Qo‘g‘olidagi maktab stadionida qurilish boshlandi. Stadion vazirlik ruxsatisiz olib qo‘yilgan

Jamiyat 18:55 / 14.06.2020 20745

Maktab stadioni boshqa maqsadda foydalanish uchun berib yuborilayotgani haqidagi murojaatni o‘rganish uchun Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanining Qo‘g‘oli qishlog‘iga bordik.

Tahririyatga yuborilgan arznomada qishloq aholisi hududdagi 23-umumta'lim maktabining stadioni hududida bog‘cha qurilishi boshlanganidan norozi ekanini bildirishgan.

Qo‘g‘olida bizni yuz nafarga yaqin yoshlar kutib olishdi. Qishloqda sportga, ayniqsa futbolga qiziqish katta: 2013 yili mahalla hashar yo‘li bilan bunyod qilgan 23-maktab stadionining chimi yaxshi, kattaligi ham risoladagidek. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qo‘shni Bolg‘ali va Irg‘oli qishloqlari yoshlari ham futbol o‘ynagani kelishar ekan.

23-maktabning sport zali yo‘q. Jismoniy tarbiya darslari ham mana shu stadionda o‘tiladi. Yil bo‘yi muntazam ravishda turli musobaqalar tashkil etiladi. Biroq ayni paytda stadion hududiga maktabgacha ta'lim muassasasi qurilishi boshlanibdi. Sevimli o‘yingohidan ayrilib qolayotgan yoshlar esa tashvishga tushgan.

«Stadion o‘z o‘rnida qolishi kerak»

Biz suhbatlashgan mahalla fuqarolari bir fikrda yakdil: ular bog‘chani boshqa joyga qurish kerakligini aytib, stadion o‘z o‘rnida qolishini istashmoqda.

«Men 23-maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlayman. Maktabimiz futbol maydoni o‘lchamlari bo‘yicha sport inshooti talablariga javob bera oladigan inshoot. Uchta qishloq yoshlari shu yerda futbol o‘ynaydi.

Ayni paytda bu joyda bog‘cha qurilishi boshlandi. Mana, qo‘limdagi kadastr hujjatlarini ko‘rishingiz mumkin. Maydon maktab balansida turadi. Bolalar uchun stadionni olib qolish zarur.

Maktabning sport zali yo‘q. Qish mavsumida sport darslarini xonada o‘tkazamiz. Quyoshli kunlarda esa mana shu sport maydonida.

O‘tgan yildan beri bog‘cha qurilishi g‘alvasi boshlangan. Ikki haftadan beri esa qurilish qizg‘in tarzda boshlanib ketdi. Boshida bog‘chaga 30 sotix yer ajratilishi aytilgandi. Endi bilsak, tuman hokimining qarori bo‘yicha 60 sotix ekan. Qaytarib aytaman, o‘quvchilar va mahalla yoshlari uchun stadion o‘z o‘rnida qolishi kerak», – deydi o‘qituvchi Ahrorbek Xaydarov.

«Bu joy maktabning mulki bo‘lgani uchun maktab ixtiyorida qolishi kerak. To‘g‘ri, qishloqqa bog‘cha ham kerak, lekin bog‘chaning eski o‘rni bor. O‘sha yerga qurish imkoniyati bormi, shu masalani ko‘rib chiqishlari kerak.

Bu bog‘chani kim quryapti, quruvchisi kim, buni bilmaymiz. Hozirgi paytda qurilish boshlab, stadionning yarmini egallagan.

«Qolgan yarmidan mini futbol maydoni sifatida foydalansa bo‘laveradi», deyishdi. Qishloq atrofida mini-futbol maydonlari bor, ulardan foydalanib kelishyapti. Lekin bu maydonda oldindan 3tadan ortiq qishloq yoshlari futbol o‘ynab kelishgan.

Maydon o‘rni saqlab qolinishi kerak. Hozirgi paytgacha Qorako‘l, Bolg‘ali, Irg‘oli va Qo‘g‘ali qishlog‘ining yoshlari turli musobaqalarni shu stadionda o‘tkazishgan», – deydi mahalla oqsoqoli Olimjon Ermatov.

Qo‘g‘ali qishlog‘ida aksariyat aholi mavsumiy ishda ishlaydi. Ya'ni erta bahordan ishga ketib, kuzda qaytishadi. Qish mavsumida esa hamma bekorchi. Vaqtini zoye ketkazmasdan sport bilan shug‘ullanadi.

«Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar va Harakatlar strategiyasida yoshlarga barcha sharoitlar yaratib berilishi ko‘rsatilgan. Lekin bizda 3ta qishloq yoshlari futbol o‘ynaydigan stadion yo‘q bo‘lib ketyapti.

Stadion o‘rniga bog‘cha qurish ishlari boshlandi. 2019 yil avgust oyidan beri qishlog‘imizning eng dolzarb muammosi shu. Qishlog‘imizda shu masala bo‘yicha 2-3 marta majlis bo‘ldi. Tuman hokimligiga yangi bog‘cha qurish uchun maktabning yonidagi bo‘sh yer yoki eski bog‘chaning o‘rni xaqida taklifini berdik. Biroq bu taklif inobatga olinmadi.

Stadionning o‘rniga bog‘cha qurilsa, bugungi yoshlar, kelajakda farzandlarimiz qayerda shug‘ullanadi, qayerda futbol o‘ynaydi?

Maktabimiz qurilayotgan paytdagi loyihada sport zali bor edi. Lekin qurilmay qolib ketdi. Qachon sport zali bo‘ladi? Nima uchun shu paytga qadar tuman hokimligi mutasaddilari buni o‘ylamagan?» – deydi qishloqning faol yoshlaridan biri Umidjon Habibullayev.

23-maktabda sport zali yo‘qligi sabab, yog‘inli kunlarda jismoniy tarbiya darslari sinf xonalarida shaxmat-shashka o‘ynash bilan o‘tadi. O‘quvchilarning eng katta orzularidan biri – ularning ham ta'lim dargohida sport zali bunyod etilishidir.

MFY raisi: «Stadion maktab balansida emas, mahallaga esa bog‘cha zarur»

Stadiondagi qurilish ishlari jadal boshlangan. U yerda biz izoh olishimiz mumkin bo‘lgan biror mutasaddi topilmadi. Shundan so‘ng qishloqdagi ta'mirtalab maktabgacha ta'lim tashkilotini borib ko‘rdik.

Binoni rekonstruksiya qilish uchun tayyorlashgan, lekin yer maydoni kichikligi uchun Dastur asosidagi bog‘chani stadionga qurish lozim topilgan. Eski bog‘cha binosini ko‘zdan kechirayotganimizda Qo‘g‘oli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdurahmon Abdullayev bilan uchrashdik.

«Ayni paytda mahallada 475 nafar tarbiyalanuvchi uchun bog‘chaga talab bor. Qayerga joylashim mumkin? Boshqa joy yo‘q. Eski bog‘cha maydoni 17 sotix. Kichiklik qiladi.

Sport maydoni maktab balansida emas. Balansda bo‘lganida, hokim qaror chiqarib bera olmagan bo‘lardi. Tuman kadastr bo‘limidan dalolatnoma olingan. 30 sotix yer ajratib berilishi bo‘yicha maktabdan ruxsatnoma ham olganmiz.

Kadastr bo‘limiga borganimizda, bu joy tuman hokimining zaxira yeri, deb ko‘rsatishdi. 2013 yilda dehqon xo‘jaligi tashkil qilinayotgan paytda hokim qarori prokuratura tomonidan bekor qilingan. O‘sha paytda hokimiyat zaxirasidagi yer hisoblangan», – deydi mahalla oqsoqoli.

Mahalla raisi Bog‘dod tuman hokimining maktabgacha ta'lim tashkiloti bino-inshootlarini qurish haqidagi qarorini ko‘rsatdi.

Bag‘dod tuman hokimi qarori qonuniymi?

Bog‘dod tuman hokimligiga borib, tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyorjon Xoldarov bilan uchrashdik.

Mutasaddi Qo‘g‘oli qishlog‘ida bog‘cha yoshidagi bolalar soni ko‘pligi, hududda maktabgacha tarbiya muassasasiga talab kattaligi uchun davlat dasturi asosida bog‘cha qurilayotganini bildirdi.

Bizga maktabgacha ta'lim tashkiloti qurilishi uchun tuman hokimligi tomonidan chiqarilgan hujjatlar yig‘indisi bilan tanishmoqchi ekanligimizni aytdik. Hokim o‘rinbosari tuman arxitektura va kadastr bo‘limi mas'ullarini chaqirdi.

«Maktabgacha ta'lim muassasasi qurish uchun tuman hokimligining ishchi guruhi xulosasiga ko‘ra, Qo‘g‘ali qishlog‘ida 619-konturda tuman zaxirasidagi bo‘sh turgan yerga Dastur asosida davlat maktabgacha ta'lim muassasasini qurish uchun 2019 yilda tuman hokimining qarori qabul qilingan.

Qaror qabul qilinishidan oldin, 2013 yilda bu yer tuman zaxirasiga qaytarilgan. Maktab hududida qolgan qismiga ham standart o‘lchamdagi stadion qursa bo‘ladi. Bog‘cha qurilishi uchun tuman kengashidan rozilik xati bor. Xalq ta'limi vazirligidan rozilik xati olinishi kerak. Hujjatlar yig‘indisida haqiqatan ham o‘sha hujjat yo‘q», – dedi Yermulkkadastr davlat korxonasi Bog‘dod tumani filiali boshlig‘ining o‘rinbosari Ma'rufjon Qodirov.

Tuman arxitektura va qurilish bo‘limi xodimi G‘ayratjon Toshmatov, Qo‘g‘oli qishlog‘idagi eski bog‘cha maydoni 17 sotixdan iborat bo‘lgani sababli, davlat dasturi bo‘yicha qurilayotgan 120 o‘rinli bog‘cha qurilishiga kamlik qilganini aytdi. Shu sababli maktabgacha ta'lim muassasasini qurish uchun maktab stadionidagi joy tanlangan.

Kadastr va arxitektura xodimlari bizga tuman hokimining «Maktabgacha ta'lim tashkiloti bino inshootlari qurilishi uchun yer maydoni tanlab ajratib berish to‘g‘risida»gi tuman hokimining 2019 yil 2 sentyabrdagi 5008-sonli qarorini va tuman hokimligi huzuridagi doimiy komissiya qarorlarini taqdim qilishdi.

Ular orasida 23-maktab stadionidagi yer maydonini zaxiraga olish haqidagi hokim qarori va asosiy hujjatlardan biri – Xalq ta'limi vazirligi rozilik xati mavjud emas edi.

Prezidentning 2018 yil 5 sentyabrdagi «Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining 10-bandiga ko‘ra, umumta'lim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini Xalq ta'limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlanadi.

Hujjatlar yig‘indisi bilan tanishish asnosida masala mutasaddilar tomonidan albatta chuqur tahlil qilib, o‘rganib chiqilmaganini angladik. Chunki bizga taqdim qilingan 2014 yilgi kadastr hujjatlarida stadionga ajratilgan yer maydoni  23-maktab balansida ekanini ko‘rsatib turardi.

Tuman hokimligiga qaysidir hujjat kamligini pesh qilib, ularning xatosini elga ko‘rsatish muddaosidan yiroqmiz. Lekin qonun yuzasidan ham maktab balansidagi yer maydonini Xalq ta'limi vazirligi bilan kelishmasdan tuman hokimligi balansiga olish mumkin emas.

Xulosa o‘rnida...

Bag‘dod tuman hokimi, uning o‘rinbosari, mahalla oqsoqoli haq: Qo‘g‘oli qishlog‘iga maktabgacha ta'lim muassasasi kerak. Biroq qishloq yoshlari sport bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom bo‘lishlari uchun stadion ham kerak.

Mustaqillikning ilk yillarida har bir qishloqda bittadan stadion tashkil etish tashabbusi qabul qilingan edi. Biroq bu yangilik bo‘yicha ish olib borilmadi. Qishloq yoshlarining shaharlik tengqurlaridan qayeri kam? Ular orasida ham iqtidorlar kelajakda jahon arenalarini zabt etib, chempionlar chiqishi kerak-ku, axir? Mutasaddilar izlansa, hududning boshqa joyidan bog‘cha uchun yer maydoni topishlari mumkin edi.

Shu paytgacha Qo‘g‘oli yoshlari o‘z maktabida ham sport zali bo‘lishini orzu qilib yashashdi. Endi ularni futbol maydonidan ham ayirishmoqchi.

Xalq ta'limi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari bu masalaga bee'tibor bo‘lmaydi, deb umid qilamiz.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
.

Ko‘proq yangiliklar: