Prezident matematika ta'limi sifati pasaygani ko‘p sohalarda sezilganini ta'kidladi - akademik Shavkat Ayupov

Jamiyat 00:00 / 13.06.2020 10871
Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov

Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda prezident tashrifi yakunlari, yangi bino qurilishi tarixi, matematika instituti oldiga qo‘yilgan vazifalar va fan doirasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Matematiklar faoliyati universitetlar bilan bevosita bog‘langan

– Oldin Matematika instituti Akademiklar shaharchasidagi Sharqshunoslik institutining eski binosida joylashgan edi. Matematika instituti faoliyati universitetlar bilan bevosita bog‘liq: o‘qituvchilar talabalarga dars berishadi, ilmiy ishlariga rahbarlik qilishadi. Shuning uchun o‘tgan yili avgust oyida biz institut Talabalar shaharchasida bo‘lishi taklifini davlat rahbariga bildirgan edik. Prezident bu taklifni ma'qullash bilan birga yangi bino qurish va barcha sharoitlarni yaratish topshirig‘ini berdilar.

Qisqa muddat ichida ishlar boshlanib, dekabr oyida bu yerdagi yangi bino qurib bitkazildi. Bino loyihasi va qurilish ishlari bilan tanishgan prezident uni o‘zi ochib berishini ta'kidlagan edi. Davlat rahbari tashrifini kutayotgan edik, mana yangi binomiz ochib berildi.

Yangi binoda 7ta ilmiy laboratoriya va «Yosh matematiklar» markazi faoliyat yuritadi. Binoning turli qavatlarida axborot-resurs markazi va seminar xonalari, akademik va tadqiqotchilar uchun kabinetlar, kutubxona, majlislar zali, oshxona joylashgan. Xonalar eng ilg‘or texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

«Hududlardagi ta'limga ham e'tibor qaratish shart»

– 7 may kuni matematika fani rivojiga oid «Matematika sohasidagi ta'lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 5ta hududda: Nukus, Urganch, Samarqand, Buxoro va Namangan shaharlarida Matematika instituti filiallari ochilishi lozim. Buning bilan hududlarda ham matematika fani va ta'limini yaxshilash uchun faoliyat yurituvchi bo‘linmalar mavjud bo‘ladi.

7 maydagi qaror bilan Al-Xorazmiy nomidagi, mukofot jamg‘armasi 50 ming AQSh dollari bo‘lgan xalqaro Prezident mukofoti ham ta'sis etildi. Uning tashkiliy jarayonlari Matematika institutiga topshirilgan.

Maktabdan boshlab kuchaytiriladigan ta'lim va amaliyot

– Aslida, matematikani yaxshi o‘zlashtirish uchun bolani maktab bosqichidan yaxshi o‘qitish kerak. Men ham maktab muallimi qiziqtirgani uchun fanni o‘rganishga ishtiyoqim ortgan. Tarix yoki adabiyotni o‘quvchi mustaqil o‘zlashtirishi mumkin, biroq matematikaga qiziqtirishda pedagoglarning o‘rni katta.

Matematika institutidagi tadqiqotlar amaliyotga, masalan, iqtisodiy sohaga deyarli joriy etilmayapti. Chunki iqtisodchilarda matematiklarga talab bo‘lmagan.

Yana bir muammo: matematiklar iqtisod muammosini, iqtisodchilar matematika muammosidan bexabar. Biroq matematika ilk davrlaridanoq hayotiy fan sifatida vujudga kelgan. Har bir fanning matematik modellari ishlab chiqilishi lozim.

Matematik ta'lim sifatini yaxshilash asosiy vazifa bo‘lmoqda

– Institutning bundan keyingi asosiy vazifasi matematik ta'lim salohiyatini ko‘tarishdan iborat bo‘lmoqda. Hozir 90 yillarga solishtirganda ham matematika ta'limi sezilarli darajada pasaygan va bu jarayon davlat rahbari nazaridan chetda qolmagan ekan.

Prezident ta'lim sohasi mutasaddilari, rektor va matematik olimlar bilan muloqotda oxirgi yillarda matematikadan bilim darajasi pasayib ketgani, o‘qituvchilarga kerakli e'tibor, munosib oylik berilmagani, buning oqibati ko‘pdan-ko‘p sohalarda sezilayotgani ta'kidladi.

Davlatimiz rahbari matematika fanini o‘qitishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuning uchun oldinda turgan eng katta masala: maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi tizimidan boshlab, fanni o‘qitish sifatini yaxshilashdan iborat bo‘lmoqda. Bu esa birdaniga bo‘lmaydi, bosqichma-bosqich kadrlar tayyorlash bilan amalga oshadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

  • 1943 yilda tashkil etilgan Matematika institutida 72 nafar ilmiy xodim, jumladan, 5 nafar akademik faoliyat yuritmoqda. Oxirgi ikki yilda 11 nafar fan doktori va 14 nafar fan nomzodi tayyorlangan. 422ta ilmiy maqola (245tasi chet elda), 9ta monografiya (5tasi chet elda) chop etilgan.

  • «Bu zamonaviy institut barcha olimlar uchun ma'rifat markazi bo‘lishi kerak. Matematika ko‘p fanlarga yo‘l ochadi. Uni Talabalar shaharchasida barpo etganimiz bejiz emas. Bu institut ta'lim va ilm-fan o‘rtasida uzviylikni ta'minlashi, mamlakatimiz rivojiga zamin yaratishi kerak», - dedi Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida. 

  • Davlat rahbari tashrifi davomida oxirgi besh-o‘n yilda matematika yo‘nalishi bo‘yicha universitetlarni bitirgan yoshlarni topib, xohishiga qarab qayta tayyorlab, maktablarga, fan nomzodlarini esa oliy ta'lim muassasalariga ishga jalb etish muhimligi ta'kidladi. Matematika kafedra mudirlarini saylash tartibini joriy qilish, kafedra mudirlari kengashi tuzib, doimiy tajriba almashinuvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ko‘proq yangiliklar: