«Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lsa, bemalol tashqaridan qarz olish mumkin» – Jamshid Qo‘chqorov

Iqtisodiyot 15:16 / 16.06.2020 6458

«Tashqi qarzni eksportga bog‘lash kerak deyildi. Bizda hozir eksportdan keladigan daromad tushumlarimizning 15 foizini tashkil etadi. Albatta, pandemiya sharoitida eksport ko‘rsatkichlari pasaymoqda, lekin biz shuni aytishimiz mumkinki, gaz eksportini hisobga olmaganimizda joriy yilning besh oyida eksport bo‘yicha tushumlarimiz 9 foizga kamaygan. Ya'ni tashqi qarzimizni eksportga nisbatan qiyoslaganda ham hozircha u qadar jiddiy muammo ko‘rinmayapti.

Umuman, bugungi mavzu haqida gapirganda, albatta, tashqi qarz mamlakatning barqarorligi, mamlakat kelajagi nuqtayi nazaridan judayam bir muhim ko‘rsatkich bo‘lib hisoblanishi haqida ma'ruza qilmoqchimasman.

«Munozara klubi»ning ilk muhokamasi uchun ushbu mavzuni bejiz tanlamadik. Mazkur masala bo‘yicha bildirilgan fikrlar bo‘yicha o‘zimning xulosamni bildiradigan bo‘lsam, birinchidan, ko‘pchilikning gapidan shuni angladimki, «O‘zi nima uchun olinyapti tashqi kredit va uning sarflanishi qanchalik samarador?» degan savol bugungi tadbirning bosh leytmotivi hisoblanarkan. Bu yerda to‘g‘ri fikrlar bo‘ldi, tashqi qarzni olish mumkin, agar yaxshi «institutional capacity» bo‘lsa. Ya'ni davlat idoralari faoliyatini samarali tashkil qilsa, iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lsa, bemalol tashqaridan qarz olish mumkin.

Lekin olingan qarzni ishlatishda samaradorlik masalasi bor, albatta. Tashqaridan kredit sifatida olingan mablag‘larni qaysi sohalarga berish mumkin-u qaysi sohalarga berish mumkin emas. Bu masalalarga oydinlik kiritishimiz kerak», dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari davlatning xususiy sektordagi ishtiroki xususida to‘xtaldi.

«Bu yerda xususiy sektor bilan bog‘liq savol ham o‘rtaga tashlandi. Biz nima uchun xususiy sektorga aralashib yuribmiz degan savolga avvalgi paytlar uchun bir narsa deyishim qiyin, lekin hozirgi paytdayam shu ishni qilyapmiz. Buni ongli ravishda qilyapmiz. Masalan, hozir biz Jahon banki bilan Farg‘ona vodiysida qishloq hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish loyihasini moliyalashtiryapmiz.

Xuddi shunday, Osiyo taraqqiyot banki bilan chorvachilikni rivojlantirish loyihasini moliyalashtiryapmiz. Yoki Jahon bankidan yana bitta kredit kelyapti, u qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilishga yo‘naltiriladi.

Bu kreditlar doirasida ajratilgan mablag‘larni ishlatuvchi, faraz qilaylik, Farg‘onaning Yozyovon yoki Andijonning Bo‘z tumanida faoliyat yuritadigan xususiy tadbirkor. Lekin bu kredit liniyasi bo‘yicha qarz oluvchi moliya vazirligi bo‘lyapti-da, vazirlik bu pullarni konkurs asosida tijorat banklariga bo‘lib beryapti. Tijorat banklaridan bu kredit mablag‘lari xususiy sektorga ketyapti. Xuddi shunday issiqxonalar va boshqa loyihalar amalga oshirilyapti.

Biz, yana bir bor aytaman, buni ongli ravishda qilyapmiz. Lekin yaqinda mana shu qishloq xo‘jalik korxonalarini restrukturizatsiya qilish agentligi degan tashkilot bor. Shu tashkilotdagilar bilan shu mavzuni muhokama qilib, bu sohadagi kreditlarni qat'iyan cheklashga qaror qildik. Shuning uchun davlat sekin-sekin bundan chiqib ketishi kerak. Chiqib ketish kerak, tamom. Bu umuman muhokama qilinmaydi. Davlat ertaga infratuzilmalar, ijtimoiy soha va zarur bo‘lib qolganda budjetni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kreditlarni olishi kerak», deydi Jamshid Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, «Munozara klubi» ko‘pchilikni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashish, jamoatchilikni kelgusi rejalar yuzasidan xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan. Klubning birinchi muhokamasida hukumat iqtisodiy bloki rahbarlari, deputatlar, ekspertlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining vakillari, jurnalistlar qatnashishdi. Kun.uz internet nashri «Munozara klubi»ning bosh axborot hamkori hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: