Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan Senatning 5-yalpi majlisida chiqindi va ularni qayta ishlash sohasiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev mazkur yo‘nalishdagi muammolarni sanab o‘tdi.
«Har yili respublikamizda 35 million metr kub maishiy, 100 million tonnadan ortiq sanoat chiqindisi hosil bo‘ladi. Jami yig‘ilgan chiqindining 10 foizi ham qayta ishlanmayapti. Rivojlangan mamlakatlarda 80-85 foiz chiqindi qayta ishlanib, poligonlarga 15-20 foiz chiqindi tashlanyapti. Chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilishda zamonaviy boshqaruv shakllari va usullari yetarlicha joriy etilmagani qayta ishlash korxonalaridan samarali foydalanish imkoniyatini bermayapti.
Shuningdek, respublikamizda foydalanib kelinayotgan 195ta qattiq maishiy chiqindi poligonlarining holati ham tahlil qilindi. Mavjud poligonlarning 3tadan 2tasi (63 foizi) sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydi. Bunday holat Buxoro viloyatida 13ta, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 15ta, Qoraqalpog‘iston respublikasida 17tani tashkil qiladi.
Chiqindi poligonlarining aksariyatida suv ta'minoti qoniqarsiz ahvolda. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahar poligonining aholi punkti bilan sanitariya himoya zonasi saqlanmasdan, yashash uylaridan masofa 25-50 metrni tashkil qilyapti. Eng achinarlisi, ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholi bir necha yillardan buyon bu holatdan aziyat chekib kelmoqda. Buning natijasida ushbu hududda yashovchi aholi orasida turli virusli va yuqumli kasalliklar kelib chiqish ehtimoli yuqori», deya Bahodir Tojiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Senatorlar tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash davom etayotgan bir paytda bunday muammolarni e'tiborsiz qoldirishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta'kidlandi.
Shunga asosan ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.