Andijon tumanida ehtiyojmand oilalarni “temir daftar”dan chiqarib daromadga yo‘naltirish yarmarkasi o‘tkazildi

Jamiyat 16:34 / 15.06.2020 1933

Andijon tuman hokimligi ehtiyojmand oilalar sharoitini yaxshilash, ularni daromadga yo‘naltirish, bandligini ta'minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yarmarka tashkil etdi.

Tadbirda tumandagi banklar aholiga o‘zlarining imtiyozli kreditlari, mini-klasterlar echkichilik, parrandachilik va quyonchilik yo‘nalishida takliflari bilan ishtirok etdilar.

Banklar tomonidan ehtiyojmand oilalarga qishloq xo‘jaligi texnikalari imtiyozli kredit asosida shu yerning o‘zida rasmiylashtirildi. 

Yarmarkada, echkichilik, quyonchilik va parrandachilik klasterlarini kambag‘al oilalarga taklif etayotgan loyihasi haqiqatda daromad manbaiga aylanishi mumkin.  Tumanda echkichilik yo‘nalishida ish olib borayotgan klasterlar kambag‘al oilalarga hamkorlikda boqish uchun echkilar tarqatadi.

Bunda, klaster tomonidan bank krediti hisobiga olingan echkilar ehtiyojmand oilalarga 2 boshdan beriladi.  Klaster echkilardan olingan sut mahsulotini xonadon egalaridan yig‘ib olib, ularga ma'lum miqdorda haq to‘laydi. Foyda hisobidan bankdan olgan kreditni klaster o‘zi qoplaydi.  Klasterning asosiy maqsadi – echkichilik tajribasini ehtiyojmand oilalarga o‘rgatish va biznesiga sherik qilish.    

Quyonchilik va parrandachilik klasterlari ham xuddi shunday loyihalar asosida oilalarga o‘z takliflarini berishdi.

Tadbirda tuman bandlik bo‘limi tavsiyasiga asosan o‘ndan ziyod ehtiyojmand oilalarga bir sotixdan issiqxonalar qurib berish rejalashtirildi. Issiqxona qurish ishlari “Markaz bizness tomorqa xizmati” MChJ tomonidan amalga oshiriladi. 1 sotix yer maydonini egallaydigan har bir issiqxona qiymati 4,5 mln so‘mga teng. Bu pul mablag‘lari bandlik bo‘limining maxsus jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.

Bundan tashqari, yarmarkada ehtiyojmand oilalarga viloyat bank filiallari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturi asosida imtiyozli bank kreditlari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Yarmarkada tumanning 200dan ziyod oila vakillari ishtirok etdilar.

                                                                                                                     Sarvarbek Nazarov

Ko‘proq yangiliklar: