Qayd etilishicha, may oyida ichki valuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy xajmi 1,2 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 1,1 barobarga pasaydi.
Yuridik shaxslar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar
2020 yilning may oyi davomida yuridik shaxslar tomonidan chet el valutasiga bo‘lgan talab joriy yilning o‘tgan oylari darajasida saqlanib qoldi va 1 025 mln AQSh dollarini tashkil etdi.
Jumladan, hisobot oyida birjadan tashqari valuta bozorida xo‘jalik sub'yektlari tomonidan 258 mln AQSh dollari miqdorida chet el valutasi sotib olingan bo‘lsa, valuta birjasidagi operatsiyalar hajmi 767 mln AQSh dollarini tashkil etdi.
Valuta bozorida chet el valutasini sotib olish maqsadlari tarkibida asosiy ulush (63 foizi) ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 21 foizi – xalq iste'moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 13 foizi – xorijiy kreditlarni so‘ndirish va qolgan 3 foizi – boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.
May oyida ichki valuta bozorida chet el valutasini xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar soni 5 823 tani tashkil etib, aprel oyiga (4 971 ta) nisbatan 852 taga ko‘paydi.
Jismoniy shaxslar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar
Joriy yilning may oyida jismoniy shaxslar tomonidan valuta ayirboshlash shaxobchalari orqali sotilgan chet el valutasi miqdori 354 mln AQSh dollarini tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 2,1 barobarga oshdi (2020 yilning aprel oyida - 172 mln AQSh doll.). Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan 217 mln AQSh dollari sotib olinib, ushbu ko‘rsatkich aprel oyiga (321 mln AQSh doll.) nisbatan 32 foizga pasaydi.
Hisobot oyi davomida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valuta mablag‘lari hajmi 485 mln AQSh dollarini tashkil etib, aprel oyi ko‘rsatkichiga nisbatan 1,9 barobarga yoki 235 mln AQSh dollariga oshdi.
Chet el valutasi taklifi
2020 yil may oyida ichki valuta bozorida xorijiy valutadagi umumiy taklif hajmi 892 mln AQSh dollarini (Markaziy bankning intervensiyalarini hisobga olmagan holda) tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 1,1 barobar oshdi.
Ichki valuta bozoridagi taklif manbalari
Ushbu davrda Markaziy bankning valuta intervensiyalari oltin-valuta zaxiralarining neytralligi prinsipiga asoslangan holda amalga oshirildi. Bunda Markaziy bank tomonidan sotilgan chet el valutasining sof hajmi 2020 yilning yanvar-may oylarida sotib olingan monetar oltin hajmi doirasida bo‘lishi ta'minlandi.
2020 yilning yanvar-may oyida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valuta bozorida sotib olingan mablag‘lar (konvertatsiya) ulushi 56 foizni, xorijiy valutadagi o‘z mablag‘lari ulushi 20 foizni tashkil etdi.
Almashuv kursi dinamikasi
Hisobot davrida milliy valutaning almashuv kursi dinamikasi valuta bozoridagi talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib, ichki va tashqi omillar ta'sirida shakllandi. Xususan, joriy yil may oyi davomida milliy valuta kursi 0,15 foizga qadrsizlandi (10 133 so‘m/dollardan 10 148 so‘m/dollargacha).