DSQ tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida jismoniy shaxslarning soliq solish obektlari hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnoma berish, yagona elektron platformani yuritish va unga ko‘chmas mulk obektlari ijaraga berilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kiritish tartibi haqida vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Vaqtinchalik nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
mol-mulkni ijaraga berishni soliq organlari tomonidan jismoniy shaxslarga beriladigan maxsus guvohnomalar asosida amalga oshirish;
mol-mulkni ijaraga berish bilan bog‘liq operatsiyalar hisobini barpo etiladigan Yagona elektron platformasi orqali amalga oshirish;
mol-mulkni ijaraga berish bilan bog‘liq operatsiyalarni maxsus cheklar tizimi orqali amalga oshirish.
Norma’ning yozishicha, 2021 yil 1 mayga qadar tajriba o‘tkaziladigan davrda jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk obektlari va boshqa mol-mulk soliq organlarida hisobga qo‘yilganida taqdim etiladigan guvohnomaga asosan ijaraga beriladi. Guvohnoma egalariga Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom tatbiq etilmaydi.
Vaqtinchalik nizomga muvofiq:
1) ko‘chmas mulk obektlariga quyidagilar kiradi:
- dam olish uylari;
- dala hovli;
- yakka tartibda qurilgan uy-joylar;
- yashash uchun mo‘ljallangan boshqa turar joylar.
2) boshqa mol-mulkka quyidagilar kiradi:
- suv transporti (motorli va motorsiz, shu jumladan shishiriladigan);
- suv mototsikllari (skuterlar va boshqalar);
- qorda yuradigan texnika vositalari;
- kvadrosikllar;
- paraplanlar va deltaplanlar;
- supa, so‘ri, topchanlar va shunga o‘xshash dam olish uchun mo‘ljallangan joylar.
Ijaraga berish to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim etilganda soliq to‘lovchi haqidagi ma'lumotlar mobil ilova yoki veb-sayt orqali Yagona elektron platformaga kiritiladi. Yagona elektron platformada soliq organlari tomonidan jismoniy shaxslarning ijaraga berilgan ko‘chmas mulk obektlari va boshqa mol-mulklarning hisobi, shuningdek ijaraga beruvchilar to‘g‘risidagi axborot yuritiladi.
Vaqtinchalik nizom talablari quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
mehmonxona xizmati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarga;
oilaviy mehmon uyi xizmatlari ko‘rsatadigan yuridik va jismoniy shaxslarga;
Vaqtinchalik nizomda ko‘rsatilmagan mol-mulklarni ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxslarga.
Guvohnoma olish uchun jismoniy shaxs (yoki uning ishonchli vakili) Yagona elektron platforma orqali belgilangan shakldagi arizani, shuningdek shaxsini tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxasini soliq organiga yuborishi lozim.
Soliq to‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahri, Do‘stlik, Sijjak va Novobod mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida tashkil etiladigan soliq tayanch punktlariga bevosita murojaat qilish imkoniyati nazarda tutilgan. Bunda hujjatlar qog‘oz shaklida taqdim etilishi mumkin.
Bir yoki undan ortiq ko‘chmas mulk obektlari ijaraga berilganda tasdiqlangan shakl bo‘yicha soliq solish obektini hisobga qo‘yish to‘g‘risida bitta guvohnoma bepul beriladi. Guvohnomaning orqa tomonida har bir soliq solish obektining QR-kodi ko‘rsatiladi. Guvohnomaning haqiqiyligini QR-kodini o‘qiydigan maxsus mobil ilova yordamida tekshirish mumkin
Jismoniy shaxslar ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkni beriladigan maxsus cheklar orqali ijaraga beradi. Har kuni jismoniy shaxs kun yakuniga qadar ijaraga oluvchilar soni va cheklar bo‘yicha olingan to‘lovlar miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Yagona elektron platformaga kiritadi. Guvohnomaning amal qilish muddati tajriba davri tugaganidan keyin tugatiladi, biroq qoidalar buzilgan taqdirda u olib qo‘yilishi mumkin.
Hujjat 12.06.2020 yildan kuchga kirdi.