunga muvofiq, tashkilotchilar 2020 yil 1 dekabrgacha 50 ming yevro yig‘ishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan. Ana shunda, YeTTB ko‘magi bilan bu mablag‘ 100 ming yevroga aylanadi.
Loyihaning O‘zbekistondagi hamkori «Ezgu Amal» xayriya jamg‘armasi bo‘lib, ushbu tashkilot aksiya tashabbuskorlari bilan kelishgan holda kam ta'minlangan oilalarning ijtimoiy va tibbiy zaruriyatlari uchun yordamni yetkazadi. Bunday yordamning miqdori va shakli mavjud sharoitga qarab belgilanadi.
«O‘zbekiston uchun birga» harakatini YeTTBning Londondagi bosh qarorgohida ishlayotgan vatandoshlar, O‘zbekistonning Buyuk Britaniya va Fransiyadagi elchixonalari, Londondagi «Bilim» o‘zbek madaniy markazi, Britaniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati, «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning Parijdagi vakolatxonasi, «Navbahor» davlat qo‘shiq va raqs ansambli xoreograflari va musiqachilari, «Safenetpay» va «TezParcel» kompaniyalari, «OshPaz» o‘zbek milliy taomlari brendi, shuningdek, oshpaz va restorator Bahriddin Chustiy qo‘llab-quvvatlashdi.
Aksiyaning GoFundMe'dagi sahifasi: https://www.gofundme.com/f/covid19-solidarity-with-uzbekistan
«Ezgu Amal» fondining ushbu aksiya uchun ochilgan bank kartasi (Uzcard): 8600 0304 9286 9502