Videoselektorda Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida oilaviy ajrimlar va jinoyatchilik bilan bog‘liq holatlar tahlil qilindi.
«Qashqadaryo viloyatida umumiy jinoyatchilik holati joriy yilda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 46,1 foizga oshgan bo‘lib, bunda voyaga yetmaganlar, yoshlar, xotin-qizlar, ishsiz fuqarolar, ilgari sudlanganlarning ulushi sezilarli darajada ko‘paygan.
Viloyatda yil boshidan shu vaqtga qadar 583ta oilaviy ajrim qayd etildi. Achinarlisi, mazkur ajralishlar natijasida 459 nafardan ortiq voyaga yetmagan bolalar ota yoki ona mehridan mahrum bo‘lib qolmoqda», dedi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyatining ayrim tumanlarida ishsiz fuqarolar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
«Pandemiya sharoitida aholining ehtiyojmand qatlami, xususan, kam ta'minlangan oilalarda yashovchi mehnatga layoqatli, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish va kambag‘allikdan chiqarish borasida Bulung‘ur, Jomboy va Payariq tumanlarida sustkashliklar kuzatilmoqda.
Shuningdek, Samarqand viloyatida oilaviy ajrimlar sabablari o‘rganilganda, ularning 21tasi xiyonat, 69tasi migratsiya tufayli, 35tasi uzoq muddat davomida birga yashamaslik, 23tasi ichkilik va giyohvandlik, 42tasi oilaga uchinchi shaxsning aralashuvi, 454tasi turli kelishmovchiliklar natijasida yuzaga kelgani aniqlangan», dedi Botir Parpiyev.