Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qayd etilishicha, prezidentning 2020 yil 29 apreldagi PF–5987-son “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab, quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini yuridik texnikumlarga qabul qilish Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshirilib, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul tartibi joriy etiladi;
nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, o‘quv jarayoni kredit-modul tizimini qo‘llagan holda tashkil qilinadi;
yuridik texnikumlardagi mutaxassislik va kasb turi har bir hududning “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha professional ma'lumotga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi;
yuridik texnikumlar pedagog xodimlarining mehnatini normalashtirish Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) tomonidan amalga oshiriladi;
yuridik texnikumlarda qo‘shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish va qo‘shma fakultetlar tashkil etish xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida TDYuU tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yuridik texnikumlarga hujjatlarni qabul qilish Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi;
TDYuU qoshidagi akademik litseyni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilari (55 foiz va undan yuqori natijalarga ega) yuridik texnikumlarga kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqiga ega;
“yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan, to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 60 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining qarori bilan doimiy yashash joyidagi yuridik texnikumlarga qabul qilish parametrlaridan tashqari to‘lov-kontrakt asosida tanlov o‘tkazilmasdan qo‘shimcha ravishda qabul qilinishi mumkin;
o‘quvchilarni yuridik texnikumlarga o‘qishini ko‘chirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
o‘quvchilar yuridik texnikumdan o‘z xohishiga ko‘ra, o‘qishi boshqa ta'lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan, salomatligi tufayli (tibbiy ma'lumotnoma asosida), o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi, o‘quv intizomi va yuridik texnikumning ichki tartib qoidalarini buzganligi, shu jumladan, uzrsiz sabablarga ko‘ra semestr davomida 74 soatdan ortiq dars mashg‘ulotlariga qatnashmasligi, odob-axloq qoidalarini buzganligi hamda o‘quvchi sud tomonidan yuridik texnikumga kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda (ushbu holatda o‘quvchilar safidan chetlashtirilganlar o‘quvchilar safiga qayta tiklanmaydi) va sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi haqidagi hukm chiqarilganligi munosabati bilan o‘qishdan chetlashtiriladi;
yuridik texnikumlar o‘quv yuklamasi hajmi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi;
yuridik texnikumlar pedagog va rahbar xodimlarining xorijiy davlatlar ta'lim muassasalarida stajirovka o‘tashlari ular tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq malakasini oshirishga tenglashtiriladi;
TDYuU va yuridik texnikumlarda transport vositalarining yo‘l bosish yillik limiti, transport vositalarining normativlari va ularga xizmat ko‘rsatish talablari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan xolda tegishincha TDYuU va yuridik texnikumlar tomonidan mustaqil belgilanadi;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushgan mablag‘lar, shu jumladan, tabaqalashtirilgan kontrakt mablag‘lari yuridik texnikumning to‘laligicha va mustaqil ixtiyoriga o‘tkazilib, yuridik texnikumning rivojlantirish Jamg‘armasida yig‘iladi;
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining qarori bilan hududiy adliya organlarining rahbarlari – yuridik texnikum direktorlariga yuridik texnikumning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan alohida mehnat sharoitlari uchun hududiy adliya organlari rahbarlik lavozim maoshlariga 100 foizgacha bo‘lgan ustama to‘lanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta'lim kreditlari berish to‘g‘risidagi nizomning amal qilishi, kreditlarni bakalavriat talabalari uchun belgilangan shartlarda ajratish orqali, yuridik texnikum o‘quvchilariga ham tatbiq etiladi.
Abituriyentlarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish joriy yildan boshlab YaIDXP va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi rasmiy veb-sayti, shu bilan bir birga 2021 yil 1 yanvardan Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.