Iqtisodiyotni tiklash: Aholiga pul tarqatish masalasi hamon dolzarbmi?

Iqtisodiyot 19:21 / 16.06.2020 23361

Fikrimcha, aynan xalqimizning ko‘p davlatlarga nisbatan intizomliligi, sabrliligi bu kasallikning vabo kabi tez tarqalmasligini ta'minladi. O‘z-o‘zini izolyatsiya qilish va hukumat tomonidan o‘rnatilgan cheklovlarni so‘zsiz bajarishda xalqimiz ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ldi.

Lekin masalaning ikkinchi tomoni – o‘rnatilgan cheklovlar va joriy etilgan karantin tufayli ko‘pchilikning daromadi keskin kamaydi, ba'zilar esa umuman daromad manbayidan mahrum bo‘ldi. Albatta, aholining turli qatlamlariga hukumat tomonidan yordam ko‘rsatildi. Jumladan, o‘tgan vaqt davomida prezidentning 6ta farmoni va shu qatorda qarorlari hamda boshqa tegishli hukumat tizimlari qarorlari qabul qilindi.

Ularga asosan:

  • Aholiga yer va mulk soliqlari yuzasidan turli soliq imtiyozlari berildi;
  • Aholiga kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar muddati kechiktirildi;
  • Aholi banklardan olgan iste'mol kreditlarini to‘lash muddatlari kechiktirildi;
  • Inqirozga qarshi zaxira tuzilib, uning mablag‘lari birinchi navbatda sog‘liqni saqlash tizimini tiklashga, mamlakatda sanitariya va tozalash ishlarini amalga oshirishga, sog‘liqni saqlash tizimidagi xodimlar mehnatini rag‘batlantirishga qaratildi;
  • Oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlarini import qilishdagi aksiz va bojxona to‘lovlari bekor qilindi;
  • Kam ta'minlangan oilalarga to‘lovlar muddati uzaytirildi va qamrovi oshirildi;
  • Yakka tartibda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar qisman daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi;
  • Banklardan kredit olayotgan xususiy tashkilotlarga bank foizlari 8 foizgacha kompensatsiya qilina boshladi;
  • Turizm sohasida ishlaydigan barcha korxona va xususiy shaxslarga turli iqtisodiy va soliq imtiyozlari berildi.

Lekin eng asosiy masala — aholiga bevosita hokimiyat tomonidan beriladigan moliyaviy yordam hanuz hal bo‘lmagan va turli vajlar bilan ortga surib kelinmoqda.

Hukumat ko‘ndalang turgan bunday savolga ijobiy javob bermay, bu masalani chetlab o‘ta oladimi?

Aytish kerakki, bugungi kunga qadar Moliya vazirligi qoshida tuzilgan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga 7,5 trillion so‘mga yaqin mablag‘ to‘plangan bo‘lib, buning 3,33 trillion so‘mi birinchi navbatda ana shu yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarga sarflangan.

Yana nimalar qilinishi kerak?

Boshqa mamlakatlardan farqli ravishda O‘zbekiston aholiga bevosita moddiy yordam ko‘rsatmadi. Buning tom sababini, to‘g‘risini aytganda, tushunish juda qiyin. Shuning uchun qanday izoh berishni ham bilmaysan, kishi.

Lekin shaxsiy kuzatuvlarim bo‘yicha amaldagi karantin tufayli aholining kamida 70 foizi turli darajada moddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda va 50 foizi bevosita moddiy yordamga muhtoj.

Ular kimlar? 34 millionlik xalqimizning bugungi kunda bevosita moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan qatlamlari, mening fikrimcha, quyidagilar:

  • Ko‘p bolali va kam ta'minlangan oilalar: mavjud bo‘lgan 4 turdagi oylik davlat to‘lovlari bu toifadagi insonlarning 50 foizini ham qamrab olmaydi. Ikkinchidan, to‘lanayotgan kompensatsiya (to‘lovlar) hajmi bir oila uchun oyiga 500 ming so‘mga ham bormaydi va barchani boshqa ko‘mak topishga majburlaydi. Bunday oilalarda yashaydiganlarning umumiy soni kamida 4 million kishini tashkil etadi;
  • Covid-19 tufayli turli davlat va xususiy tashkilot va korxonalardan «to‘lovsiz mehnat ta'tili»ga chiqarilgan xodimlar. Masalan, boshlang‘ich va oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilari 1 oy davomida o‘z hisobidan ta'tilga chiqarildi. Yoz davomida ularga to‘lovlar qanday bo‘ladi, buni hali hech kim bilmaydi. Turli shifoxonalardagi shifokorlar to‘lovsiz ta'tilga chiqarildi. Bu kategoriyadagi muhtojlarning umumiy soni 3 million kishini tashkil etadi;
  • Bevosita Covid-19’dan avval va shu tufayli ishsiz qolgan, mehnatga layoqatli turli kasb egalari. Turli baholarga ko‘ra, ularning soni 2 million kishini tashkil etadi;
  • Birgina boquvchi farzandiga tayangan va turli sabablarga ko‘ra yagona boquvchi ham o‘z daromadidan ayrilgan keksalar — bularning soni taxminan 0,5-1 million kishini tashkil etadi.

Shu taxminlar asosida aytishimiz mumkinki, bugungi kunda mamlakatning 10 million aholisi yoki taxminan 3,5 million oila bevosita moliyaviy yordamga muhtoj va turli oziq-ovqat yordami bilan bu muhtojlikni yengib bo‘lmaydi.

2019 yil dekabr oyida prezidentimiz o‘z nutqida aytib o‘tgan 13-15 foiz kambag‘al aholi soni ham kamida 4,4–5,1 million kishini tashkil etadi. Lekin Covid-19’gacha bir ahvol edi, hozir so‘nggi 3 oy davomidagi o‘zgarishlar tufayli, ahvol butunlay boshqacha.

Agar Davlat soliq qo‘mitasi maoshga belgilangan soliqlar va soliq to‘lovchilar dinamikasini har bir hudud bo‘yicha e'tiborga havola qilsa, buni yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Hozircha esa, atrofdagi insonlar bilan suhbatlar va shaxsiy kuzatuvlar natijasi, uzuq-yuluq statistika ma'lumotlaridan foydalanib, ana shu miqdorlarni taxmin qilishga majburmiz.

Nega aynan bevosita moliyaviy yordam masalasi jiddiylashdi?

Chunki inson oylar davomida faqat oziq-ovqat bilangina hayot kechira olmaydi. Pul universal almashuv vositasi sifatida turli boshqa hayot ehtiyojlarini qondirish uchun zarur: dori-darmonlar, turli maishiy xizmatlar, kiyim-kechak va shaxsiy gigiyena vositalari uchun.

Bundan tashqari, ba'zi istisnolar hisobga olinmasa, deyarli barcha mamlakatlar, jumladan, qo‘shni mamlakatlar o‘z aholisiga bevosita moliyaviy yordam ko‘rsatdi.

Bu masalani bir yoqlik qilmasdan turib, oldinga siljishimiz ancha murakkab bo‘ladi. Buning bir necha sababi bor:

  • Xalq o‘zining eng birlamchi ehtiyojlarini qondirish uchun moliyaviy yordamga muhtoj va qattiq iztirobda;
  • Hattoki elementar ehtiyojlarini hal qila olmayotgan aholi orasida ruhiy tushkunlik va johillik darajasi keskin ko‘tarilgan. Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilayotgan xabarlarning mazmuniy tahlili va turli mudhish voqealarning sabablari aynan shunga borib taqalsa kerak;
  • Og‘ir kunda yordam qo‘lini cho‘zishiga o‘z hukumatiga nisbatan ishonchsizlik darajasi ortib borayotgan xalq o‘z noroziligini turli joylarda va turli sabablar bilan ko‘rsata boshlaydi;
  • Ruhiy tushkunlik sharoitida umumiy mehnat unumdorligi va samarasi, aholi faolligi keskin tushib, bu umumiy o‘sish va turli ishlab chiqarish natijalariga salbiy ta'sir etadi.

Masalani qanday hal qilish mumkin?

Agar biz Covid-19 sharoitida ishlab chiqilgan, saxovat jamg‘armasidan har bir oilaga 1 million so‘m atrofida pul ajratish mexanizmini asos qilib olsak, 3,5 million oilaga har oyda 3,5 trillion so‘m pul kerak bo‘ladi. Agar oiladagi kishilar soniga qarab, masalan, 4 kishilik oilaga 2 mln so‘m, 5 kishilik oilaga 2,5 mln so‘m berilsa, bu hajm 5 trln so‘mgacha oshishi mumkin.

Bunday mablag‘larning har oyda savdo, tibbiyot va turli maishiy xizmat sohalariga kirib kelishi negadir Markaziy bankni qo‘rqitadi.

Boz ustiga, aholidan tashqari kichik va o‘rta biznes vakillari ham katta zarar ko‘rgan va ular o‘ziga kelgunicha bir necha oylar o‘tadi. Ularga ham foizsiz, garovsiz aylanma mablag‘larini berish ham maqsadga muvofiq bo‘lardi. Masalan, ular bu qarzlarni 3 yil davomida to‘lab bergan bo‘lishar edi.

Xayriyatki, koronavirusning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri boshqa mamlakatlarga nisbatan qirg‘inbarotli bo‘lgani yo‘q. Bizning iqtisodiyotni ushlab turgan 5ta omil bor:

  1. Asosiy eksport moli bo‘lgan oltin, kumush va hattoki mis narxlari jahon bozorida o‘sib bormoqda;
  2. O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva va sabzavotlarga, to‘qimachilik mahsulotlariga, charmga talab kamaymadi va eksport salohiyati yanada oshdi, chunki ko‘pgina logistika muammolari yechila boshladi. Uzbekistan Airways degan «mag‘rur» tashkilot va nihoyat ishlab chiqaruvchilar tomon yuz burdi;
  3. Iqtisodiyotimiz boshqa mamlakatlarga nisbatan ishlab chiqaruvchilar turi (davlat va xususiy) va faoliyati turlari bo‘yicha diversifikatsiyasi katta bo‘lgani muhim ahamiyatga ega. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, mayda va o‘rta biznes o‘z kunini o‘zi bir amallab ko‘ryapti. Ya'ni iqtisodiyotimiz egiluvchan.
  4. Muhimi shuki, bizning iqtisodiyotda qishloq xo‘jaligiga bog‘liqlik hanuz juda katta va bu omil har qanday inqirozda katta ahamiyatga ega. Yer – hammani boqadi;
  5. Eng muhimi, mehnatkash va og‘irliklarni ko‘taradigan xalqimiz bor.

Ana shu omillar tufayli Jahon banki prognoziga ko‘ra, 2020 yil davomida butun Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodiyot hajmi 4,7 foizga kamaygani holda, O‘zbekiston iqtisodi (yalpi ichki mahsulot) 1,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Demak, iqtisodiyotimiz tezroq tiklanishi va rivojlanishini istasak, aholiga davlat tomonidan bevosita moliyaviy yordam masalasini ijobiy hal etishimiz kerak.

Xalqqa bevosita moddiy yordam berish masalasida korrupsiyaga ishora qilish aslida katta pul massasi aylanmaga chiqib ketishi va shu tufayli inflatsiya darajasi yanada kuchayishi ostidagi qo‘rquv niqobi bo‘lsa kerak. Aslida turli tashkilotlar, shaxslar, ko‘ngillilar saxovat qilib xalqimizni oziq-ovqat bilan ta'minladilarku?

Qidirsa yaxshi ishlovchi mexanizmni topsa bo‘ladi. Faqat ijtimoiy nazoratni kuchaytirish kerak, ommaviy axborot vositalari kuchini ishga solish kerak. Shunda korrupsiya va o‘g‘rilik hollari keskin kamayadi.

Abdulla Abduqodirov,
Iqtisodiy sharhlovchi.

Ko‘proq yangiliklar: