Vazirlar Mahkamasining “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Namangan viloyati Chust, Pop va Namangan tumanlari ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash hamda Chust va Mingbuloq tumanlari kanalizatsiya tizimlarini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, quyidagilar:
a) Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga “Namangan viloyati Chust, Pop va Namangan tumanlari ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash hamda Chust va Mingbuloq tumanlari kanalizatsiya tizimlarini qurish” loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 18 yil mobaynida qaytarish muddati bilan qiymati 70,0 mln. AQSh dollari bo‘lgan qarz berish bitimi ma'qullangan;
b) loyihaning umumiy qiymati 85,13 mln AQSh dollarini, shu jumladan:
YeTTB qarzi – 70,0 mln AQSh dollarini tashkil etadi;
loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining hissasi – 15,13 mln AQSh dollarini, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari berish tarzida 10,32 mln AQSh dollarini va YeTTB qarzi bo‘yicha loyihani amalga oshirish davrida moliyaviy xarajatlar (foizlar, majburiyatlar uchun vositachilik haqi hamda bir martalik vositachilik haqi) ko‘rinishida 4,81 mln AQSh dollarini tashkil etadi;
v) loyihani amalga oshirish davri 4 yilni (2020-2023 yillar) tashkil etadi.
Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi “Kommunxizmat” agentligi loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlaydigan tashkiliy-texnik tadbirlarni o‘tkazish, YeTTBning qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas'ul bo‘lgan ijro etuvchi organ hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga:
O‘zbekiston Respublikasi nomidan YeTTB bilan loyihani amalga oshirish uchun qarz bitimini;
YeTTB qarzini “O‘zsuvta'minot” aksiyadorlik jamiyati Namangan viloyati hokimligi va “Namangan suv ta'minoti” mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash vakolati beriladi.
Qarz bitimini ishlab chiqishda loyihani amalga oshirish davrida hamda kafolat muddatida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar va transport vositalarini bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlari bundan mustasno), qo‘shilgan qiymat solig‘i, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalariga yig‘imlar to‘lashdan ozod etishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi va YeTTB o‘rtasidagi qarz bitimi hamda Qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha belgilangan tartibda yuridik xulosa beradi.
“O‘zsuvta'minot” AJ raisi zimmasiga qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitim shartlariga muvofiq YeTTB qarzini qaytarish va u bo‘yicha foizlarni to‘lash uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar “O‘zsuvta'minot” AJning “Namangan suv ta'minoti” MChJ tomonidan o‘z vaqtida jamlanib borilishini ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
Namangan viloyati hokimligi:
ichimlik suv quvurlari, kanalizatsiya tarmoqlari hamda inshootlari qurish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan talablarga asosan ajratilishini, shuningdek, zaruratga ko‘ra yer uchastkalari ajratilishi natijasida kompensatsiya to‘lovlari to‘lanishini;
2020 yildan boshlab Namangan viloyati mahalliy budjeti parametrlarida YeTTB qarzi bo‘yicha foizlarni va asosiy qarzni qaytarishga “Namangan suv ta'minoti” MChJ ushbu maqsadlarga yo‘naltiriladigan o‘z mablag‘lariga qo‘shimcha ravishda mablag‘larni nazarda tutadi.
“Kommunxizmat” agentligi suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasidagi loyihalarni boshqarish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan YeTTB loyihalarini muvofiqlashtirish guruhini tashkil etadi.