«Pandemiya tufayli ishimizni yo‘qotdik, ammo u odamgarchiligimizni tortib ololmadi» – BAAdagi ko‘ngillilar qiynalganlarga qanday yordam bermoqda?

Jamiyat 10:02 / 15.06.2020 19659

Pandemiya tufayli ko‘pchilik ishidan, doimiy daromadidan ayrildi. Ko‘p joylarda ish o‘rinlari qisqartirildi, xodimlar 0,5 stavkaga o‘tkazildi yoki oylik to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarildi. Bu jarayondan ishlash uchun xorijiy mamlakatlarga borgan o‘zbekistonliklar ham chetda qolgani yo‘q. Ishlay deyishsa ish yo‘q, ortga qaytay deyishsa aviaqatnovlar bekor qilingan. Shunday murakkab davrda Birlashgan Arab Amirliklaridagi o‘zbekistonliklar ko‘ngilli ravishda qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarga yordam qo‘lini cho‘zishmoqda.

“BAAda 10 yildan beri ishlab, yashab kelyapman. Pandemiya tufayli chegaralar yopilib, 2 mingdan ortiq o‘zbekistonlik amirliklarda qolib ketishgan. Ularning ichida sayyoh sifatida kelib qolib ketganlar ham, ishlash uchun kelgan, ammo ayni paytda ishsiz qolganlar ham bor. Hatto ijaraga to‘lash uchun puli qolmaganidan ko‘chada qolgan, yeyishga ovqat topolmayotgan hamyurtlarimiz ham bo‘ldi. Bu mamlakatda rezident bo‘lgan o‘zbekistonliklar bilan kelishib volontyorlik guruhlarini tashkil etdik. Maqsad – bu mamlakatda qolib ketgan, charter reyslar qo‘yilishini kutib qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizga yordam qo‘lini cho‘zish”, – deydi Ravshan Sunnatullayev.

“O‘zim Toshkentdanman. Oilam bilan birga 6 yildan beri Dubay shahrida yashayman, shu yerda faoliyat yuritaman. Koronavirus tarqalishi munosabati bilan ko‘plab insonlar ishsiz qolishdi. Men va vatandoshlarga ko‘maklashish guruhidagi do‘stlarim ilk kunlardanoq murakkab ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimiz uchun yordam ko‘rsatib kelamiz.

Shuni ishonch bilan ayta olamanki, Dubaydagi ko‘p sonli millatlar ichida o‘zbek diasporasi pandemiya tufayli qiynalganlarga boshqalardan ko‘ra bir necha barobar ko‘proq yordam ko‘rsatmoqda. Biz odamning ukrain, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek millatiga mansubligiga qarab o‘tirganimiz yo‘q, u qaysi millat vakili bo‘lishi va kimligidan qat'i nazar yordamga muhtoj bo‘lsa qo‘limizdan kelgan ko‘makni ko‘rsatayapmiz. Birinchi navbatda ODAMLARga yordam beryapmiz. Men qiyin ahvoldagi insonlarga yordam berish imkoniyatiga ega bo‘lgan barchadan eng avvalo o‘zlari, oila a'zolari, agar o‘zlaridan orttirisholsa, qo‘ni-qo‘shnilari, yaqinlari, do‘stlariga nima bilan bo‘lsa-da ko‘maklashishni so‘rab qolardim”, deydi Shohruhxon Odilov.

“Pandemiya tufayli BAAda 3 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qolib ketdi. Ularning ko‘pchiligini sayyohlar tashkil etadi, shuningdek, bu mamlakatda rezident sifatida yashaydigan o‘zbekistonliklar ham bor. Koronavirus infeksiyasi tarqala boshlagandan keyin charter reyslar orqali vatanga qaytishni kutayotgan o‘zbekistonliklar har xil muammolarga duch kela boshlashdi. Yashab turgan uylariga to‘lov qilolmasdan, oziq-ovqatlari uchun pul topolmasdan yoki bo‘lmasam kasalxona to‘lovlarini to‘lolmasdan qiyin ahvolga tushib qolishdi. Kundan-kunga bu kabi muammolar ko‘paya boshladi. Shu sababli O‘zbekistonning BAAdagi konsulxonasi bilan birgalikda Telegram’da volontyorlarning guruhini tashkil qildik. Guruhimizning nomi “Yordam/Pomoshch” bo‘lib, shu yerda  kundalik muammolarni hal qilishni yo‘lga qo‘ydik. Qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimiz ushbu guruh orqali murojaat qilishadi va biz qo‘ldan kelgancha ularga yordam ko‘rsatamiz.

Bir kunda nechta odam murojaat qilgan bo‘lsa, kimning ahvoli boshqalarnikidan og‘irroq bo‘lsa, eng avval o‘shalarga oziq-ovqat, turar-joy va boshqa masalalarda yordam beramiz. Yoki onlayn ravishda dori-darmonlar xarid qilib uylariga jo‘natamiz. Konsullik bilan birgalikda bu ishlarni qo‘ldan kelgancha tashkillashtirib kelyapmiz.

Ayni paytda BAAda 10 kishidan ortiq volontyorlar shu ish bilan shug‘ullanishmoqda. Karantin davrida volonyotrlarning o‘zlari ham ishlarini yo‘qotishgan. Shu tufayli ularga ham o‘zlaridan orttirib boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zish oson emas. Chunki qo‘llarimizda bor pul ham tugab bormoqda. Buyog‘iga o‘zimiz haqimizda qayg‘urishimizga to‘g‘ri keladi. Shu bois bizning so‘zlarimizni kim o‘qiyotgan, videoni kim ko‘rayotgan bo‘lsa va yordam ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lishsa, bizga yordam berishlarini so‘rab qolaman”, deydi Dilnoza O‘rinboyeva.

“Bir qancha o‘zbekistonlik faollar bilan pandemiya davrida murakkab ahvolga tushib qolgan vatandoshlarga yordam berish maqsadida ko‘ngillilar guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Bu borada bizga shu yerda rezident sifatida yashovchi, o‘zining biznesiga ega bo‘lgan hamyurtlarimiz katta yordam ko‘rsatishdi. Ularning ko‘pchiligi qilgan yaxshiliklari sir bo‘lib qolishini istashgan, ismlarini aytmasligimizni so‘rashgan. Yaxshilikni ham yashirin, ham oshkora qilish kerak. O‘zimizni reklama qilish uchun emas, butun dunyo xalqlari boshiga sinov bo‘lib kelgan pandemiya sharoitida xorijdagi o‘zbekistonliklar insoniy qiyofasini yo‘qotmasdan millatimizga xos bo‘lgan birdamlik, hamjihatlik namunasini ko‘rsatishayotganidan o‘zimiz ham ta'sirlandik. Bundan boshqalar ham ibrat olishi uchun maxsus rolikni tasvirga oldik. Nafaqat BAA, balki boshqa mamlakatlardagi o‘zbekistonliklar ham imkon darajasida yon-atroflaridagi qiynalgan insonlarga – o‘z vatandoshlariga yordam qo‘lini cho‘zishadi, sinovli kunlarda ularni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi”, deydi O‘zbekistonning Dubay shahridagi bosh konsulxonasi konsuli Aziz Mahmudov.

Ko‘proq yangiliklar: