O‘zbekistonda «qizil» bo‘lmagan hududlarda 15 iyundan boshlab xususiy bog‘chalar faoliyatiga ruxsat berilgan edi. Maktabgacha ta'lim vazirligi davlat MTTlari hamon yopiq qolayotganini quyidagi choralar ko‘rilayotgani bilan izohladi:
- 6 mingdan ziyod davlat MTTlarini amaldagi «O‘zbekiston Respublikasida MTTlar faoliyatini tashkil etish, ta'minlash va ish tartibi bo‘yicha Sanitariya-gigiyena talablari» SanPiN 0355-18 norma va qoidalariga ko‘ra yuvish, antiseptik va dezinfeksiya vositalari, shuningdek masofadan ishlovchi pirometrlar va shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlash;
- 2020 yil martida MTTlar faoliyati to‘xtatilayotgani bois, oziq-ovqat mahsulotlari buzilib qolishining oldini olish maqsadida barcha omborlar bo‘shatilganini inobatga olgan holda, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish;
- o‘quv yili boshlanishiga MTTlarda ta'mirlash, ular hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, MTTlar faoliyati to‘xtagan davrda, u yerda ishchilar bo‘lmagani sababli qoniqarsiz ko‘rinishga kelib qolgan daraxtlarni butash, ekinlarni parvarishlash, o‘yin maydonchalarini tartibga keltirish;
- MTTlar binosi va hududini dezinfeksiya qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik hududiy markazlari bilan hamkorlikda ularning tayyorgarligini ko‘rikdan o‘tkazish;
- karantin davrida moliyalashtirish to‘xtatilganini inobatga olgan holda, MTT ochilishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni jalb etish borasidagi ishlarni rejaviy amalga oshirish;
- MTTlarga qaytayotgan xodimlar va tarbiyalanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi uchun sharoit yaratish;
- «qizil» hududlarda yashovchi tarbiyalanuvchilarning kelishi va xodimlarning ishga jalb etilishi bilan bog‘liq xatarlarni pasaytirish (aholi va MTT xodimlari uchun noqulayliklar minimal darajada bo‘lishi sharti bilan) borasidagi masalalarni hal qilish.
«Ayni damda MTV tomonidan butun respublika bo‘yicha ota-onalar fikri o‘rganilmoqda va shu yo‘l bilan hozirgi epidemiologik holatda bolalarini bog‘chaga yuborishni xohlamayotgan oilalar aniqlanmoqda.
Pandemiya sharoitida ma'lum MTTlardagi ota-onalar to‘la tarkibda bolalarini bog‘chaga yuborishni istamasalar, alohida MTTlarning ushbu ota-onalar a'zoligidagi Kuzatuv kengashi tomonidan tashkilot faoliyatini tiklashga ehtiyoj yo‘qligi haqida qaror qabul qilinadi», – deyiladi xabarda.
Vazirlik bayonotida davlat MTTlaridan farqli o‘laroq, xususiy bog‘chalar faoliyati tiklanishiga ruxsat berilgani yuzasidan kelib chiqqan noroziliklarga izoh berilgan.
Unga ko‘ra, bunday qaror qabul qilinishida xususiy MTTlarda guruhlar soni chegaralangani, guruhlardagi tarbiyalanuvchilar soni kamligi, shu bois ko‘p sonli bolalar bir yerda to‘planib qolmasligi, ularda sanitariya-epidemiologik talablar asosida faoliyatni tezkor yo‘lga qo‘ya olish imkoniyati kattaligi inobatga olingan.
Ta'kidlanishicha, Maxsus komissiyaning 2 iyundagi 27-sonli majlis protokoli asosida quyidagilar ishlab chiqilgan:
- COVID-19 pandemiyasi sharoitida maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha vaqtinchalik Nizom (Maktabgacha ta'lim va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida YUNISEF qo‘llovida ishlab chiqilib, yakuniy kelishuv bosqichida)
- MTT tarbiyalanuvchisining qonuniy vakillari imzosi uchun blanka shakli;
- MTTlarda ishlatiladigan yuvish va dezinfeksiya vositalarining ishlatilish normalari;
- tonggi filtr uchun jurnal shakli.
Belgilangan qoidalarga ko‘ra, davlat va nodavlat bog‘chalarda:
- barcha xodimlar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik hududiy markazlari xodimlari tomonidan sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi qoidalar va choralar normasi bilan tanishtirilishi va tayyorgarlikdan o‘tishi lozim;
- MTT rahbarining bolalar xavfsizligini ta'minlash haqidagi kafolat xati hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik hududiy markazlarining qarori bo‘lgandagina MTTlar faoliyati qayta tiklanishiga ruxsat beriladi;
- MTT xodimlari tibbiy niqob taqishi va ijtimoiy masofani saqlashlari shart hisoblanadi;
- MTT hududida profilaktik dezinfeksiya ishlari muntazam o‘tkazib turilishi shart;
- xodimlar va tarbiyalanuvchilarda tana harorati yuqori, ya'ni 37˚dan oshiq bo‘lsa, shuningdek o‘tkir respirator infeksiya belgilari (tomoq og‘rishi, yo‘tal, holsizlik va h.k) kuzatilganda, ularning MTTga kelishlari taqiqlanadi;
- oilada yoki muloqot doirasidagilar orasida COVID-19 aniqlangan bo‘lsa, tarbiyalanuvchini MTTga olib kelmaslik, bu haqda darhol MTTdagilarga xabar berish lozim;
- MTT hududiga kirmaslik, bolani mas'ul xodimga topshirish so‘raladi;
- MTT joylashgan hududda epidemiologik holat yomonlashgan holatlarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik hududiy markazlari tomonidan MTT faoliyati to‘xtatiladi.
«Sizlardan talab etilayotgan profilaktik choralarga amal qilish, o‘zingiz yoki farzandingizda koronovirus belgilari kuzatilganda o‘z vaqtida MTT rahbariyati va xodimlariga xabar berish, o‘z sog‘lig‘ingiz xavfsizligini ta'minlash, atrofdagilarni infeksiya yuqishidan asrash uchun darhol shifokorga murojaat qilishga chaqiramiz», – deyiladi vazirlik murojaatida.