Surxondaryoda belgilangan qoidalarga zid o‘tkazilgan to‘y tufayli 250dan ortiq kishi karantinga olindi

Jamiyat 01:43 / 17.06.2020 71425

«Ming afsuski, viloyatdagi ayrim rahbar va xodimlarning, fuqarolarimizning karantin qoidalariga qat'iy rioya qilishdagi e'tiborsizligi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning keskinlashuviga sabab bo‘lmoqda.

Misol uchun, viloyat tashkilotlarining birida karantin qoidalariga rioya etilmaganligi, ya'ni xodimlarning ishga kelishida termometriya qilinmaganligi, antiseptik vositalaridan foydalanilmaganligi, 2 metrlik ijtimoiy masofa saqlanmaganligi, niqob taqish va dizenfeksiya ishlari amalga oshirilmaganligi natijasida Toshkent shahrida xizmat safarida bo‘lib qaytgan bemor xodim ishga chiqib, hamkasabalariga koronavirus infeksiyasining yuqishiga sababchi bo‘lgan.

Buning natijasida ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan 300 nafardan ortiq fuqaro bugungi kunda karantinga olinib, 9 nafarining ushbu kasallikka chalinganligi tasdiqlandi. Yana bir nechta fuqaroda ushbu kasallik gumon qilinmoqda», — dedi To‘ra Bobolov o‘z chiqishida.

To‘y va ma'rakalarning belgilangan talablar bo‘yicha o‘tkazilmagani oqibatida ham fuqarolar karantinga olinayotganiga to‘xtalgan viloyat hokimi Muzrabot tumanida o‘tkazilgan to‘yda belgilangan qoidalarga amal qilinmaganligi natijasida 250dan ortiq fuqaro karantinga olinganini aytib o‘tgan.

Viloyat viloyatda ayni kunlarda 4118 nafar fuqaro karantinga olingani, ularning 298 nafari tibbiyot muassasalarida, 678 nafari sihatgoh va maxsus binolarda, 3142 nafari esa o‘z uylarida kuzatuvda bo‘lib turgani ma'lum qilindi.

«Eng yomoni — koronavirus infeksiyasi aholi orasida aniqlanyapti. Ular kasallikni aynan qayerda yuqtirganini, kasallik manbayini aniqlash qiyin bo‘lyapti.

Kuzatilayotgan epidemik vaziyatni hisobga olib, biz bugundan (16 iyundan — tahr.) viloyat markazi Termiz shahriga kirib-chiqishni to‘xtatdik va bir qator yumshatishlarni bekor qildik.

Epidemiologik vaziyat murakab bo‘lgan Termiz, Denov, Muzrabot, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Boysun tumanlarida ham karantin talablarini qat'iylashtiramiz», — degan To‘ra Bobolov.

Ko‘proq yangiliklar: