Jismoniy tarbiya va sport tizimida yagona elektron boshqaruv tizimi joriy etiladi

Sport 10:43 / 20.06.2020 1666

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020-2025 yillarda jismoniy tarbiya va sport tizimida yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Quyidagilar yagona elektron boshqaruv tizimining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va uning tizimidagi respublika tashkilot va muassasalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari hamda tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali tizimni yaxlit holatga keltirish hamda doimiy nazorat qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyatini yagona tizim orqali boshqarish, ish jarayonini rejalashtirish va tashkil etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatilishi jarayonlarini raqamlashtirish va byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish;

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi tashkilotlar o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritishni elektron ko‘rinishda shakllantirish, zarur hisobot ko‘rinishidagi blanklar, shakllar va jadvallarni onlayn to‘ldirish orqali real vaqt rejimida tuzish;

sport sohasida mablag‘lar ajratilishi, ajratilgan mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlanishini nazorat qilish, tushumlar va xarajatlar shaffofligini ta'minlash;

yagona elektron boshqaruv tizimiga kirishda foydalanuvchini identifikatsiya qilish.

2020-2025 yillarda jismoniy tarbiya va sport tizimida yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Yagona elektron boshqaruv tizimini ishlab chiqishda quyidagilarni nazarda tutuvchi tizimosti alohida axborot tizimlari yaratilishini ta'minlaydi:

respublikamiz hududlarida jismoniy tarbiya va sport inshootlari, obektlarini qurilish-ta'mirlash rejalarining bajarilish holatini nazorat qiluvchi axborot tizimi;

davlat budjetidan sport sohasi uchun ajratiladigan mablag‘lari hamda sport muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari taqsimlanishi va ishlatilishining to‘liq nazorat qilinishini ta'minlovchi axborot tizimi;

bolalarni sportga jalb qiluvchi turli interaktiv o‘yinlar, qiziqarli ma'lumotlar, qisqa muddatli videoroliklar va ota-onalar uchun maslahatlarga oid ma'lumotlarni o‘z ichiga oluvchi veb portal;

respublika milliy va hududiy terma jamoalariga nomzodlarni tayyorlashda respublika chempionati musobaqalarining final bosqichlarini kuzatib borish, natijalarini tahlil qilish hamda reytingli baholash imkoniyatini yaratuvchi axborot tizimi;

sport ta'lim muassasalari o‘quv jarayonlarini monitoring qilish, shuningdek, talabalar, sportchi-o‘quvchilarning shaxsiy kabinetlari orqali topshiriqlarni bajarishi hamda reyting natijalarini onlayn kuzatib borish imkoniyatini o‘z ichiga oluvchi axborot tizimi;

 

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi tashkilotlarda kadrlar faoliyati, ularning zaxirasi, reytingi va asosiy ko‘rsatkichlari tahlili to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot tizimi;

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport inshootlarida abonement va to‘lovlarni aloqasiz shaklda joriy etish orqali pullik xizmat ko‘rsatish axborot tizimi;

ommaviy sport tadbirlari, xalqaro musobaqalar va turnirlar, jahon va Osiyo chempionatlarini o‘tkazish rejalarini va hisobotlarini yuritib borish va nazorat qilishini ta'minlovchi axborot tizimi.

Bunda, yagona elektron boshqaruv tizimini ishlab chiqishda, uning huquqiy rejimini ta'minlash maqsadida loyihada yagona elektron boshqaruv tizimining mulkdorini, undagi ma'lumotlardan erkin foydalanish darajasini hamda uni muhofaza qilish tartibi nazarda tutiladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra tegishli axborot tizimlari to‘liq joriy qilinganidan so‘ng, ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda:

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika va hududiy hamda tuman (shahar) kalendar rejalari, xarajatlari, bajarilgan ishlar, o‘tkazilgan tadbirlar bo‘yicha hisobotlar majburiy ravishda tizimga kiritib yagona elektron boshqaruv tizimida amalga oshiriladi;

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan sport inshootlarida ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar bo‘yicha barcha amaliyot yagona elektron boshqaruv tizimi hamda ushbu tizimga ma'lumotlarni kiritib borish orqali amalga oshiriladi;

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi tashkilotlarda kadrlar bilan ishlash tizimi yagona elektron boshqaruv tizimiga ma'lumotlarni kiritib borish orqali yuritiladi;

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi tashkilotlarning binolariga, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlariga, sport ta'lim muassasalari binolariga kirib-chiqish yagona elektron boshqaruv tizimida ro‘yxatga olingan maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi;

rasmiy ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlari, sport musobaqalari, o‘quv-mashq mashg‘ulotlari ishtirokchilari yagona elektron boshqaruv tizimida qayd etilgan holda tadbirlarga ishtirok etishga ruxsat beriladi, ularning erishgan natijalari va ko‘rsatkichlari majburiy ravishda tegishli axborot tizimiga kiritib boriladi va mazkur ma'lumotlar ularning faoliyatini baholash uchun asos bo‘lib hisoblanadi;

respublika hududida faoliyat yurituvchi xususiy sport inshootlari tomonidan yagona boshqaruv tizimining tegishli axborot tizimlaridan ro‘yxatdan o‘tadi va o‘z sport inshootlarida muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanuvchilar haqidagi umumiy ma'lumotlarni (sport turlari bo‘yicha shug‘ullanuvchilarning soni, jinsi, yoshi va boshqalar) kiritib boradilar hamda ushbu ma'lumotlar hududlarda jismoniy tarbiya va sportning rivojlanish darajasini belgilashda foydalaniladi;

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xususiy sport inshootlari tomonidan yagona boshqaruv tizimining tegishli axborot tizimlariga o‘z sport inshootlarida muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanuvchilar haqidagi umumiy ma'lumotlarni kiritishda, shuningdek, kiritilayotgan ma'lumotlarning shaffofligini ta'minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xususiy sport inshootlari muassislariga yuboradi;

respublika hududlarida jismoniy tarbiya va sport inshootlari, obektlarini qurilish-ta'mirlash rejalarining bajarilishi holati to‘g‘risidagi ma'lumotlar majburiy ravishda yagona elektron boshqaruv tizimiga kiritib borish va mazkur ma'lumotlar ularning faoliyatini baholash uchun asos etib hisoblanadi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi tashkilotlarda yagona elektron boshqaruv tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, yagona elektron boshqaruv tizimini yaratish va joriy qilish chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

sport inshootlari va muassasalarini telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi – O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mablag‘lari;

zaruriy kompyuter va orgtexnika bilan ta'minlash, inshootlarni videokuzatuv tizimlari va kirib-chiqish, o‘tish joylarida turniketlar bilan ta'minlash, yagona elektron boshqaruv tizimi dasturini yaratish hamda joriy qilishda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, muassasalarning o‘z mablag‘lari, homiylar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mazkur qaror loyihasi bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan muddatlarda:

yagona elektron boshqaruv tizimini amaldagi axborot tizimlari hamda “Sport.uz” axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini inobatga olgan holda yagona boshqaruv tizimini yaratish uchun texnik shartlar, topshiriqlar va texnologik tavsiflarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

tasdiqlangan texnik topshiriqlarga muvofiq yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etish va sinovdan o‘tkazilishi ta'minlash, shuningdek sinov natijalariga ko‘ra amaliyotda foydalanishni yo‘lga qo‘yadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi – yagona elektron boshqaruv tizimining yuritilishi, ushbu tizimga ma'lumotlar muntazam kiritilishi va ularning dolzarbligi ta'minlanishi monitoringini amalga oshiradigan davlat organi hamda buyurtmachisi;

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi “Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi” davlat korxonasi – yagona boshqaruv tizimi operatori etib belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: