Tanzila Norboyeva Peshko‘dagi majburiy mehnat yuzasidan viloyat hokimidan tushuntirish berishni so‘radi

Jamiyat 17:45 / 19.06.2020 17877

Kun.uz Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida pedagog-murabbiylar 18 iyun kuni majburan muassasa hududi hamda stadionni tozalashga olib chiqilgani haqida xabar bergan edi. Senat raisi Tanzila Norboyeva palataning ayni paytda davom etayotgan 5-yalpi majlisida mazkur holatga tezkor munosabat bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda yana bitta muammo [aks etgan video] tarqaldi. Kechagina men Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyaning majlisini o‘tkazgan edim. Majlisning ertasiga, 18 iyun kuni Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi pedagog-murabbiylari majburiy ravishda muassasa hududi, stadionini tozalash ishlariga jalb qilingan.

Direktor Hotam Obloberdiyev uchun hech qanaqa qonun ish emas. O‘zlari ustida turib, homilador ayollarni ishlatib bo‘lsa ham hududni tozalatish – bu kishi uchun asosiy masala. Bu bo‘yicha men viloyat senatorlaridan, viloyat hokimidan tushuntirish berishlarini so‘rayman.

Kechagina men shu masala haqida aytgandim. Bizda mutlaqo bunday majburlash, soha xodimlari umuman boshqa ishlarni qilishini qat'iyan man qilish to‘g‘risida gapirgandim. Bu holat yana takrorlanmoqda. Bu shunchaki gap emas, [majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik] bizda qonunlarda aniq belgilab qo‘yilgan» deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Peshko‘da majburiy mehnat: homilador ayollar ham hududni tozalashga chiqarilgan

Senat raisi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan holatni joyiga borib o‘rganib, aybdorlarga nisbatan chora ko‘rilishini so‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: