Amalga oshmay qolgan rejalar
Dunyoning ikki eng katta iqtisodiyotga ega davlati – AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushlari tobora halokatli tus olib, yechimi mushkul muammoga aylanmoqda. O‘tgan yilning dekabr oyida ikki davlat o‘rtasida imzolangan birinchi bosqich savdo bitimi umidlarning uchqunlashiga sabab bo‘lgandi. Biroq...
Bitimga ko‘ra, Xitoy ba'zi tovarlarni AQShdan import qilishni ko‘paytirishi, AQSh esa Xitoyning ayrim mahsulotlariga tariflarni pasaytirish bo‘yicha bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi lozim edi. Ushbu kelishuv shartlari amalga oshsa, ikkinchi bosqichga o‘tilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo nizolarini asta-sekin hal qilish ko‘zda tutilgandi. Ammo atigi bir necha oy ichida hatto birinchi bosqichni amalga oshirishning o‘zi qiyin, hatto deyarli imkonsiz ekani ko‘rinib qoldi.
Birinchi bosqich kelishuviga ko‘ra, Xitoy ikki yil ichida AQShdan import qilishni 200 milliard dollarga oshirish majburiyatini olgandi. Ushbu xaridlarning 50 milliard dollarini neft va tabiiy gaz, 32 milliard dollarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, 80 milliard dollarga yaqinini esa mashina va jihozlar tashkil qilishi kerak edi. Biroq tomonlarning bu niyatlarini Covid-19 pandemiyasi chippakka chiqardi. Virus dastavval Xitoy, keyin esa butun dunyo iqtisodiyotini falaj holga solib qo‘ydi. Talab va taklif muvozanati buzildi. Bu esa o‘z navbatida AQShning ishlab chiqarishini, Xitoyning esa xarid quvvatini keskin cheklab qo‘ydi.
Ustiga ustak, iqtisodiy nuqtayi nazardan 1-bosqich shartlarini bajarish qiyinlashib borayotgan bir paytda ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy bo‘lmagan masalalarda ham muammolar kelib chiqa boshladi. Munosabatlardagi keskinlik oshib ketdi. AQSh ma'muriyati Xitoyni Covid-19 epidemiyasining dunyoga tarqalishida aybladi. Xitoy esa Vashingtonning ushbu ayblovlariga butun dunyo bo‘ylab diplomatik hujumlar bilan javob berdi.
Shuningdek, Xitoy ma'muriyati tomonidan qabul qilingan Hongkongga qarshi yangi milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun hongkongliklarning asosiy huquqlari va erkinliklariga tahdid solishi sababli AQSh tomonidan keskin tanqidlarga uchradi. Hatto mazkur voqea ortidan Xitoyga qarshi sanksiyalar joriy etish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.
Turgan gapki, mana shunday keskin sharoitda birinchi bosqichni amalga oshirish imkonsiz bo‘lib qoldi. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi esa tom ma'noda strategik kurashga aylandi. Tabiiyki, ushbu kurashning ulkan iqtisodiy badallari bor, bu badalni esa nafaqat ikki mamlakat, balki butun jahon iqtisodiyoti to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Milliardlab dollarlar yo‘qotilmoqda
Xalqaro valuta jamg‘armasi (IMF) tomonidan 2019 yil oktabr oyida e'lon qilingan hisobotda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushlari jahon iqtisodiyotiga qariyb 700 milliard dollar zarar yetkazishi ma'lum qilindi.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tariflarning oshishi natijasida xarajatlar ham ortib ketdi va bu hol har ikki tomonga ham jiddiy tarzda salbiy ta'sir o‘tkazdi, ta'sir o‘tkazishda davom etmoqda.
AQSh bojxona tariflarining ko‘tarilishiga qarshi chiqayotgan fuqarolik jamiyati tashabbusi bilan e'lon qilingan raqamlarga ko‘ra, 2018 yil fevral oyidan beri Xitoyga qarshi ko‘tarilgan soliqlar tufayli Amerika kompaniyalarining kassalaridan jami 57 milliard dollar chiqib ketgan.
Ayni damda Xitoydan oraliq mahsulot olib keladigan va Xitoyning yetkazib berish zanjirlari orqali ishlaydigan AQSh kompaniyalari qiyin vaziyatga tushib qoldi. Xuddi shu kabi xitoylik ishlab chiqaruvchilar AQSh bozoridan chiqarib yuborilgach, boshqa muqobil savdo nuqtalarini izlashga majbur bo‘ldi. BMTning Savdo va rivojlanish konferensiyasi (UNCTAD) ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy kompaniyalari AQSh bozorida 2019 yilning birinchi yarmida 35 milliard dollar yo‘qotgan.
Qaysi davlatlar vaziyatdan foydalanib qolmoqda?
Shubhasiz, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi mana shunday savdo to‘siqlari kuchayishi tufayli o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan va qisqa muddat ichida ulkan foyda ko‘rgan, o‘z eksport hajmini oshirib olgan davlatlar ham bor.
Masalan, UNCTAD ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu jarayonda Meksika 3,5 milliard, Vetnam esa 2,6 milliard dollar daromadga ega bo‘lgan. Garchi qisqa vaqt davomida ushbu vaziyatdan foydalanib qolayotgan davlatlar mavjud bo‘lsa-da, ikki gigant iqtisodiyot o‘rtasidagi mojarolar global iqtisodiyotni pirovardida hech bir davlat naf ko‘rmaydigan halokat jari tomon sudramoqda.
Qarama-qarshilik nimadan iborat?
Aslini olganda, o‘rtada ulkan ziddiyat bor. Bugungi global iqtisodiyot mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlik asosida shakllanadi. AQSh va Xitoy garchi bir-biriga qarshi kurashayotgan bo‘lsa-da, mazkur ikki davlat o‘zaro chambarchas bog‘liq. Masalan, 2019 yilda tariflar oshishi natijasida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdoda avvalgi yilga nisbatan pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, taxminan 580 milliard dollarlik tovar savdosi amalga oshirilgan.
Ta'kidlash joizki, ushbu savdo oluvchiga ham, sotuvchiga ham foyda keltirgani uchun tabiiy ravishda amalga oshirilmoqda. Zotan, AQShning eng yirik elektronika ishlab chiqaruvchisi Xitoydan ehtiyot qismlarini sotib oladi. O‘z navbatida Xitoyning eng yirik elektronika ishlab chiqaruvchisi ham AQShdan ba'zi oraliq mahsulotlarni xarid qiladi. Ayni paytda har ikkisining ham muqobili ko‘p emas. AQSh uchun Xitoy, Xitoy uchun esa AQSh ulkan bozordir.
Qolaversa, Xitoy allaqachon AQShning davlat obligatsiyalariga taxminan 1,1 trln. dollar miqdorida investitsiya kiritgan. AQSh ushbu manba yordamida o‘z kemtiklarini to‘ldirmoqda, Xitoy esa muqobili osonlikcha topilmaydigan ulkan va ishonchli investitsiya vositasiga ega bo‘lmoqda.
Yuqorida keltirilgan bog‘liqliklar nafaqat ikki mamlakatga, balki butun dunyo ham taalluqlidir. Biroq qarama-qarshilik shundan iboratki, mamlakatlar iqtisodiy jihatdan bir-biriga bog‘liq bo‘lgan dunyoda savdo proteksionizmi kuchayib bormoqda. Davlatlar esa chet el investitsiyalariga o‘z eshiklarini yopib qo‘yishmoqda.
Turli cheklovlar o‘rnatilmoqda
Ushbu qarama-qarshilikning eng aniq ifodasi AQSh va Xitoy o‘rtasidagi kurashning asosiy jabhasiga aylangan texnologiya sohasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Texnologik rivojlanish mamlakatlar orasida ilmiy hamkorlik va o‘zaro tajriba almashishni talab qiladi. So‘nggi paytlarda sodir bo‘lgan voqealarda esa buning aksini ko‘rish mumkin. Ya'ni texnologiya almashinuvi «milliy xavfsizlikka tahdid» solishi mumkinligi sababli mamlakatlar bir-birlariga nisbatan turli cheklovlar o‘rnatishyapti.
Chunonchi, AQSh ma'muriyati Xitoy telekommunikatsiya kompaniyalariga mikrochip kabi oraliq mahsulotlar amerikalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishini taqiqlab qo‘ydi. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, agar uchinchi mamlakatda ishlab chiqarilgan chiplarda AQSh materiallaridan foydalanilgan bo‘lsa, u holda bu mahsulotlar Xitoy kompaniyalariga sotilmaydi.
Xo‘sh, bu vaziyatda kim yo‘qotadi?
Xitoy firmalari mikrochipni yo boshqa yerdan olishga qodir emas yoki qodir bo‘lgan taqdirda ham ulkan xarajatlarga duch kelmoqda. AQSh ishlab chiqaruvchilari esa eng katta xaridorini yo‘qotmoqda, daromad sezilarli darajada kamaymoqda. Bu holat har ikki tomonning ham investitsiyalariga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Xarajatlar sun'iy ravishda oshirilishi natijasida ilmiy-tadqiqot ishlariga ajratilgan resurslar kamaymoqda, texnologik rivojlanish sekinlashmoqda. Bu esa nafaqat AQSh va Xitoyga, balki butun dunyoga ta'sir qilmoqda.
Raqamli Berlin devori sari
Ushbu jarayonda texnologiya geosiyosiy nuqtayi nazardan qutblashish sahnasiga aylandi. AQSh 5G, sun'iy intellekt va narsalar interneti kabi sohalarda ittifoqchilarining Xitoy bilan ishlashiga to‘sqinlik qilishga urinmoqda.
Xitoy esa raqobatchilaridan ancha ilgari va yanada qulay imkoniyatlarga ega bo‘lgan yuqori texnologiyalarni taklif qilish orqali o‘z sheriklari sonini yanada ko‘paytirishni maqsad qilmoqda.
Endilikda bir qancha davlatlar texnologiya sohasida AQSh yoki Xitoydan birini tanlashlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa dunyoni texnologik hamkorlik va rivojlanishga emas, texnologik lagerlashuv va bir-biridan mustaqil holda yaratilgan farqli standartlar hokim bo‘lgan parokanda ekotizimga, Xalqaro valuta jamg‘armasi direktori Kristalina Georgiyeva ta'biri bilan aytganda, «raqamli Berlin devori»ga olib boradi.
Tizimli islohotlar va global hamkorlik muhim
Sovuq urush – turli mafkuralar va dunyoqarashlarni ifodalovchi ikki buyuk davlat o‘rtasidagi bema'ni kurash edi. Oxir-oqibat, AQSh va uning timsoli bo‘lgan liberal demokratiya, bozor kapitalizmi g‘alaba qozondi. Sovet ittifoqining kommunistik tartibi va buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyoti esa mag‘lubiyatga uchradi.
So‘nggi o‘n yilliklarda dunyo yangi davrga – globallashuvga qadam qo‘ydi. Ammo globallashuv g‘oliblardan ko‘ra mag‘lublar sonini ko‘paytirib yubordi. O‘zi shundoq ham mavjud bo‘lgan tengsizlik yanada o‘sishiga olib keldi.
Bugun tobora avj pallaga kirib borayotgan AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo kurashi esa butun dunyoga o‘z ta'sirini o‘tkazishi shubhasiz. Jarayon yo‘nalishini ijobiy tarafga o‘zgartirish esa birgina mamlakatga bog‘liq ish emas. Bu o‘rinda tizimli islohotlarni amalga oshirish va global hamkorlikni yanada kuchaytirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega.