O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoniga muvofiq karantin qoidalari yumshatilganligi va ichki turizmga ruxsat berilganligi sababli Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga dam olish maqsadida tashrif buyuruvchilar soni ancha ko‘paygan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi 4R12 “Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘” avtomobil yo‘lida dam olish kunlari avtomobillar oqimi keskin oshdi. Ushbu avtomobil yo‘lida yo‘l transport hodisalarini oldini olish va avtomobillarning xavfsiz harakatlanishlarini ta'minlash maqsadida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari onlayn rejimda aynan yo‘l transport hodisalari ko‘p sodir bo‘ladigan joylarda ishlatildi.
Dam olish kunlari mobaynida ushbu fotoradarlar orqali 2 218ta tezlikni me'yoridan oshirish holatlari aniqlangan. Ushbu aniqlangan qoidabuzarliklarni sodir etgan fuqarolarga nisbatan qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan tartibda jarimalar belgilanib, chiqarilgan qarorlar “O‘zbekiston pochtasi”ning ma'lumotlarni qayta ishlash markazi orqali qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi yoki yuridik shaxsning manziliga yetkazilgan.
Bildirilishicha, fotoradarlardan foydalanishdan ko‘zlangan asosiy maqsad avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish hisoblanadi. 4R12 “Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘” avtomobil yo‘lida o‘tgan 2019 yilning 1 iyunidan 15 iyuniga qadar 3ta o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning ushbu davrida radarlardan samarali foydalanish natijasida hech qanday yo‘l-transport hodisalari qayd etilmadi.